Breaking News

Lukashenko vositachiligida "Vagner" rahbari bilan kelishuvga erishildi


"Vagner" janchilari Rostovni tark etdi
"Vagner" janchilari Rostovni tark etdi

Rossiyaning harbiy rahbariyatiga qarshi isyonga boshchilik qilgan “Vagner” xususiy harbiy guruhi rahbari Yevgeniy Prigojin Belarusga ko’chadi va unga qarshi jinoiy ayblovlar bekor qilinadi. Bu haqda Kreml ma’lum qildi.

Ushbu kelishuvga Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko vositachilik qilgan. Lukashenko Prigojinni 20 yildan beri shaxsan tanishini aytmoqda.

“Vagner” jangchilari ham jinoiy javobgarlikka tortilmasligi kafolatlangan. “Ularni frontdagi qahramonligi uchun hurmat qilamiz”, - deydi Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskov.

"Vagner" harbiy texnikasi bilan Rostovni tark etdi, 24-iyun, 2023.
"Vagner" harbiy texnikasi bilan Rostovni tark etdi, 24-iyun, 2023.

Qurolli isyonda qatnashmagan “Vagner” jangchilariga, Peskovga ko’ra, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish taklif qilinadi. Vazirlik 1-iyulgacha barcha avtonom ko’ngillik kuchlarni o’z nazoratiga olishni rejalamoqda.

Mudofaa vazirligida o’zgarishlar bo’ladimi degan savolga Peskov bu oliy qo’mondon vakolatiga kiradigan masala ekanini ta’kidladi. Askarlarini Rossiya shaharlaridan olib chiqish uchun Prigojinga shaxsiy xavfsizlikdan tashqari yana nima va’da qilingani ma’lum emas.

24-iyun kuni “Vagner” yollanma harbiylari Rostov-Don va Voronejdagi harbiy obyektlarni o’z nazoratiga olgach, Moskva tomon harakatlanayotgan edi. Yo’lda ularni harbiy vertolyotlar o’qqa tutgan.

Prigojin o’z harakatlarini harbiy to’ntarish emas, balki markazda o’tirgan layoqatsiz harbiy qo’mondonlarni olib tashlash uchun “adolat marshi” deb atagan. Ammo Moskvaga 200 kilometr qolganda kelishuvga erishilgani e’lon qilindi.

24-iyun kuni Moskvaga kirish yo'llari to'siq qo'yildi
24-iyun kuni Moskvaga kirish yo'llari to'siq qo'yildi

Prigojin askarlariga bazalariga qaytishni buyurar ekan, bu qarori qon to’kilishini oldini olishini aytdi.

Xalqiga favqulodda telemurojaatida Prezident Vladimir Putin “Vagner” askarlarining qurolli qo’zg’olonini xiyonat deya qoralab, Rossiyaga qarshi qurol ko’targanlar jazolanishini ta’kidlagan.

Putin Rostov-Don shahrida barqarorlikni tiklash uchun qat’iy choralar ko’rishga va’da berdi. Rossiyaning orqasiga pichoq urildi, dedi u nutqida.

“Prezident xiyonat haqida gapirib, chuqur xato qilayapti. Biz vatanga sodiqmiz, vatan uchun kurashdik va kurashamiz. Mamlakat korrupsiya, yolg’on va byurokratiya ichida yashashda davom etishini istamaymiz”, - deya javob berdi Prigojin.

Vagnerchilar 24-iyun kuni Moskva tomon harakatlanar ekan, poytaxtda favqulodda holat e’lon qilinib, xavfsizlik kuchaytirildi. Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” safida jang qilayotgan askarlarni guruhni va uning rahbarini tark etishga chaqirdi.

Rostov, 24-iyun, 2023
Rostov, 24-iyun, 2023

Prigojin kunning voqealari va o'z qarorlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda audio yozuvlar tarqatib turdi.

“Bizga qarshilik ko’rsatishga urinayotgan har bir kishini tahdid deb ko’ramiz va darhol yo’q qilamiz, jumladan yo’limizga to’g’anoq bo’ladigan har qanday nazorat o’tish punktlarini. Xotirjam bo’ling, provokatsiyalarga berilmang”, - dedi Prigojin.

“Vagner” rahbari Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtati qo’mondoni Valeriy Gerasimovning buyrug’i bilan uning jangchilariga raketalar va artilleriyadan hujum qilinganini da’vo qilgan. Gerasimov va Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, deydi u, “Vagner”ni yo’q qilishga qaror qilishgan.

AQSh Rossiyadagi voqealarni yaqindan kuzatmoqda. Davlat kotibi Entoni Blinken Yevropa Ittifoqi va “Katta Yettilik” guruhi doirasidagi ittifoqchilar bilan Rossiyadagi vaziyatni muhokama qilgan. Prezident Jo Bayden Fransiya, Germaniya va Britaniya rahbarlari bilan gaplashib olgan.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Yevgeniy Prigojinni qurolli isyonda ayblab, unga qarshi jinoiy ish ochilganini bildirgan edi. Kelishuv ortidan ayblov bekor qilindi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG