Breaking News

Bayden: Pandemiya ortda qoldi, AQSh demokratiyasi mustahkam


AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023
AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023

Prezident Jo Bayden Amerikaga xalqiga yillik hisobotini berar ekan, davlatni har doimgidan ham kuchli va mustahkam, deya ta'rifladi.

"Biz har bir inqirozdan yanayam kuchliroq chiqqan yagona mamlakatmiz. Bu safar ham shunday bo'ldi. Ikki yil oldin iqtisodimiz tushkun ahvolda edi. Biz ikki yil ichida 12 million yangi ish o'rni yaratdik. Biror prezident bunday yutuqqa hatto to'rt yillik muddatda ham erishmagan", - deydi Bayden.

"Ikki yil oldin koronavirus pandemiyasi sabab bizneslar, maktablar va boshqa muasssasalar yopiq edi. Imkoniyatlarimiz cheklangan edi. Bugunga kelib, pandemiyadan chiqdik".

Bayden hisoboti/Respublikachilar munosabati
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:47 0:00

"Ikki yil oldin demokratiyamiz misli ko'rilmagan tahlika ostida edi. Biz uni barbod qilishlariga yo'l bermadik", - deydi prezident.

Bayden yangi saylangan Kongressni u bilan yaqindan ishlab, murosa yo'lidan borishga undamoqda. "Birdamlik zarur. O'rta sinfni kuchaytirish kerak".

Iqtisodiy rejalarini targ'ib qilar ekan, Bayden kambag'al qatlamni ko'tarishga bel bog'laganini aytdi. Ishchi-mehnatkashlar uchun sharoit yaxshilanadi, deya va'da berdi prezident. Bayden milliarderlar ko'proq soliq to'lashini, dori-darmon arzonlashishi va ijtimoiy himoya oshishini istaydi.

Prezident Jo Bayden Kongressda Vakillar palatasining yangi spikeri Kevin Makkarti bilan ko'rishmoqda, Vashington, 7-fevral, 2023
Prezident Jo Bayden Kongressda Vakillar palatasining yangi spikeri Kevin Makkarti bilan ko'rishmoqda, Vashington, 7-fevral, 2023

Amerika bo'ylab ishsizlik ayni damda 3,4 foizda. O'tgan yarim asr mobaynida bu qadar past bo'lmagan. Bayden bu borada ham maqtandi.

Inflyatsiya darajasi, 6,5 foiz, hamon o'ta yuqori, deya tan oladi prezident, "biroq boshqa mamlakatlarga qaraganda qattiqroq jilovlangan".

Bayden deydiki, yiliga 100 ming dollardan oshiq maosh olish uchun oliy ma'lumotli bo'lish yoki uzoqda ishlash shart emas. Odamlar mehnati uchun munosib haq olishi zarur, deydi u, shunday ish o'rinlari yaratishga so'z berar ekan.

Demokrat rahbarga ko'ra, mahalliy ishlab chiqarish, qurilish, texnologiya va innovatsiya borasida o'zgarishlar boshlangan va ular davom etishi uchun ko'proq sarmoya qilish zarur.

AQSh prezidentlari qachondan beri xalqqa hisobot qiladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:25 0:00

Sog'liqni saqlash xususida gapirar ekan, Bayden har 10 amerikalikdan biri diabetga chalinganini aytdi. Ularga zarur vositalar qimmatlashmasligi kerak, hukumat yordamni oshiradi, deydi u. Prezident tibbiyot va tibbiy xizmat sohasida aholiga yangi imtiyozlar bermoqchi.

Bayden abort huquqini federal miqyosda tiklashga chaqirdi. O'tgan yili Oliy sud bu erkinlik konstitutsiyada kafolatlanmagan, deya qaror chiqarib, bu masalani shtatlari o'zlari hal qilishi kerak, deya ko'rsatma bergan. Demokratlar, jumladan Prezident Bayden bu qarorni inson huquqlarinining cheklanishi deb biladi.

Iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurash iqtosodiyotni yashillashitirishni talab qiladi, deydi Bayden, Amerika investitsiyani kengaytiradi.

Byudjetdagi kamomadni kamaytirish - birlamchi vazifalardan biri, ammo Kongress sarf-xarajatlar uchun mablag'ni ta'minlashi, zaruratlarni tushunishi lozim, dedi prezident.

Bayden aholi uchun xizmat haqlarini pasaytirish, maoshni oshirish, bizneslarga to'lovlarni belgilashda cheklovlar qo'yish zaruratini ham tilga oldi va Kongressdan bu boradagi takliflarini quvvatlashni so'radi.

AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023
AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023

Prezident qurol nazoratini kuchaytirish payida. Amerikada har yili qurolli jinoyatlardan minglab odamlar halok bo'ladi. "Boshqa toqat qila olmaymiz, chora hozir va darhol ko'rilishi shart", - deydi Bayden.

Immigratsiya tizimini isloh qilish va chegaralarni mahkamlash uchun Oq uy allaqachon o'z yechimlarini qonunchilarga ma'lum qilgan, "ularning ma'qullanishini kutayapmiz".

Bayden Ukrainadagi urushga alohida to'xtalib, Rossiya hukumati, xususan Prezident Vladimir Putinni qoraladi.

"Biz NATO bilan birga global koalitsiya tuzganmiz. Putinning agressiyasiga qarshimiz. Ukraina xalqi bilanmiz", - deydi u.

Vashington Ukrainaga har tomonlama yordamni to'xtatmaydi. Uning suvereniteti, erkinligi va tinchligi uchun hissa qo'shish, deyd Bayden, nafaqat Yevropa, balki dunyo barqarorligini ta'minlash uchun tashlanayotgan qadamdir.

"Biz Xitoy bilan raqobatdamiz, urush istamaymiz", - deydi prezident, eng katta raqibga ishora qilib.

Uning so'zlariga ko'ra, Amerika Xitoy bilan o'zaro manfaatlar yo'lida hamkorlik qilishni xohlaydi.

Amerika harbiy salohiyatini oshiradi, deydi Bayden, davlat bu jihatdan dunyoda eng qudratlisi bo'lib qoladi.

"Xitoy suverenitetimizga tahdid solsa, chora ko'ramiz".

Amerika prezidenti fikricha, yakkahokimlikka qarshi kurash tinmasligi kerak.

"O'tgan ikki yilda demokratiyalar yanayam tetiklashib, avtokratiyalar zaiflashdi", - deydi Bayden.

AQSh barcha davlatlar bilan ishlaydi, agar manfaatlar mushtarak bo'lsa, maqsad ezgu bo'lsa, deydi prezident.

"Amerikaga qarshi bel bog'lash qimmatga tushadi,- deya ogohlantirdi u.

AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023
AQSh Kongressi, Vashington, 7-fevral, 2023

"Demokratiya - partiyaviy masala emas, milliy. Har bir avlod bu mamlakatda uni himoya qilib, uni eplashi zarur. Hozir - shunday davr".

Bayden fikricha, har bir amerikalik ayni damda kelajak uchun har doimgidan ham ko'proq qayg'urishi, qadriyatlarni asrab-avaylashi kerak.

"Tomoshabin bo'lmang. O'zingizni kuchsiz hisoblamang. Biz o'zimiz uchun kurashga qodirmiz, biz - xalqmiz".

"Biz boshidan optimist va intiluvchan yurt bo'lganmiz. Biz zulmat emas, nur tomon yuramiz. Qo'rquv emas, umid; tarqoqlik emas, birdamlik, g'alayon emas, barqarorlik sari qadam tashlashga o'rganganmiz".

Amerikaliklar bir-biriga dushman emas, birodardir, deydi prezident, "AQSh yaralibdiki, yaxshilikka asoslangan".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG