Breaking News

Eron: Namoyishlarni bostirayotgan qora kiyimlilar kim?


Eronda norozilik alomatlari namoyon bo’lishi bilanoq ular paydo bo’ladi - qora kiyingan, mototsikl mingan, ko’pincha qurol yoki tayoq ko’targan erkaklar. Ular “Basij” guruhi a’zolari.

Islomiy tuzumga sodiq harbiylashgan bu ko’ngillilar norozilik aksiyalarini bostirishda yetakchi rol o’ynaydi.

Yosh ayolning axloq politsiyasi idorasida vafot etganidan keyin boshlangan so’nggi namoyishlarda “Basij” kuchlari yirik shaharlarga safarbar etilgan. Ular namoyishchilarga hujumlarda, ularni hibsga olishda qatnashmoqda.

“Basij” qachon tuzilgan?

Rasmiy nomi “Mazlumlarni safarbar qilish tashkiloti” bo’lmish “Basij” otryadi 1979-yilgi inqilobdan so’ng Oyatulla Ruhullo Xomayniy tomonidan tuzilgan. Maqsad jamiyatni islomiylashtirish va ichkaridagi dushmanlarga qarshi kurashish edi.

1980-yillardagi Eron-Iroq urushi paytida basijlar Saddam Husayn armiyasiga qarshi “inson to’lqini” deya nom olgan hujumlarni amalga oshirgan. Yaxshi qurollanmagan jangchilar, aksariyat hollarda o’smirlar, mina maydonlari bo’ylab yugurib o’tgani, artilleriya o’qi ostida halok bo’lgani ma’lum.

1990-yillar oxiridagi talabalar qo’zg’oloni paytidan boshlab basijlarga ichki siyosatda ham kengroq o’rin berildi. Otryad Eron Inqilobiy gvardiyasi qo’mondonligi ostida bo’lib, oliy rahnamo Oyatulla Ali Xomeneiyga so’zsiz bo’ysunadi. Xomeneiy ko’ngillilarni diniy tuzum ustuni, deya muntazam ravishda maqtaydi.

“Basij” guruhining mamlakat bo’ylab filiallari, talaba tashkilotlari, savdo gildiyalari va tibbiy muassasalari bor. AQSh Moliya vazirligi basijlar yashirin boshqaradigan milliardlab dollarlik bizneslar tarmog’iga sanksiya qo’ygan.

Guruhning xavfsizlik apparati qurolli brigadalar, qo’zg’olonlarga qarshi safarbar etiladigan kuchlar va o'z qo’shnilarini kuzatuvchi josuslarni o’z ichiga oladi.

AQShning Tennessi universitetida eronshunos olim Said Gulkorning aytishicha, “Basij” a’zolari soni bir millionga yaqin, xavfsizlik kuchlari esa o’nlab ming odamni tashkil etadi.

“Ular formasiz oddiy eronliklar bo’lgani uchun hukumat ularni rejim tarafdorlari deb hisoblaydi. Ayni paytda bu odamlarning aksariyati hukumatdan maosh oladi”, - deydi u.

Namoyishchilarga nega hujum qilinyapti?

Ekspertlarga ko’ra, “Basij” safiga odamlarni iqtisodiy va davlat sektorida ish topish imkoniyatlari, shuningdek, universitetga kirishdagi imtiyozlar jalb qiladi.

Ammo ular siyosiy indoktrinatsiyadan, jumladan 45 kun davomida harbiy va mafkuraviy treningdan o’tishi lozim. Bo’lajak basijlarga islomiy inqilob bu adolatsizlikka qarshi mo’minlarning kurashi, unga ko’p sonli dushmanlar tahdid soladi, deb o’rgatiladi. Dushman bu AQSh va Isroildan tortib, Eronning surgundagi muxolif guruhlari va hatto G’arb madaniyatigacha.

Yangi a’zolar dastlab shaxsiy manfaat bilan qo’shilsa-da, deydi Gulkor, “indoktrinatsiya bu motivatsiyani o’zgartirishga yordam beradi”.

Basijlar nazarida ro’mol va hijob gender aralashuvdan, zino va korrupsiyadan himoyadir. Uning yechilishi - “chirigan” G’arb madaniyatining belgisi. Eron rahbarlari so’nggi norozilik namoyishlarini xorij fitnasi deya tasvirlagan.

Bunday tavsifni rad etayotgan namoyishchilar deydiki, protestlar o’nlab yillik repressiya, zaif boshqaruv va xalqaro izolyatsiya sabab paydo bo’lgan g’azab ifodasidir.

Namoyishlar qanday bostiriladi?

Eronda namoyishlar ustidan nazorat avvalo fuqarolarni kuzatishdan boshlanadi. Bu ishni asosan deyarli har bir davlat muassasasida mavjud bo’lgan basijlar bajaradi. Namoyishlar chog’ida internetga kirish ham cheklanadi. “Basij” kuchlarining xakerlik bilan shug’ullanuvchi bo’linmasi ham bor.

“Strategiyalar xilma-xil. Eng ko’zga ko’rinarlisi – zo’ravonlik”, - deydi londonlik tahlilchi Sanam Vakil.

Namoyishlar boshlanishi bilan qora kiyimdagi basijlar mototsiklda yetib keladi, ba’zan odamlarni tarqatish uchun to’g’ridan-to’g’ri olomon ichiga haydaydi. Namoyishni bostirishda ular oddiy politsiyachilar va Inqilobiy gvardiya a’zolari bilan birdek ishtirok etadi.

“Namoyishchilarni quvib, kaltaklashadi, otishadi, mikroavtobuslarga tiqib hibsxonalarga olib ketishadi. U yerda ham do’pposlashadi, bosim o’tkazishadi”, - deydi Vakil.

Basijlarni namoyishchilar orasida ham topish mumkin, ularning vazifasi yo’lboshchilarni aniqlash. “Xalqaro Amnistiya” tashkilotiga ko’ra, namoyishchilar orasida bo’lgan to’rt basij xavfsizlik kuchlari tomonidan otib o’ldirilgani ma’lum.

Bu gal boshqacha?

Eronda yillar mobaynida norozilik to’lqinlari bir necha bor bostirilgan, jumladan 2009-yildagi prezidentlik saylovlaridan keyin yuzaga kelgan “Yashil Harakat” ham. O’shanda millionlab odamlar ko’chalarni to’ldirgan edi. 2019-yilda og’ir iqtisodiy sharoit turtki bergan norozilik chiqishlarida xavfsizlik kuchlari o'qidan yuzlab odam halok bo’lgan.

Ammo bu galgi namoyishlar boshqacha deya tasvirlanadi. Ularga konservativ kiyinish qoidalaridan, islomiy tuzumdan to’ygan yosh ayollar boshchilik qilmoqda. Ularni, o’z navbatida, jamiyatning boshqa qatlamlari, ozchilikdagi etnik guruhlar va hatto neft sanoati ishchilari qo’llab-quvvatlayapti.

Axloq politsiyasi 22 yoshli Mahsa Aminiyni hijobini noto’g’ri o’ragani uchun kaltaklab o’ldirganlikda ayblanmoqda. Rasmiylarning aytishicha esa ayol yurak xurujidan vafot etgan. Aminiyning oilasi buni inkor etadi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda hijobini yechib tashlayotgan, sochini kesayotgan ayollarni, “diktatorga o’lim” deb hayqirayotgan va basijlarga qarshilik ko’rsatayotgan namoyishchilarni ko’rish mumkin.

“Internet senzura kuchli ekan, tashqaridan qaraganda u yerda nimalar bo’layotganini bilish qiyin. Fikrimcha, dastlab hukumat namoyishlar o’z-o’zidan barham topadi deb umid qilgan. Ammo endi repressiv taktika ishga solinmoqda”, - deydi Vakil.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG