Yekaterina Kovalenko Ukrainadagi millionlab ichki qochqinlardan biri. Urush boshlanganda u 17 yoshda bo’lgan, ikki kun o’tib, 26-fevralda 18 ga to’ladi.
Urushgacha u Kramatorskda yashagan, rus armiyasi front chizig’idagi bu shaharni muttasil hujumga tutib keladi.
Urush ortidan shaharning aksariyat aholisi qochqinlikka yuz tutdi. Kimlardir Ukrainaning nisbatan tinchroq viloyatlariga, kimlardir xorijga, Yevropa davlatlariga evakuatsiya qilindi.
Yekaterina bir yilga yaqindirki Cherkassidan boshpana topgan, ammasi bilan qochqinlarga ajratilgan yotoqxonada yashaydi.
“Portlashlarni eshitib darhol o’rtog’imga qo’ng’iroq qildim, u ishonmadi, ammo urush boshlangan edi. Dastlabki kuni shahar markazidagi aeroportni nishonga olishdi. O’sha kuni kechqurun evakuatsiya bo’ladi deyishdi, ammo amalga oshmadi, chunki yo’lovchi poyezdlar ham hujum ostida edi. Ertasiga singlimni evakuatsiya qildik, Bukoveldagi bolalar lageriga. Keyin esa balog‘at yoshiga yetganlarni evakutasiya qilish boshlandi, men shunga qo’shildim. Drujkovkaga keldik, ammo u yer ham tinch emas edi, hatto shifoxonalarga ham raketalar tusha boshladi. Men o’shanda davolanayotgan edim. Biz Drujkovkada ekanmiz, Kramatorskdagi vokzal o’qqa tutildi, o’nlab odamlar, yosh go’daklar halok bo’ldi. Hujum paytida vokzalda evakuatsiya kutayotgan yuzlab odamlar bor edi, aksariyati jarohatlandi, bir necha o’nlab kishi halok bo’ldi”, - deydi u “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Yekaterina oiladagi to’ng’ich farzand, urush oila a’zolarini turli tomonga sochib yubordi.
Otasi keksa yoshli buvisi bilan Kramatorskda qolgan, singlisi Ukraina g’arbida, kichik yoshdagi ikki ukasi Rossiya nazoratidagi Donbassda, tutingan oilada yashaydi. Ota-onasi urushdan avval ajrashishgan. Katerina ukalari bilan aloqada, gaplashib turadi.
Tahlikali xotiralar ta’qibidan qutulmagan Yekaterina uchun nisbatan tinchroq Cherkassi shahri urushdan ancha uzoqdek tuyuladi:
“Bizni bu yerda yaxshi kutib olishdi, yordam berishdi. O’qishni davom ettiryapman, ishga ham joylashdim. Ishxonam menga yaxshi munosabatda. Yaqinda qochqinlarga mo’ljallangan yotoqxonadan joy ham berishdi, shu yerda yashayapman. Bu yerda front yaqinidagi shaharlardan kelgan qochqinlar juda ko’p, albatta aksariyat aholi buni tushunadi, xayrixoh. Biroq tushunmaganlari ham uchrab turadi. Bu yerda ham trevogalar bor, bu meni jiddiy tahlikaga soladi, Kramatorskdagi hujumlarni eslayman”.
Yekaterina hozir texnikumda o’qiyapti, urush tezda yakunlanishi haqidagi umidlari so’ngan. Cherkassi nisbatan tinch, ammo bu qanchaga ekanligi noma’lum.
“Uyga, Kramatorskka qaytishdan ma’no yo’q, shahar vayron qilingan. Hozircha shu yerda, biron gap bo’lsa, boshqa joydan boshpana izlash kerak. Urush yoshingdan qat’i nazar yashash uchun kurashga ham majbur qilar ekan”, - deydi u.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini Yekaterinani ona shahridan, o’z uyidan uzoqqa ko’chishga majbur qildi. Ukrainada Kovalenko kabi ichki qochqinlar soni bir necha million.
Bir yildan oshiq davom etayotgan urush aksariyat odamlarning uy-joyini, yashab kelgan ona shaharlari, qishloqlarini mutlaqo vayron qilgan.
Facebook Forum