Germaniyada joylashgan Jahon uyg‘urlari kongressi 2023-yilgi Nobel Tinchlik mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatilmoqda.
Kanadalik qonunchilar va Norvegiyadagi "Yosh liberallar" guruhi rahbari hamda Norvegiyaning "Venstre" siyosiy partiyasi yoshlar qanoti tashkilot nomzodini ilgari surgan. Huquq tashkiloti tinchlik, demokratiya va "Xitoydagi repressiv rejim" ostida yashayotgan uyg'ur va boshqa turkiy xalqlar himoyasi uchun olib borgan faoliyati uchun tavsiya etilgan.
“Jahon uygʻurlari kongressining asosiy maqsadi uygʻur xalqi uchun demokratiya, inson huquqlari va erkinlikni targʻib qilish hamda uygʻurlarning oʻz taqdirini oʻzi belgilashiga yordam berish uchun tinch, zoʻravonliksiz va demokratik vositalardan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashdan iborat”, deyiladi nomzodlik e’lon qilingan qo’shma maktubda.
Tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti sovrindorini tanlaydigan qo'mita nomzodlarning ismlarini axborot vositalariga yoki nomzodlarga oshkor qilmaydi. Uning qoidalariga ko'ra, bunday ma'lumotlar 50 yil davomida sir qolishi kerak. Taqdirlash marosimi dekabr oyida Osloda bo'lib o'tadi.
Nomzodlik maktubida aytilishicha, Jahon Uyg’urlari kongressi Xitoy hukumati uygʻurlarga nisbatan qo’llagan “ulkan jismoniy, diniy, tilga oid va madaniy repressiya kampaniyasi” haqida dunyoni xabardor qilgan.
Pekin uyg'urlarga nisbatan zo’ravon munosabatda bo'lganini rad etadi. Xitoyning Sinxua davlat axborot agentligi bu ayblovlarni "G'arbdagi Xitoyga qarshi kuchlar" tomonidan uydirilgan "yolg'on" deb atagan.
"Shinjon bilan bog'liq muammolar umuman inson huquqlari, etnik kelib chiqishi yoki din bilan bog'liq emas, balki zo'ravon terrorizm va ayirmachilikka qarshi kurash bilan bog'liq", deyiladi Sinxua e’lon qilgan 2021-yilgi maqolada.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi uyg’ur tashkilotining tinchlik bo'yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida taqdim etilganini tanqid qildi.
Elchixona matbuot kotibi Lyu Pengyuning “Amerika Ovozi”ga elektron maktub orqali “mukofot bir nechta siyosatchi ixtiyoridagi siyosiy qurolga aylanib qolmasdan, global tinchlik va taraqqiyotga hissa qoʻshadi, degan umidda” ekanini aytdi.
"Jahon uyg'urlari kongressi deb atalmish tashkilot terror tashkilotlari bilan yaqin aloqaga ega. Bunday tashkilotni Nobel Tinchlik mukofotiga ko'rsatish dunyo tinchligiga o'ta ziyon keltiradi va Nobel Tinchlik mukofoti uchun kulgilidir", - deyiladi maktubda.
Oʻtgan yili avgust oyida BMTning inson huquqlari idorasi Shinjon boʻyicha hisobot eʼlon qilib, Xitoy hukumatining uygʻurlar va boshqa musulmon ozchiliklarga kasbiy taʼlim va oʻquv markazlari deb atalgan lagerlarda qilgan munosabati insoniyatga qarshi jinoyat boʻlishi mumkinligini taʼkidlagan edi. Qo'shma Shtatlar va boshqa bir qancha davlatlar mintaqadagi inson huquqlarining buzilishini genotsid deb tasniflagan.
“Xitoy hukumati bir necha oʻn yillar davomida xuddi shunday yolgʻon gapirib keladi”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda Jahon uyg’urlari tashkiloti vakili Zumretay Arkin.
"Jahon uyg’urlari kongressining Tinchlik uchun Nobel mukofotiga nomzodi koʻrsatilgani erkin va demokratik dunyo tashkilot faoliyatini qimmatli va muhim deb eʼtirof etganidan dalolatdir. Xitoy hukumati bunday tashkilotlarga tuhmat qilish oʻrniga, demokratik dunyoga quloq tutishi kerak", - dedi Arkin.
Tashkilot vebsaytiga ko'ra, Jahon uyg’urlari tashkiloti 2004-yilda Germaniyaning Myunxen shahrida Sharqiy Turkiston Milliy Kongressi va Jahon Uyg'ur Yoshlari Kongressi bir tashkilotga birlashishi ortidan tashkil etilgan edi.
Missiya bayonotida aytilishicha, "Jahon uyg’urlari kongressining asosiy maqsadi demokratiya, inson huquqlari va uyg'ur xalqi uchun erkinlikni targ'ib qilish va ularning siyosiy kelajagini aniqlash uchun tinch, zo'ravonliksiz va demokratik vositalardan foydalanishdir".
"Uyg'ur xalqining yagona qonuniy tashkiloti Sharqiy Turkistonda va uning tashqarisida Sharqiy Turkiston masalasini muloqot va muzokaralar hamda tinch yo'l bilan hal qilish yo'lini belgilashga harakat qilmoqda", deyiladi bayonotda.
Sharqiy Turkiston - ba'zi uyg'urlar Shinjon o'rniga foydalanishni afzal ko'rgan nom bo'lib, uning xitoycha nomi "yangi hudud" degan ma'noni anglatadi.
“Dunyo uygʻurlari kongressining uygʻur genotsidiga barham berish yoʻlidagi mashaqqatli mehnati eʼtibordan chetda qolmaganini koʻrish menda gʻurur uygʻotadi”, dedi tashkilot prezidenti Dolkun Isa matbuot bayonotida.
Nomzodlik “uyg‘ur xalqini qo‘llab-quvvatlash namoyishi” bo‘lgani uchun ham ahamiyatli, deya qo’shimcha qildi Isa.
Facebook Forum