Breaking News

Bishkekda namoyishchilar bir necha OAVni yopishni talab qildi


Qirgʻiziston poytaxtida “Ozodlik” Qirgʻiz xizmati (“Azattiq”), “Kloop” va “Kaktus Media” nashrlarini yopish talabi bilan miting boʻlib oʻtdi.

13-oktabrda “Ozodlik” radiosining Bishkek shahridagi idorasi yonida oʻtgan mazkur mitingga 30 nafarga yaqin odam yigʻildi.

Norozilar yuqorida tilga olingan ommaviy axborot vositalarining yopilishini va deputatlardan “xorijiy agentlar” haqida qonun loyihasini qabul qilishni talab qilishdi.

“Kloop” axborot saytining ijtimoiy sahifasida e’lon qilingan jonli efirda namoyish uyushtiruvchisi boʻlgan Ilimbek Israilov ismli fuqaro agar “xorijiy agent” toʻgʻrisidagi qonun qabul qilinmasa, “Ozodlik”ning binosini toshboʻron qilib, benzin sochib, yoqib yuborish bilan tahdid qilgan.

Miting ishtirokchilari “Ozodlik” radiosining qirgʻiz xizmatini bir tomonlama maʼlumot berishda va Botkendagi qirgʻiz-tojik chegarasidagi qurolli mojaroda va uning oqibatlarida ayblashdi.

Aksiyaning tashkilotchilari “Azattiq”, “Kloop” va “Kaktus Media” nashrlariga qarshi Bishkek shahrida yana miting oʻtkazib, imzo toʻplash reja qilinayotganini qoʻshimcha qilgan.

Avvalroq, 12-avgustda parlament deputati Dastan Bekeshev oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali hamkasbi Nadira Narmatova “Kloop”, “Azattiq” va “Kaktus Media” nashrlarini yoptirib yuborish boʻyicha deputatlardan imzo toʻplayotganini aytgan. Narmatova esa Bekeshevning maʼlumotini inkor qilgani va isbotlab berishini talab qilganini bildirgan deputat Bekeshev 13-avgustda Telegram kanali orqali, “mana bir necha OAVlarni yopishni talab qilgan namoyishchilar o’zlarini Nadira Narmatova ham qo’llayotganini aytmoqda”, dedi.

Dastan Bekeshev fikriga ko’ra, Narmatovaning prezidentdan “Azattiq”, “Kloop” va “Kaktus Media”larni yopishni so’rab yozgan murojaati noqonuniy, chunki hech kim qaysidir bir OAVni yopishni talab qila olmaydi.

Deputat Narmatova avval parlamentda Rossiyada amalda boʻlgan “xorijiy agentlar” haqidagi qonunni qabul qilish taklifini bildirib chiqqan edi.

Siyosatchi, Qirgʻizistonning sobiq bosh vaziri Temir Sariyev esa “Ozodlik” radiosi xalqaro jurnalistikaning xolislik va betaraflik andozalarini saqlab, ikki tomonga ham birdek mikrofon tutib kelishini taʼkidlab, mustaqil medialarni yopish – tanqiddan qoʻrqqanlarninggina maqsadi deb fikr bildirgan.

13-oktabrda oʻtgan Jogorku Kenesh yigʻilishida deputat Janar Aqayev ham bu haqda fikr bildirib, Konstitutsiyaga koʻra, Qirgʻizistonda soʻz erkinligini cheklovchi qonunlar qabul qilinmasligi kerak, Qirgʻizistonda eng maqtangan narsamiz bu - erkinlik, matbuot erkinligi, fuqarolarimizning erkinligi deb aytib kelamiz, dedi.

Qirg'iziston deputati: So'z erkinligi cheklanmaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:38 0:00

“Oxirgi kunlari bizning hamkasblarimiz, ayrim jamoat faollari tarafidan “Azattiq”, “Kaktus”, “Kloop” va boshqa erkin medialarga turli boʻhtonlar, toʻsqinliklar boʻlayotgani achinarli. Bunday tashabbuslarga yoʻl berilmasligi kerak. Har kim oʻz ishini qilishi kerak», — degan Janar Aqayev.

Surishtiruvchi jurnalist Ali Toktakunov esa oʻzining “Feysbuk” sahifasida Qirgʻizistonning 30 yilda erishgan asosiy muvaffaqiyati boʻlgan soʻz erkinligini saqlab qolishga chaqirib, bu mitinglar jurnalistlarni qoʻrqitmasligi, aksincha kuchlanib, buyurtmachilarning har biri haqida surishtiruvlar eʼlon qilinishini aytdi.

Ali Toktokinovning posti ikki soat ichida 40 karra bo’lishilib, unga 100 dan oshiq tarmoq foydalanuvchilari jurnalistning fikrini qo’llab izoh qoldirgan.

Qirgʻizistonda matbuot erkinligi

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2022-yil ommaviy axborot vositalari erkinligi reytingida Qirgʻiziston 180 davlat ichidan 72-oʻrinni egallagan.

Bayonnomada Qirgʻizistonda Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga nisbatan soʻz va matbuot erkinligi borligi, anʼanaviy axborot vositalariga davlat nazorati mavjudligiga qaramay, Qirgʻiziston matbuotida “maʼlum darajada plyuralizm” saqlanib qolgani aytiladi.

Reytingda Qirgʻiziston 2021-yili 79-oʻrinda, 2020-yili esa 82-oʻrinda boʻlgan.

Shu yilning 7-oktabrida AQSh davlat kotibining yordamchisi vazifasini bajaruvchisi Elizabet Kennedi-Tryudo bilan uchrashgan Qirgʻiziston prezidenti administratsiyasining axborot siyosati xizmatining yetakchisi Dayirbek Orunbekov ham ommaviy axborot vositalarining erkinligi reytingida Qirgʻiziston 7 safga yuqorilaganini eslatib, buni prezident siyosatining, jumladan soʻz erkinligiga boʻlgan munosabatining natijasi ekanini qoʻshimcha qilgan.

Bunga javoban, Elizabet Tryudo Qirgʻizistonni axborot vositalarining erkinligi boʻyicha mintaqadagi yorqin hudud deb atagan.

Ammo Qirgʻizistonda faoliyat olib borayotgan qator mustaqil nashrlar va huquq himoyachilari mamlakatda mustaqil ommaviy axborot vositalariga nisbatan bosimlar mavjud ekanini aytib keladi.

Jurnalistlar huquqini himoya qilib kelgan “Institut Media Polisi” jamoat fondi 2020-yilning oktabridan 2022-yilning martiga qadar Qirgʻizistondagi matbuot erkinligi bilan bogʻliq vaziyatni kuzatib, soʻz erkinligi bilan bogʻliq vaziyat yomonlashib bormoqda degan xulosaga kelgan.

“Human Rights Watch” va Xelsinki komissiyasi tashkilotlari esa Qirgʻiziston hukumatini mustaqil jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan bosimlarni toʻxtatishga chaqirgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG