Breaking News

Qirg’izistonda matbuot erkinligi siquv ostidami?


Qirg'iziston: so'z erkinligi tahdid ostidami?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:00 0:00

Qirg'iziston: so'z erkinligi tahdid ostidami?

Jurnalistlar va huquq himoyachilariga koʻra, Qirgʻizistonda matbuot erkinligi boʻyicha vaziyat ogʻirlashgan.

Qirgʻiziston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyevning yaqinlariga tegishli yoqilgʻi moyi biznesi boʻyicha surishtiruv eʼlon qilingandan keyin jurnalist Bolot Temirovning giyohvand moddalarni saqlashda ayblanib qoʻlga olinishi, shuningdek, “Next TV” telekanali direktori Talay Duyshoʻnbiyevning “millatlararo nizo qoʻzg’ash” aybi bilan sudlanishi hamda “Kaktus” nashri tahririyatiga ham jinoiy ish ochilgani bunga yaqqol misollar, deydi kuzatuvchilar.

Jinoyat ishlari ijtimoiy tarmoqlarda yozilgan postlar uchun ham ochilmoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, 2021-yili Prezident Sadir Japarov “feyklar haqida” imzolagan qonun ham erkinlikka qattiq zarba bo’lgan.

13-oktabr kuni 30 nafarga yaqin kishi “Ozodlik” radiosining Qirgʻiz xizmati, “Kloop” va “Kaktus Media” nashrlari yopilishini talab qilib, Bishkekda toʻplangan. Ularga ko’ra, chet eldan ko’mak oluvchi nodavlat tashkilotlarning faoliyatiga chek qoʻyish va “xorijiy agentlar” toʻgʻrisida qonun loyihasini qabul qilish kerak.

Oʻsh shahridagi mahalliy telekanallardan birining direktori Daniyar Sadiyevning aytishicha, mustaqil nashrlarga qarshi oʻtgan mitingda tilga olingan tahdidlarga nisbatan hukumatning eʼtiborsizligi shubhali.

“Bishkekda yaqinda qandaydir bir fuqarolar chiqib, miting qilishdi. U yerda jurnalistlarga nisbatan hatto tahdidlar ham boʻldi. “Yoqib yuboramiz”, “sindiramiz”, “xodimlaringizni ushlab olsak, u qilamiz, bu qilamiz” degan soʻzlargacha aytildi. Bu jinoyat ishi ochilishi kerak boʻlgan chaqiriq hisoblanadi. Aslida ish ochilishi kerak edi. Bizda kommentariy uchun tushuntirish xati yozdirib, olib borib qamashmoqda. Ochiq tahdid qilganlarga esa hech narsa qilinmaganini koʻrib, shubha qilar ekansan, bundan hukumatdagi qaysidir bir amaldorlar ham manfaatdormi, deb”, - deydi, Daniyar Sadiyev.

“Ozodlik” Qirgʻiz xizmati bergan maʼlumotga koʻra, prezident administratsiyasining axborot siyosati boʻlimi boshlig’i Dayirbek Orunbekov “Azattiq Media” ofisi oldidagi mitingda aytilgan tahdidlar boʻyicha fikr bildirib, buni mamlakatdagi soʻz erkinligining koʻrsatkichi deb atagan.

“Huquqiy davlatda “yoqib yuboraman” degan tahdidlar va boshqa destruktiv harakatlar qabul qilinmaydi. Oʻsha mitingga chiqqanlar ham, afsuski, mamlakatimizdagi soʻz erkinligining koʻrsatkichi. Shuning uchun yana bir bor takrorlayman – soʻz erkinligi bu xayolingga kelganni aytib, boshqalarning huquqini poymol qilish emas. Bu jamoatchilik oldidagi katta masʼuliyat”.

Huquqshunos Nurqan Patiyev esa mustaqil nashrlarni xalqqa yomonotliq qilishni istaganlar va ularni yopish talabini ilgari surayotganlar goʻyoki hukumatning yonini olmoqchi boʻlgan qaysidir guruhlar boʻlishi mumkin deb hisoblaydi. Ammo ular “qosh qoʻyaman deb, koʻz chiqarishmoqda”, deydi huquqshunos.

“Davlatga qarashli OAVlar bera olmagan maʼlumotlarni mustaqil medialar yoritadi. Shuning uchun ularga hech qanday tazyiq boʻlmasligi kerak. Shu bilan birga, ularni baʼzan haddidan oshib ketdi yoki tashqi kuchlarning manfaatini himoya qilmoqda deb ayblashadi. Buning uchun isbot-dalili boʻlishi kerak. Agar ular chet elga ishlayotgan boʻlsa, javobgarlikka tortilishi kerak. Qirgʻiz xalqining manfaatini koʻzlab maʼlumot tarqatsa, qarshilik boʻlmasligi kerak”, - deydi u.

Qirg'iziston deputati: So'z erkinligi cheklanmaydi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:38 0:00

Mustaqil nashrlarni yopish talabi bilan oʻtkazilgan namoyishga qarshi 14-oktabrda Bishkek shahrida soʻz erkinligi va mustaqil ommaviy axborot vositalari himoyasi uchun aksiya boʻlib oʻtdi. Jamoatchi faollar, jurnalistlar bilan birga aksiyada ishtirok etgan surishtiruvchi jurnalist Ali Toqtaqunov “Amerika Ovozi”ga bergan intervyusida mustaqil nashrlarga qarshi boʻlayotgan ishlar ortida korrupsionerlar turgan boʻlishi mumkinligini aytdi.

“Halol ishlagan, haqiqatdan qoʻrqmaydigan amaldorlarning birortasi ham mustaqil OAVlarni yopish tashabbusi bilan chiqmaydi. Erkin medialarni yopaylik, yoʻqotaylik deyayotgan odamlarning ortida turganlarning avvalgi jurnalistik surishtiruvlar qahramoni boʻlgan korrupsionerlar bilan aloqasi bor ekani bizga maʼlum. Bu bir tomoni. Korrupsiyada gumonlangan, oʻzlarining qingʻir ishlari jurnalistik surishtiruvlarda fosh qilingan odamlar boshqalarni shunga undayotgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, OAVning erkin ishlashiga toʻsqinlik qilgisi kelgan, yopishni istagan deputatning binosini Rossiya konsulligi uzoq yildan beri ijaraga olib kelar ekan. Bu yerda oʻrtada qandaydir bogʻliqlik bor deb ayta olmaymiz, ammo jurnalistik surishtiruvlar shuni koʻrsatdi. Bu mustaqil nashrlarni yopishni istagan deputat bilan qaysidir bir davlatning aloqasi bormi, degan shubhani paydo qiladi. Shu bilan birga, “xorijiy agent” degan qonun loyihasini ham shu deputat – Nadira Narmatova parlamentda ilgari surgan, ammo oʻtmay qolgan. Loyihani bu galgi chaqirilishida oʻtkazmoqchi boʻlib yurgani ham maʼlum. “Xorijiy agent” qonun loyihasi Rossiyada qabul qilingan, agar bizda ham qabul qilinsa, Rossiyadagi qonunning ayni koʻchirmasi boʻlib qoladi”, - deydi Toqtaqunov.

Qirgʻizistonlik media ekspert Gulzat Gaziyevaning aytishicha, Qirgʻizistonda soʻz erkinligini cheklashga harakatlar koʻp yildan beri tizimli va maqsadli ravishda boʻlib kelmoqda.

“Agar biz bu cheklovlarga yoʻl berib qoʻysak, bu mamlakatda diktatura yaratilishiga asos boʻladi. Ammo buni ayrim vatandoshlarimiz tushunmayapti”, - deydi u.

“Oʻzi Qirgʻizistonning eng maqtangan jihati bu soʻz erkinligi. Ayrim davlatlarga nisbatan biz fikrimizni ochiq ayta olamiz deb kelamiz. Keyin... koʻp hollarda mustaqil medialar mamlakatda boʻlayotgan korrupsiyalarni fosh qilmoqda, noqonuniy shartnomalarni, ayrim kamchiliklarni jamoatchilikka olib chiqmoqda. Agar biz mustaqil medialarning yopilishiga yoʻl berib qoʻysak, diktaturaga qadam qoʻygan boʻlamiz”.

Suhbatdoshimiz Daniyar Sadiyevning xulosasiga koʻra, Qirgʻizistonda mustaqil ommaviy axborot vositalarini yopish, yoki bunga harakat qilish xalqaro hamjamiyatning salbiy fikriga sabab boʻladi. Buning ortidan esa Qirgʻizistonga boʻlgan munosabatlar salbiy tomonga oʻzgaradi.

“Menimcha, hozirgi hukumat ham buni istamaydi. Ehtimol medialarga qarshi boʻlayotgan ishlar orqali hukumat jurnalistlarga bir doʻq qilib qoʻymoqchidir. Ikkinchi tomondan, bu qaysidir bir siyosiy guruhlarning hukumat bilan kelishmagan holda, oʻzini himoya qilish maqsadida qilayotgan ishi boʻlishi ham mumkin”, - deydi Sadiyev.

“Ozodlik” 13-oktabrda Bishkekdagi ofisi oldida uyushtirilgan aksiya ishtirokchisining jurnalistlarga tahdid qilgani boʻyicha militsiyaga murojaat qilgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG