Breaking News

Qirg'iziston-O'zbekiston chegara kelishuvi nimadan iborat?


"Andijon dengizi" deb ham tanilgan suv ombori, O'zbekiston, iyul, 2019
"Andijon dengizi" deb ham tanilgan suv ombori, O'zbekiston, iyul, 2019

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 30-noyabrda Qirgʻiziston bilan chegara kelishuvi va Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarishga doir hujjatlarni imzolagan. Andijon suv ombori Kampirobod nomi bilan ham tanilgan.

Toshkentga ko'ra, bu bitim bilan 30 yillik masalalar barham topmoqda. Bu boradagi muzokaralar Qirg'izistonda norozilik namoyishlariga sabab bo'lgan.

Oʻzbekiston Oliy Majlisi bitimni 18-noyabrda, Qirg'iziston Jokorgu Keneshi 17-noyabrda ma'qullagan.

Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov ratifikatsiya qilingan hujjatga 29-noyabrda qo'l qo'ygan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, shartnoma 13 moddadan iborat bo'lib, chegaraning 35 uchastkasini qoplovchi 302,29 kilometr chiziqni belgilaydi.

4957 gektardagi Andijon suv ombori hududi nazorati, toʻgʻonga xizmat koʻrsatish va uni muhofaza qilish uchun 19,5 gektar yer maydoni O'zbekistonga oʻtadi. Qirgʻiziston esa buning evaziga 1019 gektar yaylov yerlar oladi.

Shuningdek, Qirgʻiziston "Andijon suv omborining qurilmay qolgan Kampirobod chap qirgʻoq kanali uchun “Gʻovasoy” uchastkasidan 12 849 gektar yer maydoni kompensatsiya tarzida beriladi", deya bildiradi Mirziyoyev matbuot xizmati.

"Bunda, Qirgʻiziston tomoni Gʻovasoy daryosining tabiiy oqimiga toʻsqinlik qiladigan gidrotexnik va boshqa inshootlarni qurmaslik, suvning texnik ifloslanishiga yoʻl qoʻymaslik majburiyatini oladi".

Andijon suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish va Farg'ona viloyatining Soʻx tumanidagi “Chashma” bulogʻi joylashgan uchastka bo'yicha ham kelishilgan.

Hukumatlarning qayd etishicha, Oʻzbekiston-Qirgʻiziston "chegarasining ayrim uchastkalarida demarkatsiya ishlari toʻla tugallanmagan.

Kampirobod suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarishni qoʻshma komissiya nazorat qiladi.

Kelishuvga koʻra, Oʻzbekiston suv omborining xavfsizligini taʼminlaydi, uni ishlatadi, texnik masalalar ham uning zimmasida. Suv Qirgʻiziston bilan kelishilgan limitlar doirasida chiqariladi.

"2,5 million tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va 500 million dollar miqdoridagi mahsulotlarni eksport qilish uchun 8 mingga yaqin fermer xoʻjaliklarini suv bilan uzluksiz taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi",- deyiladi Toshkent e'lon qilgan rasmiy bayonotda.

Mirziyoyev dekabr oyida Bishkekka safar qilishi kutilmoqda.

Qirg'izistonda Kampirobod himoyasi uchun ko'chaga chiqqanlardan bir nechasi hibsga olingan. Huquq tashkilotlari hukumatdan ularni ozod etishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG