Breaking News

Avtoritar rejimlar AQSh hududida tanqidchilarini ovlamoqda


Niqobdagi shaxs, Lu Jianvan, Xitoy hukumati nomidan Nyu-Yorkda maxfiy politsiya uchastkasini tashkil etishda ko’maklashganlikda ayblanmoqda, Bruklin, 17-aprel, 2023.
Niqobdagi shaxs, Lu Jianvan, Xitoy hukumati nomidan Nyu-Yorkda maxfiy politsiya uchastkasini tashkil etishda ko’maklashganlikda ayblanmoqda, Bruklin, 17-aprel, 2023.

Xitoy va Eron kabi davlatlar dissidentlar va ozchilikdagi guruhlarni tobora shafqatsiz amaliyotlar orqali nishonga olar ekan, Qo’shma Shtatlar va avtoritar rejimlar o’rtasidagi kurash kibermakondan AQSh hududiga ko’chmoqda.

Federal qidiruv byurosi (FQB) ko’plab mamlakatlar “qizil chiziqlarni” kesib o’tayotgani, yangi taktikalarni qo’llayotgani, transmilliy repressiyaga qarshi kurash burilish nuqtasiga yetganini qayd etadi.

“Buni tahdidlar va zo’ravonlik tahdidlari, qo’rqitishlar oshayotganida ko’rayapmiz”, - deydi ismini oshkor etmagan holda jurnalistlar bilan subhatlashgan FQB rasmiysi.

“Xitoy, Eron va boshqa davlatlar o’z rejimlarini barqarorlashtirish, davomiyligini ta’minlash uchun [bunday taktikalarni] ustuvor vazifa deb bilishadi. Ular AQSh tuprog’ida ham dissidentlar ketiga tushishga tayyor”, - deydi yana bir rasmiy.

Shu hafta Nyu-Yorkning ikki rezidenti hibsga olindi. Ular Xitoyning Jamoat xavfsizligi vazirligi nomidan yashirin va noqonuniy politsiya bo’limini yuritganlikda ayblanmoqda.

“Xitoy hukumatining bizning mamlakatdan boshpana topgan demokratiya faollarini ta’qib qilishiga toqat qilmaymiz”, - deydi prokuror Breon Pis.

Nechta mamlakat transmilliy repressiya, jumladan AQSh rezidentlarini ta’qib qilish, qo’rqitish yoki ularga hujum qilish kabi taktikalarni qo’llayotgani haqida FQB ma’lumot bermadi.

Tahdidlar

“Tahdidlarga darajasiga qarab baho berib o’tirmaymiz”, - deydi FQB rasmiysi, Xitoy va Eron asosiy huquqbuzarlar ekanini tilga olib.

Belarus, Misr va Saudiya Arabistoniga aloqador shaxslar ham qo’lga olingan. Rossiya bilan bog’liq xavotirlar esa doimiy.

Repressiya ortida qaysi hukumat turganidan qat’i nazar, inson huquqlari tashkilotlari tahdid kuchayib borayotganini bildiradi.

Vashingtonda asoslangan “Ozodlik uyi” tashkiloti ma’lumot bazasida 2014-yildan buyon 91 mamlakatda 38 hukumat tomonidan amalga oshirilgan 854 ta transmilliy repressiya hodisasi qayd etilgan, jumladan 2022-yilning o’zida 79 ta.

So’nggi to’qqiz yil ichida 253 ta “to’g’ridan-to’g’ri, jismoniy transmilliy repressiyaga” qo’l urgan Xitoy bu borada yetakchi.

Ikkinchi o’rinda Turkiya, undan keyin esa Tojikiston, Rossiya, Misr, Turkmaniston, O’zbekiston, Belarus, Eron va Ruanda.

FQBning ogohlantirishicha, bu davlatlarning ko’pi AQShdagi tanqidchilarining ovozini o’chirish uchun tobora murakkab va shafqatsiz usullarni qo’llashga o’tmoqda.

