Armaniston va Ozarbayjon o'rtasida dushanba kuni boshlanishi kutilgan AQSh vositachiligidagi yangi tinchlik muzokaralari noma’lum vaqtga qoldirildi.
“Ozarbayjon tomonining iltimosiga koʻra, kelasi hafta Vashingtonda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan muzokaralarning navbatdagi bosqichi qoldirildi”, - dedi Armaniston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ani Badalyan payshanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida. - Uchrashuvning yangi muddati haqida jamoatchilik tegishli ravishda xabardor qilinadi".
Badalyan avvalroq Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlarining 12-iyunga mo‘ljallangan muzokaralari qo‘shnilar o‘rtasidagi munosabatlarni barqarorlashtirish va tinchlik shartnomasiga erishishga qaratilganini bildirgan edi.
Mamlakatlar Ozarbayjon hududida joylashgan, lekin asosan etnik armanlar istiqomat qiladigan Tog‘li Qorabog‘ mintaqasi bilan bog‘liq o‘nlab yillik mojaro taqdiri yuzasidan gaplashishi rejalangan.
Kuzatuvchilar muzokaralar qiyin kechishini bashorat qilib, tomonlar o‘rtasida mustahkam tinchlik kelishuviga erishish yo‘lida ko‘plab to‘siqlar borligini aytadi.
“Togʻli Qorabogʻ mintaqasi Ozarbayjonning bir qismi sifatida tan olingan boʻlsa ham, agar Ozarbayjon hukumati Qorabogʻ armanlarining xavfsizligini kafolatlamasa, Armaniston hukumati Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasini imzolamaydi”, - deydi AQSh Tinchlik institutining Rossiya va Yevropa markazi direktori vazifasini bajaruvchi Xezer Eshbi.
“Ozarbayjonning Qorabogʻ armanlarini Ozarbayjon tarkibiga qoʻshish rejasi tinchlik muzokaralarida muhim rol oʻynaydi”, - deya qo’shimcha qildi u.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi 6-iyun kuni “Tvitter”dagi sahifasida Tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan va Davlat departamenti kotibining Yevropa va Yevroosiyo masalalari byurosidagi asosiy yordamchisi Derek Xogan Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini “normallashtirish jarayonining asosiy masalalarini muhokama qilishgan”i haqida xabar berdi.
Ular “chegara delimitatsiyasi va xavfsizligi”, shuningdek, Tog‘li Qorabog‘ hududida yashovchi aholining “huquqlari va xavfsizligi”ni muhokama qildi, deb yozdi vazirlik.
Davlat departamenti matbuot kotibi oʻrinbosari Vedant Patel shu hafta boʻlib oʻtgan brifingda jurnalistlarga “Qoʻshma Shtatlar Vashingtonda muzokaralarning navbatdagi raundiga mezbonlik qilishni intiqlik bilan kutmoqda, chunki tomonlar Janubiy Kavkaz mintaqasida tinch kelajakka intilishda davom etmoqda”, dedi.
“Biz toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot mustahkam va munosib tinchlikka erishishning kaliti ekanligiga ishonishda davom etamiz”, dedi Patel.
AQSh bosh diplomati Entoni Blinken may oyida kechgan birinchi muloqotda tinchlik kelishuvi yaqin ekanini aytgan edi.
Ayni paytda Armanistonga Tog‘li Qorabog‘ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkonini beruvchi yagona quruqlik yo‘li bo‘lgan Lochin koridorining Ozarbayjon tomonidan blokadaga olinishi sababli ikki sobiq Sovet respublikasi o‘rtasida keskinlik saqlanib qolmoqda.
“Xavfsizlikni yaxshilashning boshlangʻich nuqtasi sifatida biz Ozarbayjonni Togʻli Qorabogʻga doimiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish, shuningdek, tovarlar va odamlarning Lochin yoʻlagi orqali erkin yurishi va harakatlanishini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishga chaqiramiz”, - dedi AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidagi vakili, elchi Maykl Karpenter.
U barcha tomonlarni "provokatsion, tahdidli yoki dushmanona harakatlar yoki ritorikadan tiyilish"ga chaqirdi; shu bilan birga, Vashington "bardoshli va barqaror tinchlik kelishuvi"ni qo'llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Lochin yo‘lagi Armanistonni tog‘li anklavdagi 120 000 etnik armanlar bilan bog’laydi. Yo‘lak 2020-yil dekabridan beri Rossiya tinchlikparvar kuchlari tomonidan nazorat qilinmoqda.
“Amnesty International” ma'lumotlariga ko'ra, blokada Tog'li Qorabog'dagi etnik arman aholisini zarur tovarlar va xizmatlardan, jumladan, hayot uchun muhim dori-darmonlar va sog'liqni saqlash xizmatlaridan mahrum qilgan.
Huquq tashkilotining aytishicha, Ozarbayjon hukumati blokadani olib tashlash uchun hech qanday chora ko'rmay, inson huquqlari bo'yicha o'z majburiyatlarini bajarmayapti.
Ozarbayjon esa quruqlikdagi yo‘l gumanitar yuklar, favqulodda vaziyatlar xizmatlari va tinchlikparvar kuchlar uchun ochiqligini aytmoqda.
2022-yil noyabr oyida Blinken Vashingtondagi Bler Xausda tinchlik muzokaralari uchun Armaniston va Ozarbayjon tashqi ishlar vazirlarini qabul qilgan edi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev fevral oyida Myunxen xavfsizlik konferensiyasi doirasida Blinken mezbonligida yuzma-yuz uchrashgan.
“Har qanday barqaror tinchlik uchun Armaniston va Ozarbayjon aholisi tinchlikning qadrini bilishi kerak”, - dedi ekspert Xezer Eshbi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
"30 yil davomida ikki davlat o'zaro zo'ravonlik va mojarolarni boshidan kechirdi. Tinchlik kelishuvi har ikki mamlakat aholisiga sezilarli ta'sir ko'rsatadi. Aholining bu kelishuvga munosabatini nazardan qochirmaslik kerak", - deya qo’shimcha qildi u.
Facebook Forum