Breaking News

AQSh Isroil uyushtirgan qonli reyd yuzasidan xavotir bildirdi


Falastin bayrog'ini ko'tarib turgan falastinlik, G'azo, Falastin, 2023-yil, 26-yanvar
Falastin bayrog'ini ko'tarib turgan falastinlik, G'azo, Falastin, 2023-yil, 26-yanvar

Payshanba kuni Isroil kuchlari bosqini ostidagi G‘arbiy Sohilning Jenin shaharchasida to‘qqiz falastinlik, jumladan, bir keksa ayol Isroil kuchlari uyushtirgan reyd paytida o‘ldirilgan. Qo‘shma Shtatlar voqea yuzasidan xavotir bildirib, vaziyatni keskinlashtirmaslik lozimligini ta’kidladi.

Davlat departamentining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha yuqori lavozimli rasmiysi Davlat kotibi Entoni Blinkenning mintaqaga tashrifidan bir necha kun oldin sodir bo‘lgan bu voqeani “afsuslanarli” deb atadi.

AQSh Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo'yicha yordamchisi Barbara Lif ayni paytda Isroil bilan xavfsizlik bo'yicha muvofiqlashtirishni to'xtatayotganini e'lon qilgan Falastin ma'muriyatini bu qarordan qaytishga chaqirgan.

“Biz Falastin maʼmuriyati yuqori martabali amaldorlari bilan doim aloqadamiz. Shubhasiz, biz buni hozir qilish kerak bo'lgan to'g'ri qadam deb o'ylamaymiz, - dedi Lif jurnalistlar bilan telefon orqali bo’lib o’tgan brifingda. - Biz tomonlarni xavfsizlikni muvofiqlashtirishni saqlab qolishga, aksincha, iloji bo’lsa, buni chuqurlashtirishga chaqirib qolamiz”.

Lifga ko’ra, Blinken kelasi kunlarda Misr, Isroil va G'arbiy Sohilga tashrifi chog'ida Falastin va Isroil rasmiylari bilan gaplashadi. Davlat kotibining mintaqaga safari 29-31-yanvar kunlariga belgilangan.

Yil sarhisobi: Bayden Yaqin Sharqda nimalarga erishdi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Davlat departamenti ma’lumotiga ko’ra, Blinken Yaqin Sharqdagi hamkorlari bilan Rossiyaning Ukrainaga bosqini, Eron, Isroil-Falastin munosabatlari, inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni himoya qilish kabi masalalar boʻyicha muloqot qiladi.

Isroil shu paytgacha Ukrainaga tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatdi, biroq harbiy texnika jo‘natishdan bosh tortmoqda. Ukrainaga qurol yetkazish, Isroil nazarida, qo‘shni Suriyada Isroilning xavfsizlik manfaatlariga putur yetkazishi mumkin. Chunki bu yerda Rossiya kuchlari joylashgan.

Qo'shma Shtatlar Isroilning Rossiya-Ukraina urushidagi pozitsiyasini tanqid qilishdan tiyilgan holda Ukrainani qo'llab-quvvatlashga undashda davom etmoqda.

Blinkenning Yaqin Sharqqa safari Oq uyning Milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan 18-20-yanvar kunlari Isroil va Falastin yetakchilari bilan uchrashishi ortidan bo’lib o’tmoqda.

AQShning Yaqin Sharq siyosatida Eron mavzusi alohida o’rin tutadi. Vashington Tehronni Ukrainada foydalanishi uchun Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berganlikda ayblab, bunday harbiy yordamni “juda beqarorlashtiruvchi” deb atadi.

Eron Rossiyaga uchuvchisiz samolyotlar yetkazib berganini tan oldi, biroq bu transfer Moskvaning Ukrainadagi urushidan oldin amalga oshirilganini taʼkidladi.

Blinken safari davomida Quddusda Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu, Tashqi ishlar vaziri Eli Koen va boshqa yuqori martabali amaldorlar bilan uchrashadi. G'arbiy Sohilda u Falastin ma'muriyati rahbari Mahmud Abbos va boshqa rasmiylar bilan ham uchrashishi belgilangan.

Yanvar oyi boshida Isroilning o’ta millatchi vaziri al-Aqso masjidiga tashrif buyurgach, BMT Xavfsizlik Kengashi aʼzolari Quddusning muqaddas joylarida tarixiy status-kvoni saqlab qolish zaruratini muhokama qildi.

Qohirada AQSh davlat kotibi Misr Prezidenti Abdul Fattoh al-Sissi va Tashqi ishlar vaziri Samih Shukri bilan uchrashib, AQSh-Misr strategik hamkorligini rivojlantirish, Liviyadagi saylovlarni birgalikda qoʻllab-quvvatlash hamda Sudandagi siyosiy jarayonlarni muhokama qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG