Bayden ma'muryati bu hafta e'lon qilgan taklif AQShdan boshpana olish yo'lida yangicha talablar qo'yadi. Rad etilgan ajnabiyning deportatsiyasi tezlashadi va unga sudga murojaat qilish huquqi berilmasligi mumkin.
Meksika bilan chegarada boshpana so'rab turganlarning oqimini nazorat qilish uchun tashlanayotgan bu qadam immigratsiya huquqi himoyachilari tomonidan qoralanmoqda.
Taklifga ko'ra, migrant avvalo Amerikaga kelishning boshqa qonuniy yo'llarini ko'rib chiqqan bo'lishi yoki boshqa davlatdan boshpana ololmaganini isbotlashi kerak. Mavjud imkoniyatlardan foydalanib ko'rganiga asos ko'rsata olmagan kishi orqaga qaytariladi.
Amerika hukumatining qayd etishicha, bunday yangi choralar davlat darvozalari yopilayotganini anglatmaydi.
Ichki xavfsizlik vazirligidagi mutasaddilar taklif ortidagi asosiy sabab ko'plarning soxta sabablar bilan AQShda qolishga urinishidir, deydi. Boshpana olib berish uchun migrantlardan katta pul oladigan, ularga qonunlarni suiiste'mol qilishni o'rgatadigan uyushgan jinoiy guruhlar bor, deya ta'kidlaydi rasmiylar.
Jamoatchilik bu taklifga may oyigacha fikr bildirishi mumkin. Oq uy bu chorani yozga borib qo'llay boshlashga bel bog'lagan.
Tanqidchilar mazkur harakatni 2019-yilda Tramp ma'muriyati tanishtirgan siyosatga o'xshatmoqda. O'shanda federal sudlar bu ishni noqonuniy deb topib, cheklagan.
Luteran immigratsiya va qochqinlar xizmati degan nohukumat tashkilot rahbari Kris Omara Vignaraja deydiki, Bayden ma'muriyati bu qadamlari bilan uzoq davr mobaynida ish bergan qonunlar va xalqaro kelishuvlardan yuz o'girmoqda.
Prezident Jo Bayden boshpana berish borasida ijobiy o'zgarishlar va'da qilgan edi, deydi huquq himoyachisi.
"Hayoti xavf ostida bo'lgan odamlardan oldin boshqa joydan boshpana so'ra; ololmasang, keyin bizga kel, deb talab qilish mantiqsizlik va vijdonsizlikdir", - deya tahlil qiladi Vignaraja.
"Bu odamlar madad so'rab aynan sizga, Amerika tizimiga murojaat qilmoqda. Ularning mamlakatida va atrofdagi boshqa davlatlarda najot yo'q."
Bayden ma'muriyati a'zolari so'zlariga ko'ra, hozirgi siyosat Donald Tramp prezidentligi davridagidan tubdan farq qiladi.
AQSh hamon o'z vatanida irqi, dini, elati, siyosiy fikri, biror guruh vakili ekani uchun joni tahdid ostida qolgan insonlarning boshpana uchun bergan arizalarini ko'rib chiqadi va insonparvarlik siyosatidan chekinmagan, deydi rasmiylar.
“Biz immigrantlar mamlakatimiz. Shu bilan birga, biz - qonunlar ustuvor mamlakatmiz, - deydi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas. - Biz AQShga kelish uchun qonuniy yo'llar va imkoniyatlarni mustahkamlayapmiz. Shuningdek, tizimimizni himoya qilayapmiz".
Immigratsiya huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Bayden ma'muriyatini sudga berish taraddudini ko'ra boshlagan.
Facebook Forum