Breaking News

Qirg’izistonda ommaviy hibsga olishlar, HRW huquqni hurmat qilishga chaqirmoqda


Erkinlik talabi bilan namoyishga chiqqan qirg'izistonliklar, Bishkek, 14-oktabr, 2022 (RFE/RL)
Erkinlik talabi bilan namoyishga chiqqan qirg'izistonliklar, Bishkek, 14-oktabr, 2022 (RFE/RL)

"Human Rights Watch" (HRW) huquqni himoya qilish tashkiloti Qirgʻiziston hukumatini hibsdagi qoʻlga faol va siyosatchilarni ozod etib, ularning haqlarini, jumladan kelajakdagi barcha tergov jarayonlarida protsessual huquqlarini taʼminlashga chaqirmoqda.

“Sudlar qoʻlga olinganlarni ikki oyga qamoqda qoldirishdi. Ularning bariga ommaviy tartibsizliklar uyushtirishga tayyorgarlik koʻrish aybi qoʻyildi. Militsiya “maxsus tergov davomida aniqlandi deb aytgan dalillar” ayrim qoʻlga olinganlarning oʻzaro soʻzlashuvlarini yashirin tinglash natijasida yozdirib olinib, montaj qilingan ovozlarning toʻplami boʻlib chiqdi”, — deyiladi HRW murojaatida.

Shu bilan birga, xalqaro tashkilot “hibsga olishlar Kampirobod suv omboridagi yerlarning Oʻzbekistonga oʻtkazilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin”, - deb yozadi.

Qirgʻiziston Ichki ishlar vazirligi 23-oktabr kuni 20 nafardan ortiq faol va siyosatchilarning uyida tintuv oʻtkazib, ularni olib ketgan. Bu haqda faollarning oʻzlari xabar qilib, ayrimlari tintuv vaqtida ijtimoiy tarmoq orqali jonli efirga chiqqan.

Xususan Rita Karasartova uyini tintuv qilishga kelgan toʻrt kishi hech qanday hujjat koʻrsatmaganini va uni qoʻlga olmoqchi boʻlayotganini aytgan.

Hibs qilinganlarning ko'pi avvalroq Kampirobod suv omborining Oʻzbekistonga berilishiga qarshi chiqib, hukumatni tanqid qilib kelishgan.

Qoʻlga olingan siyosatchilarning va faollarning ehtiyot chorasi 25-oktabrda koʻrilib, deyarli barcha qoʻlga olinganlar “Ommaviy tartibsizlarni uyushtirishga tayyorlanish” moddasi bilan ikki oyga qamoqqa olingan.

Huquqshunos Saniya Toktogaziyeva sudlarning siyosatchilar va follarga nisbatan chiqargan hukmini tanqid qilib, Qirgʻizistondagi sudlar tizimli turda qonunlarni buzib keladi, deb yozdi.

“Ular 30 yildan beri har bir prezidentning va kuch ishlatar tizimlarning qoʻlida qonuniy terror quroliga aylanishdan boshqa hech narsa qilishmaydi. Uyat!” – deb yozgan huquqshunos oʻzining Feysbukdagi sahifasida.

Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Ekebek Ashirxojayev esa faollar va siyosatchilarning uyida tintuv oʻtkazishda va ularni qoʻlga olishda hech qanday qonunga zid harakatlar boʻlmagan, barchasi qonun doirasida olib borildi, deb aytdi. U bu haqda parlamentda 25 oktyabr kuni oʻtgan yigʻinda bildirdi.

2016-yili oʻsha vaqtdagi hukumat tomonidan bosimlar oʻtkazilgani sabab, Qirgʻizistondan chiqib ketgan sobiq jurnalist Adilet Aytikeyev “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, faollar va siyosatchilarning ommaviy qoʻlga olinishi boʻyicha fikrini bildirib, hukumat mamlakatda tartib oʻrnatish, barqarorlikni, tinchlikni saqlamoqdamiz degan asosiy bahona bilan Qirgʻizistonda inson haqlarini buzgan holda, boʻysunuvchan jamiyatni yaratmoqchi boʻlmoqda.

Ammo, deydi Aytikeyev, Qirgʻiziston demokratiya yoʻlidan qaytmasligi kerak.

Shu bilan birga u bu voqealarni soʻz erkinligini cheklash, fuqarolik jamiyatiga bosim qatori qabul qilishini bildirdi.

“Siyosiy barqarorlikni saqlash va demokratiyani himoya qilish uchun hukumat toʻliq shaffof siyosat olib borishi kerak. Shunda jamiyatning oʻzi korrupsiyaga qarshi kurashishda ham, hukumatning samarali faoliyat olib borishiga ham yordam beradi. Bu esa hukumat almashuvi jarayoni qonun doirasida oʻtishiga, buning ortidan siyosiy barqarorlik saqlanishiga imkon beradi. Ammo bizning jamiyatda biror kishi ham, aytgan fikri uchun jazolanmasligi kerak. Masalan, oʻsha qoʻlga olingan siyosatchilarning Kampirobod boʻyicha pozitsiyasi menga koʻp ham yoqmaydi, men ularni qoʻllamayman. Lekin, shu bilan birga ularning bu masala boʻyicha fikrini aytishga, jamoatchilikning oldiga chiqib gapirish huquqi bor. Bu har bir fuqaroning Konstitutsiyada koʻrsatilgan huquqi”, - deydi Aytikeyev.

Kampirobod suv ombori joylashgan hududning Oʻzbekistonga oʻtkazilishi

Qirgʻiziston hukumati bergan maʼlumotlarga koʻra, 1378 kilometrlik chegaraning 85 foizi boʻyicha kelishuvga erishilib, Oʻzbekiston bilan chegara masalasini hal qilish ishlari nihoyasiga yetib qolgan. Joriy yilning 26-sentyabrida ikki davlat oʻrtasidagi chegaraning ayrim hududlari boʻyicha loyihalarni kelishuv tamoyillarini boshlashga imkon beruvchi protokol imzolangan.

Shu bilan birga, chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha hukumat delegatsiyasi rahbari va milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasining yetakchisi Qamchibek Tashiyev Kampirobod suv ombori ostidagi yerlar Oʻzbekistonga oʻtkazilayotganini aytgan. Shuningdek, u suv omboridan har ikki davlat teng foydalanishga imkoniga ega boʻlganini maʼlum qilgan.

Tashiyev bergan maʼlumotga koʻra, Kampirobod suv omboridagi yer evaziga esa, chegaradosh tumanlardagi bir nechta bahsli hududlardan 19 ming 699 gektar yer Qirgʻizistonga oʻtkazilgan.

Ammo mahalliy aholi va ayrim siyosatchilar Kampirobodning Oʻzbekistonga berilishiga qarshilik qilib, bir necha bor norozilik namoyishlari va xalq qurultoyini oʻtkazgan.

Huquq himoyachilari 23-oktyabrda qoʻlga olingan faollarning deyarlik bari Kampirobod suv omborining Oʻzbekistonga oʻtishiga qarshi chiqib, hukumatni tanqidi qilib kelganlar ekanini taʼkidlashmoqda.

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov esa “Kabar” davlat axborot agentligiga bergan intervyusida Kampirobod masalasi boʻyicha avval siyosatchilar va faollar bilan uchrashganini, ammo bundan natija chiqmaganini bildirgan. Japarov qoʻlga olinganlarni Kampirobod masalasi qiziqtirmasligini, ular suv ombori masalasidan hukumatning biror amaliga erishib qolish niyatidagina foydalanayotgani haqida aytgan.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG