14-fevral kuni Eron shimolidagi Sharqiy Ozarbayjon viloyati Marand Yuqori sudi yangi tug‘ilgan chaqaloqqa ozariy turkchada “turk oyi” degan ma’noni bildiruvchi “Turkay” so‘zini ism sifatida qo‘yish mumkin emasligi haqida qaror chiqardi.
Chaqaloqning ota-onasi bundan norozi bo’lib, kurashishga qaror qildi. Ikki oydan ortiq davom etgan sud ishidan so'ng, aprel oyi oxirida Sharqiy Ozarbayjon apellyatsiya sudi bu ism aslida "taqiqlangan ismlar" ro'yxatida emasligi va oila o'g'li uchun undan foydalanishi mumkinligi haqida qaror chiqardi.
Bu Erondagi etnik ozchilik elatlar uchun kamdan-kam qo’lga kiritiladigan yutuqlardan biri. Ular orasida farzandiga o’zi xohlagan ismni bera olmayotgan oilalar ko’p.
"Nihoyat, yana bir turk shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasini oldi", deb yozdi “Tvitter”da Tabrizdagi oilaning advokati Sino Yusufiy.
“Ozarbayjon xalqi oʻz farzandiga ism tanlash uchun ogʻir sud va yuridik jarayonlardan oʻtishi kerak, biroq ular hech qachon fuqarolik huquqlaridan voz kechmaydi”, dedi u.
Eronda 1979-yilgi inqilobdan beri hukumat oilalarni farzandlari uchun ismni faqat tasdiqlangan ismlar orasidan tanlashni talab qiladi. Bu esa, tanqidchilar fikricha, mamlakat yetakchilarining oʻz madaniy va diniy aqidasini barcha eronliklarga majburlab tatbiq etish kampaniyasining bir qismidir.
Rasmiylarning ta'kidlashicha, tasdiqlanmagan nomlar tafovutlarni ko'rsatib, mamlakatda etnik bo'linishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ammo, tanqidchilarning ta'kidlashicha, bu asosan ozchilik guruhlarning milliy-diniy o’ziga xosligini nazorat ostida ushlab turish maqsadida amalga oshiriladi.
"Taqiqlangan" ismlar
Huquq himoyachilarining aytishicha, o'z ismini qo'yish uchun ruxsat so'rab murojaat qilgan oilalarning aksariyati sudda yutqazadi.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda bir qancha ota-onalar mahalliy hukumat tomonidan chet ellik, islomga zid yoki etnik millatchilikni qoʻzgʻatuvchi degan vajlar bilan farzandlariga o’zlari xohlagan ismni qo’yishga ruxsat berilmaganidan shikoyat qildi.
Cheklovlar ko'plab eronliklarning ikkita ismga ega bo'lishiga sabab bo’lgan - biri qonuniy hujjatlarda, ikkinchisi esa oila va do'stlar tomonidan ishlatiladi.
Eronning fuqarolik holati dalolatnomalari to'g'risidagi qonuniga ko’ra, "islomiy muqaddaslikni haqorat qiluvchi, shuningdek, odobsiz, haqoratomuz yoki noo'rin nomlar" ism uchun “taqiqlangan". Qonun FHDYO oliy kengashiga qaysi nomlarga ruxsat berilganini va qaysi biri taqiqlanganligini hal qilish huquqini beradi.
2015-yilda departamentning yuqori martabali rasmiysi qonunda ko'rsatilganidan ham ko'proq cheklovni taklif qildi. Fuqarolik holati dalolatnomalari boʻlimining shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar boʻyicha muovini Assadolloh Parsamehrning aytishicha, uning idorasi “Eron va islom madaniyati bilan bogʻliq” nomlarni maʼqullagan, biroq “chet el madaniyatiga mansub yot ismlar”ni rad etgan.
Vashingtondagi Yaqin Sharq instituti Eron dasturi asoschisi Aleks Vatankaning soʻzlariga koʻra, nomlarga qoʻyilgan cheklovlar Eron rahbarlari olib borayotgan koʻp yillik “ijtimoiy muhandislik” kampaniyasining bir qismidir.
“Islom respublikasi rasmiylari 43 yil davomida oʻzlari afzal koʻrgan turmush tarzini, yaʼni odamlar oʻz farzandlarini qanday chaqirishlari, qanday kiyinishlari va qanday qadriyatlarga ega boʻlishlarini oʻz ichiga oluvchi hayot tarzini tatbiq etishga intilishdi”, - dedi Vatanka “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Uning aytishicha, 1980-yillarda Eron yetakchilari Kir va Ardashir kabi islomgacha boʻlgan fors ismlariga ham xuddi shunday cheklovlar qoʻygan; bu esa baʼzi rasmiylarni siyosiy manfaatlar uchun oʻz familiyalarini oʻzgartirishiga olib kelgan.
"Agar siz boshqa yo'ldan bormoqchi bo'lsangiz, ya'ni forscha ismingizni islomiy ismga o'zgartirmoqchi bo'lsangiz, bu juda yaxshi. Eng mashhuri, (sobiq prezident) Hasan Ruhoniy. U Ruhoniy emas, balki Feridun bo'lib tug'ilgan. Islomiy ko‘rinmagani uchun familiyasini o‘zgartirdi”, - deydi u.
Mafkuraviy tazyiq
Ozchilik guruhlarning da'vo qilishlaricha, Eron millatchilari Erondagi forslarning madaniy hukmronligini saqlab qolish uchun o'z mavqeidan foydalanib, ozchilik guruhlarga oid qarorlarni manipulyatsiya qilishadi, hatto ular tanlagan nomlar qonunni buzmasa ham.
Eron shimoli-g‘arbidagi Mahabad shahridan bo‘lgan kurd faoli va yozuvchisi, hozir Norvegiyada qochqin bo‘lgan Vrya Mamle ko‘plab madaniyatlarda mashhur bo‘lgan qizining Hana ismini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berganida, bu qonunning ta’sirini his qilganini aytadi. Bu ism kurdchadan tarjima qilinganda "burilish" yoki "yaqinlashish" degan ma'noni anglatadi.
"Ular buni qabul qila olmasliklarini aytishdi, chunki bu chet ellik nom edi, - deya eslaydi Mamle. - Men ularga, “Yo‘q, bu kurdcha”, dedim. Shundan so‘ng ular 100 ga yaqin betdan iborat hujjatni olib chiqishdi, ular ma’qul deb topilgan ismlar. Ular menga Hana ro‘yxatda yo‘q, shuning uchun uni ishlatish mumkin emasligini aytishdi”.
2001-yilda chop etilgan turkcha ismlar haqidagi kitob muallifi Farhod Javadiyning aytishicha, odamlarga turkcha ismlarni afzal ko‘rishga to‘sqinlik qiladigan qonun yo‘q bo‘lsa-da, byurokratiya baribir ularga to‘sqinlik qilmoqda.
“Ular (Eron rasmiylari) odamni bir necha kun yugurtirib, charchatgandan keyin, “endi istalgan ismni tanlashimiz mumkin”, deyishadi”, - deydi u.
Qonuniy ravishda tasdiqlangan ismga ega bo'lmaslik ba'zi oilalar uchun dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Julfa shahridan Taymaz Mehralibeli o‘tgan yildan beri 3 yoshli o‘g‘li uchun tibbiy sug‘urta ololmayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar o‘g‘liga shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma berishdan bosh tortgan, chunki u ismini Xuntay, ya’ni “xunlarga o‘xshash” deb qo‘yishni talab qilgan.
Xunlar miloddan avvalgi IV—VI asrlarda Oʻrta Osiyo, Kavkaz va Sharqiy Yevropada yashagan qadimgi turkiy xalq hisoblanadi.
"Bolaning barcha dori-darmonlari va boshqa tibbiy xarajatlarini cho'ntagimizdan to'lashimiz kerak bo’ldi", - dedi Mehralibeli va Eron ro'yxatga olish idoralari bir kun kelib bu ismni qabul qilishiga umid qilayotganini qo'shimcha qildi.
Facebook Forum