Breaking News

Axborot urushi keng qanot yozmoqda


AQSh Global media agengligi rahbari Amanda Bennett Kongressda so'zlar ekan, Rossiya va Xitoyni media erkinlikni keskin bo'g'ayotganlikda aybladi
AQSh Global media agengligi rahbari Amanda Bennett Kongressda so'zlar ekan, Rossiya va Xitoyni media erkinlikni keskin bo'g'ayotganlikda aybladi

AQSh Global media agengligi rahbari Amanda Bennett 3-may kuni Kongressga so'zlar ekan, avtoritar tuzumlar axborot oqimini keskin to'sayotgani va jurnalistlar uchun muhit tobora og'ir ekanini ta'kidladi.

"Cheklovlar infeksiya kabi keng tarqalgan", - deydi Bennett Senat a'zolariga murojaat qilar ekan.

"Avtoritar tuzumlar egri ta'sir, dezinformatsiya, propaganda va axborot manipulyatsiyasi orqali axbolini aldamoqda va fakt izlagan har qanday shaxsni jazolash payida. Xitoy, Rossiya va Eron, xususan, bu borada yetakchi", - deydi u.

AQSh Global media agengligi auditoriyasi haftasiga o'rtacha 394 million odamni tashkil etadi. Agentlikka ikki federal tashkilot — "Amerika Ovozi" va Kuba teleradiosi kiradi, shuningdek, "Ozodlik", "Ozod Osiyo", Yaqin Sharq teleradiosi va Ochiq texnologiya fondi ham uning tarkibida.

Bennett deydiki, agentlik hozirda dunyo bo'ylab 4000 dan ziyod hamkorga ega.

"Ozodlik" va "Amerika Ovozi" dasturlari Rossiya Ukrainaga kirganidan beri rus va ukrain tillarida 8 milliard marotaba tomosha qilingan.

Eronda har to'rt kishidan biri blokni chetlab o'tuvchi programma ishlatib, erkin axborot oladi.

"Sovuq urushdan beri eng keskin holatdamiz, ya'ni Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda kuzatilgan eng repressiv davr", - deydi Bennett.

"AQSh Global media agengligi zamon talablariga javob bera olishi kerak. Yakkahokimlikka asoslangan hukumatlar axborot urushiga sarmoyani oshirmoqda".

2024-yil uchun agentlik Kongressdan 944 million dollar so'ramoqda. Bu yilgi byudjetdan 59 million dollar ko'proq.

Qonunchilar mablag' qanday ishlatilayotganini savol tutmoqda.

Demokrat senator Ben Kardin:

"Biz ochiq tizimmiz. Tashkilotingiz - mustaqil agentlik va mustaqil jurnalistika bilan shug'ullanadi. Biz ham shuni xohlaymiz. Biroq resurslarimiz va e'tiborimizni juda nozik muhitlar uchun ajratmoqdamiz".

Yaqinda Vakillar palatasida Tashqi aloqalar qo'mitasi Maykl Makkol "Amerika Ovozi" jurnalistlarni qanday yollashi yuzasidan nolib, Bennettga maktub yo'llagan edi.

"Agentlik va "Amerika Ovozi" betaraflik va mas'uliyat bilan yondashgan holda ishlashi kerak",- deya yozgan edi Makkol.

Ekspertlarga ko'ra, axborot urushida ustun kelish uchun har bir platformadan foydalanish shart emas.

"Haqiqatni ochish va diktaturalarning yolg'onlarini fosh etish - asosiy vazifalar", - deydi Brukinds institutidan Jessika Brandt.

"Butun dunyoni shunday yoritish kerak, ya'ni demokratik tamoyillardan kelib chiqib. Shundagina Rossiya va Xitoy singari hukumatlarning qora ishlari yanayam oshkor bo'ladi".

Brandt fikricha, AQSh Global media agengligiga kiruvchi tashkilotlarni global omma jiddiy kuzatadi.

"Shu bois ham "Amerika Ovozi" AQShni yoritishda yanayam serqirra yondashishi zarur, ya'ni barcha murakkab jihatlarini olib chiqishi kerak", - deydi mutaxassis.

"Davlatimizning zaif tomonlarini yoritish bizni aslida kuchli qilib ko'rsatadi, chunki biz o'z tajribamizni demokratiyaga aylanishga qiynalayotgan mamlakatlar bilan bo'lishamiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG