Breaking News

O'zarbayjon tanqidchi jurnalistni mamlakatdan chiqarmayapti


Saodat Jahongir "Ozodlik" radiosi muxbiri
Saodat Jahongir "Ozodlik" radiosi muxbiri

Ozarbayjonda jurnalist Saodat Jahongir vatanidan chiqish huquqidan mahrum. "Ozodlik" radiosi muxbiri Bosh prokuraturadan mamlakatni tark etishi man etilgani haqida xat olgan.

Prokuratura sabab sifatida uning ikki yil oldingi sud ishiga aloqador ekanini ko'tsatgan. Jahongir terrorizm aybi bilan javobgarlikka tortilgan shaxsning tergovida so'roq qilingan.

“Meni guvoh sifatida chaqirishgan. Biroq menga taqiq qo'yish uchun ularda asos yo'q", - deydi jurnalist.

U Ozarbayjondan chiqarilmayotgan ko'plab insonlar qatorida. Bosh prokuratura "Amerika Ovozi" savollariga javob bermadi.

Sobiq prokuror, hozirda inson huquqlari tashkiloti rahbari Rufat Safarov deydiki, hibs qilingan yoki jinoyatda gumon qilingan shaxs vatanidan chiqa olmasligi mumkin. Qolganlar esa erkin bo'lishi kerak.

Biroq, deydi Safarov, Boku o'ziga muxolif deb bilgan har qanday fuqaroni xorijga bormasligini ta'minlashga bel bog'lagan. Bu taqiq - siyosiy qurol, deydi mutaxassis.

“Qonunan biror tergov doirasida so'roq qilingan odam, agar gumon qilinmasa, bunday cheklov bilan yuzlashmasligi kerak. Ammo hukumat ayrimlarni ataylab shunday so'roq qilib, chiqarmaslik uchun bahona qidiradi".

O'tgan yillarda, xususan 2019-yilda kamida 18 jurnalist Ozarbayjonda shunday taqiqqa uchragan. Aksariyat hollarda sabablar mavhum yoki umuman tushuntirilmagan.

Surishtiruvlari va tahliliy materiallari bilan tanilgan Xadija Ismayilova uzoq payt shunday ushlab turilgan, hatto qariyb uch yil panjara ortiga tashlangan. Korrupsiya hollarini yoritgan bu jurnalist Turkiyada o'lgan onasini ham olib kela olmagan. Xorijda mukofotlar berilganida ham unga borich uchun ruxsat berilmagan.

Jurnalistlar sudga shikoyat qilganida odatda rad etiladi yoki da'vosi asossiz ekani haqida javob oladi.

Meydan TV muxbiri bo'lgan Sevinj Vaqifqizi Yevropa Inson huquqlari sudiga murojaat qilgan, lekin u ham chetga chiqish imkoniyatidan mahrum.

“Yevropa Inson huquqlari sudi 2019-yilda meni cheklashlarini qoralab, Ozarbayjon hukumatiga chiqarishni buyurgan. Menga hukumat 5 ming 520 dollar kompensatsiya to'lashi haqida hukm chiqargan", - deydi Vaqifqizi.

Boku bu hukmni tan olmagan. Jurnalistga esa hukumat davlat mediasida ishlashni tavsiya qilgan.

"Men rahbariyatning propaganda vositalarida faoliyat yuritishni aslo istamayman", - deydi Vaqifqizi.

Saodat Jahongir Ozarbayjon ombudsmaniga shikoyat qilgan va Bosh prokuratura ustidan sudga arz bilan chiqmoqchi. Jurnalist muxolifatchi sifatida qaralishi bois hukumat uni nishonga olayotganini ishonadi. Jahongir Ozarbayjon Ommaviy Front Partiyasi faoli hisoblanadi. Bu partiya esa oppozitsiya.

Ozarbayjon parlamenti a'zosi Fozil Mustafo, hukumatparast siyosatchi, deydiki, sud qog'ozi bo'lmasa, hech kim mamlakatda majburan ushlab turilmaydi.

“Men, shaxsan, biror odam yurtimizda chet chiqish huquqidan mahrum etilgani haqida ma'lumotga ega emasman", - deydi Mustafo. "Biror jurnalist yoki aktivist shunday holga tushgan bo'lsa, sudga shikoyat qilsin".

Ozarbayjonda sud mustaqil emas. Matbuot erkinligi bo'yicha 180 mamlakat orasida 167-o'rinda. Hukumat tanqidchilarni azaldan turli yo'llar bilan jazolab keladi, ularga bosim o'tkazadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG