“Ozodlik” radiosining Bishkekdagi idorasi oldidagi mitingdan bir kun o’tib, yuzlab faollar, jurnalistlar va fuqarolik huquqlari vakillari mustaqil mediani qo’llab-quvvatlash talabi bilan namoyishga chiqdi.
Ular “So’z erkinligi” degan hayqiriqlar bilan Qirg’iziston parlamenti tomon yurish qilgan.
13-oktabr kuni Bishkekda taxminan 40 kishi miting o’tkazib, “Ozodlik” Qirg’iz xizmati, shuningdek, “Kloop” va “Kaktus Media” nashrlarini yopishni talab qilgan edi.
Ular mamlakatdagi nohukumat tashkilotlar faoliyatini ham cheklashni so’rab, yuqoridagi axborot vositalarini “xalq dushmani” deb atagan. Namoyishni uyushtirgan Ilimbek Israilov “Ozodlik” idorasini yoqib yuborish bilan tahdid qilgan.
Qirg’izistondagi ayrim qonunchilar mustaqil kanallarni yopish, nohukumat tashkilotlar faoliyatini cheklash g’oyasini qo’llab-quvvatlamoqda. Boshqa deputatlar, jumladan Janar Akayev, bunday takliflarni keskin tanqid qildi.
OAV shikoyatlari bo’yicha komissiya rahbari Tamara Valiyevaning aytishicha, erkin matbuotga cheklovlar qo’yilishi tarafdori bo’lgan qonunchilar iste’fo berishi lozim.
“Matbuotimiz mintaqada eng qudratli va erkindir. Biz shunga erishganmiz. Eng muhim yutug’imiz – mustaqil ommaviy axborot vositalari borligi va so’z erkinligi, - deydi Valiyeva. – Ayrimlar bu erkinlikdan bizni mahrum qilmoqchi. Kuchli media bu kuchli davlat degani, faqatgina kaltabinlar buni tushunmaydi”.
Facebook Forum