AQSh razvedka agentliklarining Butunjahon tahdidlarni baholash hisobotiga ko’ra, Pekin xorijdagi xitoylik talabalarni faol ravishda kuzatib boradi, ularni nazorat qilish uchun talaba uyushmalarini safarbar qiladi.

Eron esa, deyiladi hisobotda, o’nlab yillardan buyon AQShda surrogat tarmoqlarni rivojlantirishga urinib kelmoqda. Eronlik-amerikalik huquq faoli Masih Alinejodga qarshi uyushtirilgan bir necha fitnalar matbuotda ham yoritilgan.

Yil boshida sharqiy yevropalik jinoiy guruh a’zolari Alinejodni Nyu-Yorkdagi uyi oldida o’ldirishga uringanlikda ayblanib, hibsga olingan.

Shuningdek, o’tgan yili Eron Inqilobiy gvardiyasi a’zosi Oq uyning milliy xavfsizlik bo’yicha sobiq maslahatchisi Jon Boltonni o’ldirish uchun odam yollaganlikda ayblangan.

Olti qavatli ko'k bino, deydi tergovchilar, Xitoyning Nyu-Yorkdagi politsiya uchastkasi sifatida ishlatilgan.
Olti qavatli ko'k bino, deydi tergovchilar, Xitoyning Nyu-Yorkdagi politsiya uchastkasi sifatida ishlatilgan.

Munosabat

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi FQBning da’volarini inkor etdi.

“Xitoy politsiyasi “dissident” deb ta’riflanayotgan odamlarga qarshi transmilliy repressiyaga qo’l urmaydi”, - dedi elchixona so’zlovchisi Liu Pengyu “Amerika Ovozi” savollariga javoban.

Uning aytishicha, Xitoy hukumati xalqaro qonunlarga qat’iyan rioya qiladi. Vashington, deydi Pengyu, Xitoy obro’sini bulg’ashga urinmoqda.

Eron, Belarus, Misr va Saudiya Arabistoni AQSh olg’a surayotgan ayblovlarga munosabat bildirmagan.

“Sanab o’tilgan transmilliy repressiya holatlari AQSh qonunchiligiga zid. Biz avtokratik rejimlarning repressiv taktikalarini fosh etish, agentlarini jazoga tortish uchun barcha vositalarni ishga solamiz”, - deydi AQSh Adliya vaziri muovini Liza Monako.

Transmilliy repressiya bilan bog’liq fitnalarni yaxshiroq aniqlash maqsadida FQB so’nggi ikki yildan buyon o’z xodimlari uchun treninglarni oshirgan, ayniqsa aeroportlar va transport xablari bilan yaqindan ishlaydigan xodimlar uchun.

Rasmiylarning qayd etishicha, Xitoy va Eron xususiy tergovchilardan ham foydalanmoqda. Ba’zi hollarda Pekin Amerikada mahalliy huquq-tartibot idoralari bilan to’g’ridan-to’g’ri ishlashga uringani ma’lum.

“Xususiy tergovchilik uyushmalari bilan tushuntirish ishlarini olib borayapmiz. Agar sizga shunday so’rov kelsa, bu transmilliy repressiya bo’lishi mumkin deb tushuntiramiz”, - deydi FQB rasmiysi.

Byuro o’tmishda nishonga olingan immigrant jamoalar bilan ham aloqada. Tahdid va qo’rqitishga javob berish bo’yicha qo’llanma ishlab chiqilgan va 60 ta tilga tarjima qilingan, jumladan o'zbek tiliga.

Rasmiylar deydiki, avtoritar rejimlar xorijdagi tanqidchilarini qo’rqitish va og’zini yopish uchun kibermakondan ham unumli foydalanadi.

“Hatto cheklangan resurslarga ega har qanday mamlakat ko’p sarmoya qilmasdan, onlayn ta’qiblar bilan shug’ullanishi mumkin”, - deydi yana bir FQB vakili.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG