Breaking News

Qirg’iziston Madaniyat vazirligi "Azattiq"ni yopish payida


Qirgʻiziston Madaniyat vazirligi “Ozodlik” radiosining qirig’iz xizmati – “Azattiq Media” sining faoliyatini toʻxtatish talabi bilan sudga murojaat yoʻlladi. Bu haqdagi maʼlumotni 23-yanvarda «Azattiq» nashri oʻzining saytida eʼlon qildi. “24.kg” saytining maʼlum qilishicha, Madaniyat vazirligining murojaati asosida sud jarayoni Lenin tuman sudida 8-fevral kuni boʻlib oʻtadi.

Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) Qirgʻiziston hukumatiga murojaat yoʻllab, "Azattiq"ni yopish boʻyicha berilgan daʼvo arizasini qaytarib olishga chaqirdi.

CPJ dasturining Yevropa va Markaziy Osiyodagi muvofiqlashtiruvchisi Gulnoza Said “Qirgʻizistondagi obroʻli nashrlardan birini yopish mamlakatdagi soʻz erkinligi tarixida qora dogʻ boʻlib qolishini” taʼkidlagan.

Qirg'iziston: so'z erkinligi himoyasi uchun namoyish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

"Qirgʻiziston hukumati "Azattiq" radiosini yopish boʻyicha bergan arizasini qaytarib olib, nashrning saytiga qoʻyilgan toʻsiqni bekor qilib, bank hisobini ochib va OAVga boʻlgan barcha bosimlarni toʻxtatishi kerak", deyiladi qoʻmitaning bayonotida. Ayni talab bilan Qirgʻizistonning media jamoatchiligi Madaniyat vazirligiga murojaat yoʻlladi. Murojaatnomaga “Media Polis Instituti” kabi bir qator tashkilotlar hamda mustaqil axborot vositalari va jurnalistlar imzo chekkan.

Avvalroq, Amerika senatorlari Bob Menendes va Jim Rish ham “Azattiq”ning bloklanishiga nisbatan oʻz xavotirlarini bildirib, Prezident Sadir Japarovni mustaqil OAVga bosim oʻtkazishni toʻxtatishga chaqirgan. AQSh Senatining Xalqaro aloqalar qoʻmitasi saytida eʼlon qilingan bayonotda “Azattiq”qa toʻsiq qoʻyilishida soʻz erkinligi boʻyicha xalqaro meʼyorlargina emas, mamlakatning Konstitutsiyasi ham buzilayotgani taʼkidlangan.

Shuningdek, senatorlar prezidentning inson huquqlarini va qonun ustuvorligini himoya qilish boʻyicha majburiyatini yodga solib, Japarovni “Qirgʻiziston jurnalistlari bexavotir, erkin ishlashi uchun mustaqil OAVga imkoniyat yaratib berishga” chaqirishgan.

Senatorlarga javoban Qirgʻiziston prezidentining matbuot kotibi Erbol Sultanbayev “Qirgʻiziston — mustaqil medialarning toʻlaqonli faoliyati uchun barcha sharoitlar mavjud boʻlgan erkin, demokratik mamlakat” ekanini ta’kidlagan.

Matbuot kotibi oʻz javobida, barcha uchun yagona talab — amaldagi qonunlarni saqlash ekanini qoʻshimcha qilgan.

Ammo qirgʻizistonlik media ekspertlar "Azattiq" saytining bloklanishi — “hukumatning Qirgʻizistonda avtokratiya rejimini kuchaytirish uchun ataylab qoʻyilgan qadami” ekanini aytmoqda.

“Azattiq” sayti nega bloklangan edi?

2022-yilning oktabr oyida “Azattiq” radiosining sayti ikki oyga bloklangan. Madaniyat vazirligining maʼlumotiga koʻra, bunga mazkur mediada 14-17-sentabrda qirgʻiz-tojik chegarasidagi qurolli janjal haqida “milliy manfaatlarga zid keluvchi noaniq materialni eʼlon qilgani” sabab boʻlgan.

Oʻtgan yilning 26-dekabrida esa “Azattiq Media” uchun cheklov muddati uzaytirilgani maʼlum boʻlgan. Vazirlik bu chora bloklashga sabab boʻlgan material saytdan oʻchirib tashlanmagunicha amalda boʻlishini bildirgan.

Shu bilan birga, “Azattiq Media”ning “Demirbank”dagi hisob raqami muzlatib qoʻyilgan. Undan oldin esa “Birinchi radio” texnik sabablar bahonasi bilan “Azattiq” eshittirishlarini efirga uzatishni toʻxtatgan. NTS telekanali ham “Azattiq” materiallarini efirga uzatishni toʻxtatib qoʻygan.

“Ozod Yevropa/Ozodlik” media korporatsiyasi prezidenti Jeymi Flay vazirlik aytayotgan materialni oʻrganib chiqib, unda jurnalistika standartlari buzilmagan degan xulosaga kelganini bildirgan.

Shuningdek, Flay “mustaqil mediaga bosim oʻtkazish Qirgʻiziston demokratiyasiga soya soladi” deb taʼkidlagan.

Shu bilan birga, Flay “Azattiq” Qirgʻizistondagi faoliyatini davom ettirishi uchun mumkin boʻlgan barcha qonuniy yoʻllardan foydalanilishini ma’lum qilgan.

Qirgʻiziston Madaniyat vazirligiga koʻra, “Azattiq Media” sining xatti-harakatlari “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunga zid keladi: Qonunning 23-moddasiga muvofiq, urush, zoʻravonlik va shafqatsizlik, milliy, diniy ayirmachilik hamda boshqa xalq va millatlarga toqatsizlik targʻibotiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qirgʻiziston media jamoatchiligi esa “Azattiq” ning tahririyati faqatgina ikki mamlakatning rasmiy davlat idoralari tarqatgan maʼlumotlarnigina e’lon qilganini ta’kidlamoqda.

“Daʼvo arizasida dastur boshlovchisi ikki tomondan ham izoh olgan deb koʻrsatilmoqda. Bu holatda, tahririyatning xatti-harakati, jurnalistlarning ishi professional standartlariga loyiq boʻlgan, unga koʻra maʼlumotni toʻplash ikki tomonning ham argumentlarini keltirish bilan amalga oshiriladi”, — deyiladi jamoatchilik bayonotida.

Media eskpert Gulnura Toʻraliyeva “Kloop” axborot agentligiga bergan intervyusida aytishicha, hukumat “Azattiq”qa bosim oʻtkazish orqali fikrlar plyuralizmi uchun maydonlarni qisqartirib, oʻz faoliyatidagi kamchiliklarni yashirib, “Azattiq” orqali boshqa medialarni qoʻrqitishga harakat qilmoqda.

Uning fikriga koʻra, Qirgʻizistonda mustaqil OAVga bosim davom etaveradi.

“Hukumatning qoʻygan qadamlariga nazar solsak — soʻz erkinligi uchun harakatlar ancha qiyin boʻladigan koʻrinadi. Soʻz erkinligini talab qilish qiyinlashaveradi”, — deydi Toʻraliyeva.

Qirgʻiziston OAV vakillari oxirgi vaqtlarda soʻz erkinligiga va ommaviy axborot vositalariga bosim kuchayganini taʼkidlab, ularga qarshi turli mitinglar uyushtirilgani va mitinglarda aytilgan tahdidlarga tegishli idoralar eʼtibor qaratmayotganini tanqid qilib keladi.

“Human Rights Watch” huquqni himoya qilish tashkiloti ham Qirgʻiziston hukumatining OAVni nazoratga olish hamda senzura boʻyicha choralarni kuchaytirish harakatini qoralagan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG