Breaking News

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining so'nggi kuni tafsilotlari


Bugun Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda turli siyosiy, iqtisodiy, gumanitar, mintaqaviy mavzular muhokama etildi, har bir davlat rahbari o’z mamlakati uchun muhim bo’lgan masalalarni ko’tardi.

Xalqaro hayot - 16-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:13:30 0:00

Samarqand sammitida Eronni tashkilotga to’laqonli a’zo sifatida qabul qilishni ko’zda tutuvchi majburiyatlar memorandumi imzolandi. Bu degani Hindistonda bo’ladigan keyingi sammitda islomiy respublika to’liq a’zo sifatida qatnashadi. A'zolikka navbatda endi Belarus turibdi. Yana bir necha davlatga muloqot bo’yicha sheriklar maqomini berishga qaror qilindi. A’zo davlatlar guruh safini kengaytirib, uni jiddiy va samarali tashkilotga aylantirish ahdida qat’iy.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Ukrainadagi urush sabab ta’minot zanjirlaridagi jiddiy uzilish oqibatida dunyo oziq-ovqat va yoqilg’i inqiroziga duch kelganini ta’kidlab, ShHT hududlarida ta’minot zanjirlarini xilma-xillashtirishga, transport tizimini yaxshilashga chaqirdi.

Qozog’iston rahbari Qosim-Jo’mart To’qayev tashkilotga turli mintaqalardan mamlakatlar kirganini aytib, unda g’oyalar qarama-qarshiligi va blok sifatida siyosat yuritish amaliyoti yo’qligiga e’tibor qaratdi.

Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Afg’oniston masalasini ko’tarib, ishtirokchilarni bu davlatda turli yo’nalishlarda amalga oshirilayotgan ijobiy tashabbuslarni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi, afg’on muammolariga e’tiborsizlik jiddiy xato bo’lishini aytdi.

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko 2024-yilda ShHTning yozgi, 2026-yilda esa qishki sport musobaqalarini o’tkazishni taklif etdi, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham o’xshash taklifni olg’a surdi. Ma’lumki, Olimpiya o’yinlaridagi doping bilan bog’liq mashmasha hamda Ukrainadagi urush sabab joriy etilgan G’arb sanksiyalari oqibatida Belarus va Rossiya sportchilarining xalqaro musobaqalardag ishtiroki keskin cheklangan.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Shanxay hamkorlik tashkilotini Turkiya uchun Osiyoga darcha deb atadi, yangi adolatli dunyo tartibini o’rnatishga chaqirdi.

Putin va Erdog’an sammit doirasida o’zaro muloqot qilib, Ukrainadagi vaziyat, g’allani dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqishga doir kelishuv xususida gaplashdi.

Bir necha kun oldin Putin BMT va Turkiya vositachiligida erishilgan bu kelishuvni oziq-ovqatga muhtoj mamlakatlarni bug’doy bilan ta’minlash bahonasida imzolangan shartnoma deb atadi va uni uzaytirish ishtiyoqi yo’qligini aytdi.

Rossiya rahbari ShHT sammitida qatnashgan BMT bosh kotibining o’rinbosari Rozmari Dikarloga shikoyat qilib, bitim doirasida Rossiya o’g’iti va oziq-ovqatini eksport qilishda to’siqlar qo’yilayotganiga, g’alla rivojlanayotgan mamlakatlar o’rniga G’arb davlatlarida qolib ketayotganiga ishora qildi.

Xitoy Prezidenti Si Zinpin esa Rossiya va ushbu mintaqaviy tashkilotning boshqa a’zolarini bir-birini qo’llab-quvvatlab, xorijiy kuchlarning rangli inqiloblarni uyushtirish harakatlariga to’siq qo’yishga chaqirdi.

Unga ko’ra, Xitoy kelasi 5 yilda a’zo davlatlarning 2000 nafar xavfsizlik idoralari xodimini qayta tayyorgarlikdan o’tkazib, terrorga qarshi kurashga urg’u beruvchi tayyorgarlik markazi tashkil etadi.

Xitoy rivojlanayotgan mamlakatlarga favqulodda yordam tariqasida 214 million dollarga teng bug’doy va boshqa mahsulotlar berishga tayyor, dedi Si.

Sammit yakunida davlat rahbarlari Samarqand deklaratsiyasini imzoladi. Ushbu hujjatda ular dunyoda yadro qurolini tarqatmaslik va yadroviy qurolsizlanishni davom ettirish tarafdori ekanini aytib, terrorizmni jilovlash, uning tarqalishining oldini olish, Afg‘onistondagi vaziyatni tezroq tartibga solish zaruratini urg’ulashdi, terrorizmga qarshi kurash bahonasida davlatlar ishlariga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligini, o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish amaliyoti kengaytirilishini ta’kidlashdi.

G’arb Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatini kuzatar ekan, Rossiya, Xitoy va Eron kabi g’anim mamlakatlarni o’z ichiga olgan guruhni o’ziga tahdid deb biladi.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG