Breaking News

AQSh Eronda namoyishchilarga tazyiqni qoralamoqda


Tehron universiteti oldida, 1-oktabr, 2022
Tehron universiteti oldida, 1-oktabr, 2022

Oq uy Eronda hukumatga qarshi namoyishga chiqqanlar azoblanayotganini qoralamoqda. Namoyishlar sochini yopmaganlikda ayblanib ushlangan ayol ahloq politsiyasi qo'lida jon berganidan keyin avj olgan edi.

“Tehron oliy ta'lim maskanlarida tinch namoyish qilganlar xavfsizlik organlari tomonidan tazyiqqa olinayotganidan xavotirdamiz va bunday harakatlarga qarshimiz", - deydi Karin Jan-Piyer, Prezident Jo Baydenning matbuot kotibi.

Jan-Piyer deydiki, Eronda talabalarning 22 yoshli Mahsa Aminiy o'limi yuzasidan g'azabga kelgani asosli.

"Ular o'z tengdoshlarining qadri va o'zlari uchun yashash va ravnaq topish huquqi uchun kurashmoqda", - deydi rasmiy.

Eron rahbariyati va diniy boshqaruvi esa bu namoyishlarda G'arbni ayblab, norozilik chiqishlari oddiy odamlarning ishi emas, deya bong urmoqda.

Ulamolar nazarida bu harakatlar ortida Amerika va Isroil turibdi.

Ko'plab eronliklar yashovchi Los-Anjeles shahrida Eron hukumatiga qarshi namoyishlar, 1-oktabr, 2022
Ko'plab eronliklar yashovchi Los-Anjeles shahrida Eron hukumatiga qarshi namoyishlar, 1-oktabr, 2022

Uch hafta oldin boshlangan namoyishlar tinimsiz bosim ostida, ammo tinmayapti. Ular bostirish uchun katta sonda xavfsizlik xodimlari safarbar etilgan.

Kamida 14 odam o'lgan. 1500 kishi hibsga olingan. Huquq tashkilotlari hisonicha esa kamida 130 fuqaro halok bo'lgan.

Hukumatga ko'ra, Aminiyning o'limi baxtsiz hodisadir va unda tizimni la'natlash noto'g'ri.

Aminiy boshini ochib yurganlikda ayblanib, ahloq politsiyasi tomonidan olib ketilgan. Mahbus politsiya qo'lida o'zidan ketgan va uch o'tib, vafot etgan.

Parijda Eron hukumatiga qarshi namoyishlar, 2-oktabr, 2022
Parijda Eron hukumatiga qarshi namoyishlar, 2-oktabr, 2022

Rasmiy xulosaga ko'ra, u yurak xurujidan o'lgan. Oilasiga ko'ra esa qizning yuragida muammo bo'lmagan. Hibsga olinganida Mahsa soppa-sog' joyida edi, deydi yaqinlari. Ular tizimni qiynoqlarda ayblamoqda.

Aminiy o'limi yuzasidan namoyishlar nafaqat Eronda, balki boshqa davlatlarda, jumladan AQSh va Yevropa bo'ylab ham kuzatilmoqda.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken deydiki, "Mahsa Aminiy shafqatsiz hukumat tomonidan hibsga olinmaganida hozir tirik yurgan bo'lar edi. Davlat uning nima kiyib-kiymasligi, qanday kiyib-kiymasligini belgilagani uchun bu qizning hayotiga nuqta qo'yildi".

AP va AFP axborotiga tayanildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG