Breaking News

"Nemis to'lqini" Turkiyadagi ofisini yopishga qaror qildi


Germaniyaning “Nemis to’lqini” (Deutsche Welle) jamoat teleradiokompaniyasi Anqara faoliyat litsenziyasini uzaytirishdan bosh tortganidan so'ng Turkiyadagi ofisini yopishga qaror qildi. Turkiya hukumatining litsenziya muddatini uzaytirmagani ommaviy axborot vositalari huquqlarini himoya qiluvchi guruhlar tomonidan qoralanmoqda.

Bu voqea Anqara chet el matbuotining mamlakatda ishlashini qiyinlashtirish uchun bosim o'tkazayotganini ko'rsatadi, deydi ayrim tahlilchilar.

O'tgan yili yangi litsenziya talablarini bajarishdan bosh tortgani uchun rasmiylar “Nemis to’lqini” va "Amerika Ovozi"ning turk tilidagi veb-saytlariga kirishni allaqachon bloklagan edi.

Teleradiokompaniyaning ta'kidlashicha, Sanoat va texnologiya vazirligi 7-mart kuni “Nemis to'lqini” xizmatining faoliyat litsenziyasini uzaytirmasliklari haqida xabar bergan. Bu hujjatda "faoliyat sohasi to'g'ri tanlamagan"i bilan izohlangan. Bu vaj nimani anglatishi haqida hech qanday izoh berilmagan, deydi telekompaniya.

Xabarlarda teleradiokompaniya direktori arizadagi xatolar haqida ularga xabar berilmagani va hujjatlar oxirgi marta yangilanganidan beri “Nemis to’lqini” Turkiyadagi ish uslubini o'zgartirmaganini aytgan.

Kompaniya bu qaror yuzasidan qonuniy javob choralarini ko'rib chiqayotganini aytdi. Ungacha teleradiokompaniyaning xodimlarni yollash, ularga pensiya va boshqa imtiyozlarni berish imkoniyati bo’lmaydi.

Mahalliy xabarlarga ko'ra, 10 dan ortiq jurnalist endi teleradiokompaniya uchun frilanser sifatida ishlaydi. “Nemis to'lqini” mamlakat ichidagi voqealar haqida shu tarzda xabar berishda davom etadi.

Litsenziya muddatini uzaytirmaslik haqidagi qaror Turkiyada prezidentlik va parlament saylovlariga bir necha hafta qolganda e’lon qilindi.

Vena shahrida joylashgan Xalqaro Matbuot Institutining Turkiya dasturi koordinatori Renan Akyavasning aytishicha, “Nemis to’lqini” faoliyatining to’xtatilishi hukumatning xorijiy ommaviy axborot vositalari ovozini o’chirishga qaratilgan so'nggi urinishidir.

“Biz [xorijiy ommaviy axborot vositalariga] tazyiqlar may oyidagi saylovlar oldidan kuchayishini kutmoqdamiz”, - dedi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

“Bu hukumatning xorijiy ommaviy axborot vositalarini siqib chiqarishga urinishlaridan biri. Ular mahalliy ommaviy axborot vositalarini nazorat qilishlari mumkin. Xorijiy ommaviy axborot vositalari o'zlarining tashkilotlari himoyasi ostida edi”, - dedi Akyavas.

"Amerika Ovozi" Turkiya hukumatining aloqalar boshqarmasiga izoh so'rash uchun elektron pochta orqali xabar yubordi, lekin hozircha javob olgani yo’q.

Kuchaygan bosim

“Nemis to’lqini” va boshqa xorijiy teleradiokompaniyalar bir yildan ortiq vaqt davomida Turkiya hukumati tomonidan bosim ostida qolmoqda.

Amerika Ovozi - 80 yillik tarix
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:38 0:00

2022-yil fevral oyida Turkiyaning OAV nazoratchisi bo’lgan Radio va Televideniye Oliy Kengashi “Nemis to’lqini”, “Amerika ovozi” va “Euronews” telekanallariga faoliyat yuritish uchun translyatsiya litsenziyalarini olishni buyurdi.

“Nemis to’lqini” va “Amerika Ovozi” yangi litsenziyalash reglamenti onlayn kontentni nazorat qilish bo’yicha Radio va Televideniye Oliy Kengashiga keng vakolatlar berganidan xavotir bildirib, yangi tartibga rioya qilishni rad etdi.

Talabni bajarishdan bosh tortgani uchun iyun oyi oxirida ularning saytlariga Turkiyada taqiq qo’yildi.

O‘shanda “Nemis to’lqini” bosh direktori Piter Limburg uning agentligi Turkiya litsenziyasi uchun ariza berishdan bosh tortganini, chunki bu mustaqil radioeshittirishlarga zarar yetkazishini aytgan edi.

“Masalan, Turkiyada litsenziyalangan ommaviy axborot vositalari kengash nomaqbul deb talqin qilgan onlayn kontentni oʻchirishi shart. Bu mustaqil teleradiokompaniya uchun oddiygina qabul qilinishi mumkin emas”, - dedi u o‘tgan yilning iyul oyida “Nemis to’lqini” tomonidan chop etilgan bayonotida.

Ommaviy axborot vositalari sharhlovchilari bu choralarni Turkiyaning mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish harakati sifatida baholamoqda.

Turkiya ommaviy axborot vositalari erkinligi bo'yicha yomon ko'rsatkichga ega. "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti uni 180 mamlakat ichida 149-o'ringa qo'ygan. Ro’yxatdagi o’rin qancha orqada bo’lsa, erkinlik shuncha yomon ekanini bildiradi.

Tashkilot Turkiyaga oid hisobotida ommaviy axborot vositalarining qariyb 90 foizi hukumat nazorati ostida bo'lganligi sababli, jamoatchilik muqobil axborot uchun “Nemis to’lqini” kabi xorijiy ommaviy axborot vositalariga tayanishini aytgan edi.

Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni Himoya qilish qo'mitasining Turkiya vakili O'zg'ur Ogretning aytishicha, “Nemis to’lqini”ga qarshi harakat turk xalqining o'z mamlakatlari haqida mustaqil reportajlar ko'rishiga to'sqinlikni anglatadi.

“Litsenziyani rad etish teleradiokompaniya faoliyatini buzishga xizmat qiladi va Turkiya fuqarolari saylovlar yaqinlashayotgan paytda tanqidiy, mustaqil ma’lumotlar olishdan mahrum qoladi”, - dedi u.

“Reuters” axborot agentligining o‘tgan yili chop etgan hisobotiga ko‘ra, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an mamlakat ommaviy axborot vositalarini o‘z irodasiga bo‘ysundirgan.

Ommaviy axborot vositalari, hukumat va nazorat qiluvchi organlardagi odamlar bilan suhbatlarga asoslangan holda tayyorlangan bu hisobotga ko’ra, Turkiyada media sanoati “Erdog'an irodasiga bo’ysundirilgan boshqa mustaqil institutlar bilan bilan bir darajaga tushib qolgan”.

Xorijiy ommaviy axborot vositalariga oid ko'rsatmalar va qoidalar bir qancha avtoritar davlatlar tomonidan mustaqil ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish yoki ular faoliyatini cheklash uchun qo'llaniladigan taktika hisoblanadi.

Xitoy tanqidiy xabarlarga javoban jurnalistlar vizalarini uzaytirishni kechiktirish yoki uzaytirishni rad etishda ayblangan.

Ispaniyaning “ABC” kundalik gazetasi Xitoy hukumatini tanqid qiluvchi hisobot e'lon qilgandan so'ng, boshqa xorijiy ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda uning veb-sayti ham Xitoyda to'sib qo'yilgan edi.

O'tgan yili Kubada Ispaniyaning “EFE” davlat axborot agentligi muxbirlari Gavanadan akkreditatsiya olish uchun bir necha oy kutishga majbur bo’lgan edi. Natijada agentlik hatto mamlakatdagi faoliyatini to’xtatish masalasini ko’rib chiqishgacha bordi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG