Xitoy hukumatiga ko'ra, Arab ligasi uning Shinjon-uyg'ur muxtoriyatidagi siyosatini yoqlaydi. Bu hududni uyg'urlar Sharqiy Turkiston deb ataydi va Pekinni bu elatni yo'q qilishga urinayotganlikda ayblaydi.
Yaqinda arab delegatsiyasi Shinjonga safar qilganida, Xitoy davlat mediasi uni keng yoritib, mehmonlarning "o'ta ijobiy taassurotlari"ga urg'u berdi.
Mutaxassislar esa propaganda va haqiqat orasidagi farq katta ekanini ta'kidlab, Pekinning maqsadi Shinjondagi adolatsizlar va huquqbuzarlikni yopish, deydi.
G'arb hukumatlari Pekinni uyg'urlarni majburlab ishlatayotganlikda, diniy va etnik erkinliklarini poymol etayotganlikda ayblab keladi.
AQSh nazarida Xitoy uyg'urlarga nisbatan genotsid bilan band. Pekin buni inkor etadi.
Xitoy davlat matbuoti yoritishicha, Arab ligasi G'arbning "genotsid" haqidagi iddaolariga ishonmaydi.
Pekinda Tashqi ishlar vazirligi bildirishicha, 30-maydan 2-maygacha davom etgan tashrif mobaynida arablar Shinjondagi taraqqiyotni ko'rgan, uyg'urlar turmushi bilan tanishgan.
"Arab ligasi delegatsiyasi Urumchi va Qashqarda masjidlar, islomiy dargohlar, bizneslar, tarixiy obidalarni ko'zdan kechirgan. Guruh, shuningdek, mintaqada terrorizm va radikalizmga qarshi qanday kurash olib borilayotganini, amaldagi choralarni ham ko'rgan. Uyg'urlar rohat-farog'atda yashayotgani aniq", - deyiladi vazirlik bergan bayonotda.
"Arab davlatlar Shinjonda musulmonlar va boshqalar ahil ekanini ko'rdi va Xitoy hukumati qilayotgan ishlarni e'tirof etdi".
Pekinga ko'ra, Arab ligasi bu masalada "hamisha odil" bo'lgan.
1945-yilda tashkil topgan Arab ligasiga 22 davlat a'zo. Hamkorlik va tinchlikni targ'ib qiluvchi organ asosan diplomatik platforma hisoblanadi.
Liga Xitoyning uyg'urlarga nisbatan jinoyatlarini oqlasa, BMT qarshiligiga uchraydi, chunki uning inson huquqlari agentliklari genotsid borasida isbot-dalillar to'plagan.
Bu masala bilan uzoq yillardan beri shug'ullanib kelayotgan Adrian Zenz deydiki, Arab ligasi uyg'urlar chekayotgan azobni yerga urishi noinsoniylikdir.
BMT o'tgan yili Shinjondagi vaziyatni tahlil qilib, mintaqada insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilmoqda deb xulosa chiqargan.
Hisobotda hibslar, majburiy mehnat, madaniy assimilyatsiya, ta'qiblar, diniy va til bilan bog'liq cheklovlarni bayon etgan.
Uyg'ur faol Abdulhakim Idris qayd etishicha, Xitoy azaldan boshqa hamkorlaridan o'z qora ishlarini oqlash uchun foydalanib keladi. Shinjonga boradigan xorijiy delegatsiyalar "bizning siyosatimizni maqtayapti" degan materiallar yillardan beri chiqadi.
"Arab ligasining tashrifi - so'nggi misol. Uy'gurlarni qirayotganini shu tariqa yashirish payida", - deydi Idris, Xitoyga nisbatan.
Pekin rasmiy manbalari arab davlatlar va G'arb hukumatlari reallikka turlicha qarashini ta'kidlab, ligaga sadoqati uchun tashakkur bildirgan.
Xitoy ahliga taqdim etilgan telelavha va maqolalarda arablar Shinjonni zamonaviy muhit deya tasvirlagani ko'rsatilib, "inson huquqlari borasida vaziyat a'lo", deya uzatilgan.
Biroq Arab ligasi bu tashrif haqida na sayti va na ijtimoiy tarmoqlarda biror bayonot bergan. Liga rasmiylari bu masalada lom-mim demagan.
Jarayonlarni kuzatayotgan Idris deydiki, arab vakillar Shinjonda yurganida aytgan gaplari uchun javob berishi kerak. Ular bu maqtovni Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikka zarar yetmasligi uchun aytgan.
"Arab mamlakatlar, musulmon dunyosi bugun Xitoyga tobe", - deydi Idris.
U singari mutaxassislar yana bir omilga e'tibor qaratadi: inson huquqlari arab dunyosida ham xarob. Arab ligasiga kiruvchi hukumatlar dunyoning eng qo'pol huquqbuzarlaridir.