Breaking News

“Al-Jazira” o'ldirilgan jurnalist ishi bo’yicha xalqaro sudga murojaat qildi


“Al-Jazira” telekanali jurnalist Shirin Abu Aqla Isroil kuchlari tomonidan o’ldirilganini aytib, Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilmoqda.

Qatarda asoslangan kanal falastinlik-amerikalik muxbirning shu yilning may oyida G’arbiy Sohilda, Jenin shahrida Isroil armiyasi reydini yoritish chog’ida otib o’ldirilganiga oid “yangi dalillarni” qo'lga kiritganini bildirdi.

Gaagada joylashgan Xalqaro jinoiy sudga har qanday shaxs yoki guruh shikoyat bilan murojaat qilishi mumkin, ammo sud ishni ko’rib chiqishga majbur emas.

“Al-Jazira”ning bildirishicha, “yangi guvoh va video Shirin va uning hamkasblari Isroilning okkupatsion kuchlari tomonidan to’g’ridan-to’g’ri o’qqa tutilganini aniq ko’rsatadi”.

Kanalga ko’ra, Isroilning jurnalist otishmada xatolik tufayli o’ldirilgani haqidagi da’vosi mutlaqo asossiz.

Xalqaro jinoiy sud o’tgan yili Falastin hududlarida urush jinoyatlari bo’yicha tergov boshlagan, biroq Isroil sud a’zosi emas va uning yurisdiksiyasiga e’tiroz bildirib keladi.

Isroil armiyasi uning askarlaridan biri Abu Aqlani jangari deb o’ylab, o’qqa tutganini tan olgan, lekin bu ish bo’yicha mustaqil tergov ishlarida hamkorlik qilmasligini bildirmoqda.

“Hech kim Isroil askarlari ustidan tekshiruv boshlamaydi va hech kim bizga urush paytidagi axloq haqida va’z qilmaydi, ayniqsa “Al-Jazira”, - deydi Isroil Bosh vaziri Yair Lapid.

“Bosti-bosti”

Shirin Abu Aqla Jenin shahridagi qochqinlar lageriga borganida ustida “Matbuot” deb yozilgan o’q o’tkazmaydigan jileti va boshida kaskasi bo’lgan. Uning jiyani Lina Abu Aqla Xalqaro jinoiy sudni uning o’limini tergov qilishga chaqirdi.

“Dalillar nima bo’lganini ko’rsatib turibdi. Xalqaro jinoiy suddan chora ko’rishni kutamiz, - dedi u Gaagada o’tgan matbuot anjumanida. – Oilamiz haligacha o’qni kim uzganini, xolamning o’limiga sababchi bo’lgan buyruqni kim berganini bilmaydi”.

Advokat Rodni Dikson Isroil Abu Aqlaning o’limiga oid ishni “bosti-bosti” qilayotganini da’vo qiladi. Uning aytishicha, jurnalistning o’ldirilishi Isroilning “Al-Jazira”ga qarshi olib borayotgan sistematik va keng qamrovli kampaniyaning bir qismidir. O’tgan yili Isroil kanalning G’azodagi idorasi joylashgan binoni ham portlatgan edi.

“Al-Jazira”ni yopish, ovozini o’chirishga urinish bu. Shirin uchun adolatga erishamiz degan umiddaman”, - deydi Dikson.

Unga ko’ra, sud prokurorlari bilan hali rasmiy uchrashuv o’tkazilgani yo’q, ammo yangi dalillar sudga topshirilgan. Shaxslar yoki guruhlardan shikoyatlarni qabul qilgach, Xalqaro jinoiy sud prokurori qaysilarini sudyalarga oshirishni mustaqil ravishda hal qiladi.

So’ng dastlabki tergov o’tkazilishi, uning ketidan to’liq tekshiruv o’tkazilib, ayblov e’lon qilinishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG