Breaking News

Demokratiya sammitida kim qatnashdi, qanday va'dalar berildi?


Prezident Jo Bayden Oq uydan turib, Demokratiya sammitida qatnashmoqda, Vashington, 29-mart, 2023
Prezident Jo Bayden Oq uydan turib, Demokratiya sammitida qatnashmoqda, Vashington, 29-mart, 2023

100 ga yaqin davlat ma'qullagan deklaratsiyaga ko'ra, demokratik davlatlar erkinlik va adolatni targ'ib qiladi, ularni har qanday sharoitda himoya qiladi.

AQSh, Kosta Rika, Niderlandiya, Janubiy Koreya va Zambiya hamkorlikda asosan virtual tarzda o'tkazgan Demokratiya sammitida liderlar bugun birdamlik yanayam muhim ekani, nodemokratik tuzumlar tahdidi oshib borayotgani, liberal qadriyatlarga tayangan xalqaro tizim xavf ostida ekanini muhokama qildi.

Demokratiya sammiti deklaratsiyasi nafaqat hukumatlarning bayonoti, balki bu davlatlardagi fuqaro jamiyati, xalqaro tashkilotlar, so'z va matbuot erkinligini uchun kurashadigan muassasalar ovozidir, deydi tashkilotchilar.

Afrika, Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerikadan taklif qilingan 120 dan oshiq davlat "demokratiya chodiri" hosil qilib, bugungi qiyinchiliklar haqida gaplashib oldi.

Sammitda AQShning qator vazirliklari va idoralari ishtirok etgan, jumladan Davlat departamenti (asosiy tashkilotchi) va Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, Tijorat vazirligi va Milliy razvedka idorasi. Shuningdek, Kongress a'zolari ham muhokamalarda so'zlagan.

Demokratiya sammiti qanday kechdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:14:11 0:00

Bugun qabul qilingan deklaratsiya uni ma'qullaganlarga quyidagi majburiyatlarni yuklaydi:

  • Inson huquqlari har doim himoya qilinadi. Matbuot erkinligi e'zozlanadi. Qonun ustuvor bo'ladi. Sudlar mustaqilligi kafolatlanadi.
  • Huquqbuzarlar javobgarlikka tutiladi, kim bo'lishidan qat'i nazar.
  • Agressiyaga yo'q deb, erkinligi uchun kurashayotgan xalqlar, jumladan Ukraina quvvatlanadi.
  • Har qanday diskriminatsiya va ajratish qoralanadi. Jinsiy tenglik ta'minlanadi. Hech kim jinsi uchun azoblanmaydi, kamsitilmaydi.
  • Korrupsiya ildiziga bolta uriladi. Uning oldi olinadi. Yulg'ichlar kim bo'lishidan qat'i nazar sud oldida javob beriladi.
  • Texnologiya demokratiya ravnaqi uchun xizmat qiladi, unga qarshi emas. Har qanday taraqqiyot insonni va uning huquqlarini e'zozlashi shart.
  • Dezinformatsiyaga qarshi kurashiladi. Axborotning manipulyatsiya qilinishiga yo'l qo'yilmaydi.
  • Saylovlar erkin va adolatli bo'ladi.
  • Global muammolarga qarshi birga chora ko'riladi, xususan iqlimdagi salbiy o'zgarishlar va yuqumli kasalliklarga qarshi hamda oziq-ovqat xavfsizligi uchun.

Vashingtondagi "Ozodlik uyi" tahlilicha birortasi erkin hisoblanmaydigan Markaziy Osiyo davlatlari Demokratiya sammitiga taklif qilinmagan. 2021-yildagi birinchi shunday sammit ham ularga yopiq edi.

Sobiq sovet mamlakatlari orasidan Latviya, Litva, Estoniya, Armaniston, Gruziya, Moldova va Ukraina sammitda chaqirilgan. Yig'in 30-mart kuni rasman yakunlanadi.

Sessiyalarda Rossiya va Xitoy dunyoning yakkahokimlikda yetakchi davlatlari sifatida ta'riflanmoqda. Pekin va Moskva, ularning bevosita ta'siri ostidagi mamlakatlar demokratik qadriyatlarni xo'jako'rsinga tan oladigan, aslida avtoritar, totalitar va diktatorlik boshqaruvga mukkasidan ketgan sistemalardir, deydi ekspertlar.

Markaziy Osiyo davlatlari ham shular qatorida, hatto o'tgan yillarda demokratik islohohotlar boshlaganini da'vo qiluvchi O'zbekiston va Qozog'iston ham.

Amerika hukumati Toshkent va Ostonani strategik sherik deb biladi, ularning islohot dasturlarini olqishlaydi. Xalqqa berilgan va'dalar bajarilishi kerak, deydi yaqinda bu respublikalarga borib kelgan Davlat kotibi Entoni Blinken. O'zbekiston va Qozog'iston demokratiya tomon qadam tashlayotganini amalda isbotlashi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG