Breaking News

Qirg’izistonlik jurnalist: Matbuot oldingidek erkin emas


Qirg'iziston uzoq yillar "qisman erkin" deb hisoblanar edi. Markaziy Osiyodagi eng erkin jamiyat deb qaralar edi. Endilikda bunday emas.
Qirg'iziston uzoq yillar "qisman erkin" deb hisoblanar edi. Markaziy Osiyodagi eng erkin jamiyat deb qaralar edi. Endilikda bunday emas.

Markaziy Osiyoning biror davlatida demokratiya tomon dadil qadam tashlanmagan, hech bir jamiyat erkin emas. “Ozodlik uyi” (Freedom House) tashkiloti eʼlon qilgan yillik hisobotda shundan darak beradi.

2009-yildan boshlab Markaziy Osiyodagi yagona “qisman erkin davlat” degan maqomga ega bo'lgan Qirgʻiziston 2021-yili “erkin boʻlmagan” davlatlar qatoriga qoʻshilgan.

9-martda eʼlon qilingan hisobotga koʻra, Qirgʻizistonda siyosiy huquqlar cheklanib, ommaviy axborot vositalariga nisbatan bosimlar kuchaygan.

“Azattiq” mediasiga boʻlayotgan bosimlar, jurnalist Bolot Temirovning deportatsiyalangani va boshqa voqealar buning isboti, deydi xalqaro tashkilot.

Bir necha bor jurnalistik faoliyati uchun tergovga chaqirilgan mustaqil jurnalist Idris Isaqovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qirgʻizistonda chindan ham matbuot avvalgidek erkin emas.

“Soʻz erkinligi bor, demokratiyasi bor davlatda jurnalistlarga qarshi kurashish instrumentlari boshqacha boʻlishi kerak. Yaʼni jurnalist bilan faqatgina argumentlar bilan kurashish kerak. Jurnalist notoʻgʻri aytdimi, toʻgʻrisini aytib qoʻy. Shu bilan uyaltirib qoʻy. Uning chiqargan maʼlumoti yolgʻon ekani bilinib qoladi. Shu bilan xalqning oʻzi xulosa chiqarib oladi. Ammo bizda bunday qilmaydi. Bizda jurnalist adashsa yoki xato qilmasa ham uni sudga beryapmiz. Kecha, masalan ElTRning bir maʼlumoti yolgʻon ekanini aytgani uchun “PolitKlinika” nashrini ElTR bir necha millionga sudga berdi. Bu demokratiya emas. Bu matbuot erkinligiga nisbatan bosim. Chunki ElTR davlat telekanali”, deydi Isaqov.

Ammo Qirgʻiziston hukumati, xususan Prezident Sadir Japarov mamlakatda mustaqil ommaviy axborot vositalarining faoliyati uchun barcha imkoniyatlar mavjud deb hisoblaydi.

Bu haqda u fevral oyida “Ozodlik” radiosining rahbari Jeymi Flay bilan Bishkekdagi uchrashuvida aytgan.

“Kloop” medianing jurnalisti esa hukumat manipulyatsiya qilishga urinmoqda, aslida haqiqiy manzara prezident aytganidek emas, deydi “Amerika Ovozi”ga.

“Agar bizda rostdan ham barcha sharoitlar boʻlsa, bari joyida boʻlganda bizning faollar allaqachon [qamoqdan] chiqqan boʻlardi. Bizning bloger, jurnalistlarni qayta-qayta tergovga chaqirmas edi. Qoʻrqitib, saytlarni yoptirishga urinishlar boʻlmagan boʻlardi”, — deydi jurnalist Ayday Tokoyeva.

Parlament deputati Janar Aqayev ham jurnalist va faollarning soʻroqqa chaqirilishi oddiy hol boʻlib borayotganini va bu jurnalistlarda qoʻrquv paydo qilib, ichki cheklovlar paydo boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan.

“Jurnalistlarni, blogerlarni soʻroqqa chaqiribdi, militsiyaga tergovga kirib chiqibdi degani, avval katta rezonans, boʻlar edi. Hozir oddiy hol kabi qabul qila boshladik. “Ha, bugun buni chaqiribdi, kecha bunisi tergovga kirib chiqqan edi”, deb”, - deydi Aqayev.

Xalqaro tashkilotlar, AQSh va Gʻarbdagi boshqa davlatlar Bishkekni soʻz erkinligini ta'minlashga chaqirib keladi.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG