Ukrainadagi urush va Markaziy bank o’rnatgan yuqori foiz stavkalari Amerika dehqonlari uchun noqulay va mavhum muhitni yuzaga keltirdi. Biz Illinoys shtatidagi dehqonlar bilan navbatdagi hosil mavsumi haqida gaplashdik.
Deyvid Ayzermen kabi dehqonlar uchun Ukraina urushi kutilmagan balo bo’ldi.
“U butun tizimni izdan chiqardi. Narxlar oshib ketdi”, - deydi fermer.
Narxlarning eng katta o’sishi o’g’itlarda kuzatildi.
“Muammo shundaki, Rossiya va ularning ittifoqchisi Belarus biz foydalanadigan uchta narsa - azot, fosfor va kaliyning asosiy yetkazib beruvchisi hisoblanadi. Mana shu ta’minot yo’li uzildi. Dunyoning ikkita yirik ta’minotchisini tizimdan chiqarsangiz, bu narsalarga ta'sir qiladi", - deydi u.
Ukrainadagi urushning ikkinchi yili davom etar ekan, Ayzermen yangi ekin mavsumiga tayyorlanmoqda. U hozircha ta'minot zanjiri muammolari kamayganidan xursand.
“Vaziyat biroz yaxshilandi. Narxlar tushmoqda. Don narxi ham pasaygan. Odamlar o'g'it sotib olishda ilgarigidek tajovuzkor emas. Bu narsa talabni muvozanatlashga yordam beradi”, - deydi u.
“CommStock Investments” kompaniyasi vakili Jou Kempga ko’ra, makkajoʻxori, soya va bugʻdoy kabi mahsulotlarning narxi Rossiya va Ukraina 2022-yilda BMT va Turkiya vositachiligida gʻalla sotish boʻyicha kelishuvga erishganidan keyin barqarorlashdi.
"O'shandan beri talabning sezilarli o'sishini ko'rmadik, ammo bu kelajakda o'zgarishi mumkin", - deydi u.
17-may kuni yana ikki oyga uzaytirilgan don bitimi to’xtab qolsa, vaziyat o’zgarishi muqarrar.
“Bitim narxlarni arzonroq ushlab turishga yordam bermoqda. Arzon bug’doy va makkajo’xori bilan ham shunday. Rossiya va Ukrainadan ta’minot to’xtasa, narxlar oshib ketgan bo’lardi”, - deydi Kemp.
Qora dengiz g'alla kelishuvi dehqonlarning xom-ashyo narxiga ham ta'sir qiladi.
"G'alla bo'yicha kelishuv Rossiyaga o'g'itlarni jo'natishni davom ettirish imkonini beradi. Shu bois hozir zaxiramiz yaxshi va yangi mavsumda hech bo'lmaganda arzonroq narxlardan foydalanamiz", - deydi ekspert.
Ayzermen ekinlarni ekish va yetishtirish uchun kamroq pul sarflayotgan bo'lsa-da, bank foiz stavkalarining o'sishi tufayli uning moliyaviy xarajatlari ko’paydi.
“Bu hamma narsaga ta’sir qiladi”, - deydi u
AQShning toraygan mehnat bozori Ayzermen uchun mavsumiy ishchi topishni ham qiyinlashtirdi.
"Doningizni tashish uchun odam kerak. Agar yuk mashinangiz bo'lmasa, bu juda qiyin. Bizda yuk mashinalarini boshqaradigan odam yetishmayapti", - deydi fermer.
Ayzermen sekin-asta dehqonchilik ishlarini avtomatlashtirish yo’lidan bormoqda. Bu yilgi hosilni ekish va yig‘ib olishda u, asosan, o‘ziga va oila a’zolariga tayanishdan boshqa chorasi yo’q.
Facebook Forum