Breaking News

Qirg'izistonda faollar yurishi: “Po’lat toblanadi, tosh sinadi”


Qirg'iziston: so'z erkinligi himoyasi uchun namoyish
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:29 0:00

Qirgʻizistonlik jurnalistlar, huquq himoyachilari va jamoatchi faollar Bishkek va Oʻsh shahrida soʻz erkinligi uchun yurishga chiqdi.

Ular hukumatdan jurnalist Bolot Temirovning Qirgʻizistonga qaytarilishini, Kampirobod boʻyicha hibsga olinganlarning ozod qilinishini, soʻz erkinligiga zid qonun loyihalarini qabul qilmaslikni talab qilishdi.

«Bolot Temirovni Qirgʻizistonga qaytaringlar, quvgʻinni toʻxtatinglar, nodavlat tashkilotlar, OAV, jamoatchi faollar, ayniqsa blogerlarni quvgʻin qilishni toʻxtatinglar», - deydi Oʻshdagi aksiyada ishtirok etgan huquq himoyachisi Gulqaqi Mamasaliyeva.

23-noyabrda Bishkek sudi surishtiruvchi jurnalist Bolot Temirovning «hujjatlarni qalbakilashtirish ishi boʻyicha appelyatsiya shikoyatini koʻrib chiqqan.

Sud majlisida davlat qoralovchisi sudga Temirovni mamlakatdan chiqarib yuborish taklifini berib, sud Temirovni Qirgʻizistondan chiqarish boʻyicha hukmni qabul qilgan. Militsiya xodimlari Temirovni sud zalidan kuch qoʻllanib olib chiqib ketishgan.

Bir necha soat davomida jurnalistning qayerda ekani nomaʼlum boʻlgan. Keyinchalik esa Temirov Qirgʻizistondan Rossiyaga deportatsiya qilingani maʼlum boʻlgan.

Qirgʻizistondagi media vakillari jurnalistning mamlakatdan chiqarilishini “surgun” deb baholashdi.

Xalqaro Human Rights Watch (HRW) huquqni himoya qilish tashkiloti ham Temirovning deportatsiya qilinishini tanqid qilib, oxirgi vaqtda Qirgʻizistonda OAV erkinligiga bosim oʻtkazib, OAVni nazorat qilish hamda senzura boʻyicha harakat ko’paydi, deb bildirgan.

Qirgʻiziston hukumati tomonidan «Azattiq Media»sining saytiga ikki oylik toʻsiq qoʻyilishi, soʻngra mazkur medianing bankdagi hisob raqamining muzlatilishi mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosim oʻtkazilayotganiga misol boʻla oladi deydi, huquq himoyachilari.

«Azattiq» doimo hokimiyat tepasiga kelmagan odamlar uchun yoqimli axborot vositasi. Masalan, Atambayevning [sobiq prezident] davrida qamoqda yotgan, quvgʻinda boʻlgan Sadir Japarov [amaldagi prezident] uchun ham «Azattiq» eng yaxshi axborot vositasi boʻlib kelgan. Buni oʻzi ham bir necha bor yozib, aytib kelgan. Ammo Sooronbay Jeenbekov prezidentlikdan ketib, uning oʻrniga Sadir Japarovning oʻzi kelgandan keyin, u uchun «Azattiq» eng yomon, Qirgʻizistonga dushman axborot vositasiga aylanib qoldi. Uni shuning uchun yopdi. Endi toʻliq yopib yuborishga urinmoqda», - deydi mustaqil jurnalist Idiris Isaqov Oʻshda oʻtgan tinch namoyishda.

Gulqaqi Mamasaliyevaning qo’shimcha qilishicha, hozirda jamoat tashkilotlariga nisbatan parlament deputatlari tomonidan ikki qonun loyihasi ilgari surilmoqda.

"Jamoat tashkilotlarini yopish va huquq himoyachilarining faoliyatiga chek qo’yish bo’yicha. Agar huquq himoyachilarining ishini yopsa, oddiy fuqarolarning huquqini kim himoya qiladi? Hech kim! O’shanda bundan ham yomon tartibsizliklar bo’ladi. Hozir mana Bolotni fuqarolikdan mahrum qilib, chiqarib yubordi. Konstitutsiyaning 51-moddasiga ko’ra, fuqarolikdan hech kim mahrum qilinmaydi.”

Avvalroq, “Azattiq”ning (“Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati) Bishkekdagi binosi oldida oʻzini jamoatchi faol deb atagan bir qator fuqarolar “Azattiq”, “Kloop” va “Kaktus” kabi mustaqil ommaviy axborot vositalarining, nodavlat tashkilotlarning faoliyatini cheklash talabi bilan namoyishga chiqqan edi.

Ular mustaqil axborot vositalari hamda xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qiluvchi nodavlat tashkilotlarni xoinlikda ayblab, jurnalistlarga nisbatan tahdid ham qilishgan edi.

Shu bilan birga ayrim parlament deputatlari ham “Ommaviy axborot vositalari haqidagi” qonunga oʻzgartirishlar kiritishni va boshqa qonun loyihalari asosida nodavlat, notijorat tashkilotlarning faoliyatini cheklashni istaydi.

Surishtiruvchi jurnalist Bolot Temirov “Temirov Live” youtube kanalining asoschisi. Temirov Live yanvarda davlat ishxonalari orqali mazut sotib 30 million somdan ortiq foyda topgan Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyevning qarindoshlari haqida surishtiruv eʼlon qilgan.

Qirg'iziston: so'z erkinligi tahdid ostidami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:00 0:00

Oradan ikki kun oʻtib, militsiya Bolot Temirovni qoʻlga olgan. U pasportni, harbiy guvohnomani noqonuniy olishda, chegarani noqonuniy kesib oʻtishda hamda giyohvand moddalarni saqlashda ayblangan.

Sentyabrda sud Bolot Temirovni chegarani noqonuniy kesib oʻtish, giyohvand moddalarni saqlash ayblari boʻyicha oqlagan. Pasport olishda qalbaki harbiy bilet va qalbaki vaqtincha shaxsiy guvohnomadan foydalanganlikda esa aybdor deb topilgan, ammo jinoyat uchun javobgarlikka tortish muddatining oʻtib ketganligi tufayli jazodan ozod qilingan. Temirov hukmning mazkur qismi bekor qilinishi uchun sudga appelyatsiya shikoyati bilan murojaat qilgan edi.

Bishkek shahar sudi 23-noyabr kuni quyi instansiya sudi hukmi boʻyicha apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish asnosida jurnalist Bolot Temirovni Qirgʻizistondan badargʻa qilish haqida qaror chiqargan.

Bir qator xalqaro tashkilotlar Temirovga qarshi ochilgan jinoiy ishlarni yuqori mansabdagi shaxslarga aloqador korrupsiya boʻyicha surishtiruvlari uchun qasd olish deb baholashgan.

Jurnalistning advokatlari ayni paytda Birlashgan millatlar tashkilotining Inson haqlari boʻyicha qoʻmitasiga murojaat tayyorlamoqda.

Ular Temirovni badargʻa qilinishi milliy va xalqaro qonunlarga qarshi kelishini aytib, hech bir davlat oʻz fuqarosini boshqa davlatga quvmaydi deb taʼkidlashadi.

Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyev esa 24-noyabrdagi parlament yigʻilishida Temirovni deportatsiya qilish hukmini sud qabul qilganini, bu ishga oʻzining va MXDQning aloqasi yoʻqligini aytgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG