3-may - Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan Parijda asoslangan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti yillik reytingini e'lon qiladi. Bu yilgisida ko'tarilayotgan asosiy muammo - jurnalistika soxta kontentga qarshi kurashishda qiynalmoqda.
Matbuot erkinligi har qanday jamiyatdagi siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va texnologik o'lchamdir. Axborot vositalari qanchalik bemalol ishlay olsa, ular yoritayotgan tizim shu qadar mustahkam ekanidan darak beradi.
"Chegara bilmas muxbirlar" tahlilicha, 31 davlatda vaziyat eng o'gir shaklda. 42 mamlakatda yomon, 55 tasida esa muammoli, qolganlarida ahvol ijobiy.
Jurnalistika har 10 davlatdan 7 tasida qiyinchiliklar girdobida, deya ogohlantirmoqda tashkilot.
Matbuot erkinligi bobida eng yuqori namuna - Norvegiya. Irlandiya ikkinchi o'rinda, Daniya esa uchinchi.
Axborot manbalari eng cheklangan muhitlar - Vyetnam, Xitoy va Shimoliy Koreya. 180 davlat terilgan reytingning eng quyidagi uch tizim.
"Chegara bilmas muxbirlar" rahbari Kristof Delua deydiki, Braziliyada vaziyat yaxshilandi, Senegalda esa yomonlashdi.
"Jurnalistlarga dushman deb qarash, internetda va hayotda tahdid solish, feyk ma'lumotlar orqali ishonchni o'ldirishga harakat qilish - matbuotga misli ko'rilmagan tarzda zarar keltirmoqda", - deydi Delua.
118 mamlakatda axborot vositalarining xodimlari ular ishlaydigan mamlakatda rahbarlar dezinformatsiyani qurol qilib olganini aytadi. Hukumatlar o'z siyosatini targ'ib qilishda bemalol aldaydi, propaganda asossiz, faktlar soxta.
Biroq matbuotning buni savolga tutishga kuchi yetmaydi. Zaif matbuotga esa aholining ishonchi pasayaveradi. Shu tariqa, hokimiyat o'z aytganini haqiqat deya o'tkazaveradi.
Sun'iy aql va boshqa texnologik taraqqiyot namunalari ham matbuotning kuchayishi emas, mo'rtlashishiga xizmat qiladi, degan xavotir kuchli.
"Chegara bilmas muxbirlar" qayd etishicha, feyk media olamida Ilon Mask va Donald Tramp singari puldor insonlar ta'sirini salbiy baholab, axborot yig'ish, tarqatish va iste'mol qilishda to'siqlar ko'payib bormoqda.
Asossiz propagandada Rossiya yetakchi va uning atrofidagi davlatlar bu mamlakatdan o'rnak oladi. Ukrainadagi qonli urushdan tortib Rossiyadagi 'xorijiy agentlar"gacha, media bilan qanday ishlash, nazoratni ushlab, xavfsizlik organlari orqali jurnalist va blogerlarni bo'ysundirishda Moskva etalon, deya tanqid qiladi "Chegara bilmas muxbirlar".
Rossiya reytingda 164-o'rinda, Ukraina esa 79.
AQSh 45-o'rinda va oxirgi bir yilda uch pog'ona tushgan. 2022 va 2023-yilda mamlakatda ikki jurnalist o'ldirib ketildi.
Tojikiston, Hindiston, Turkiya va Eron - "eng yomon"lar orasida. Matbuot ularda erkinligini boy berib, mutlaq hukumat izniga tushib qolgan. Demokratik hisoblangan Hindistonda media avtoritar boshqaruvda, Turkiyada esa o'tgan ikki o'nyillikda mustaqil jurnalistika tugatilgan hisob, deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" hisobotida.
Afrikaning qator mamlakatlarida matbuot erkinligi oldingidek muhim masala emas, garchi u chetga surilganida hammaning erkinligi toraya boshlaydi. Jurnalistlar asosan tashqi yordam bilan kun kechirmoqda. Faktlar to'plash, mutasaddilarni savolga tutish - eng xavfli qadamlar. Kamerun 138 va Eritreya 174-o'rinlarda, jurnalistlar uchun qit'ada eng azobli jamiyatlar.
Yevropa bo'ylab, Germaniyada jurnalistlarga zo'ravonlik qilish va ularni hibsga olish ko'p kuzatila boshlagan. Polsha va Fransiyada ijobiy holatlar kuzatiladi. Gretsiya - Yevropa Ittifoqida matbuot erkinligi eng cheklangan muhit.
Markaziy Osiyoda Qirg'iziston hali ham boshqalardan bu borada oldinda, ammo reytingda 50 pog'ona pasaygan, hozirda 122-o'rinda.
Qozog'iston 134, O'zbekiston 137, Afg'oniston 152, Tojikiston 153, Turkmaniston esa 176-o'rinda.
128-o'rindagi Meksikada o'tgan 20 yil ichida 28 jurnalist bedarak ketgan. Kuba 172-o'rinda. Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikani qo'shib taqqoslaganda ham bu orol-davlat eng repressivi.
Osiyo-Tinch okeani hududida Myanma eng og'iri, 173-o'rinda. Jurnalistlarni qamash bu mamlakatda doimiy holat. Hukumat ular taqdiri yuzasidan axborot bermaydi.
Arab davlatlari alohida xavotirga molik jamiyatlardir. Yaman, Iroq, Falastin, Saudiya Arabistoni, Jazoir - matbuot erkinligi borasida faqat orqaga qadam tashlab kelayotgan mamlakatlar, deyiladi "Chegara bilmas muxbirlar" hisobotida.
Facebook Forum