Breaking News

BMT: Isroil va Falastindagi zo’ravonliklar yuzasidan xolis tergov zarur


BMT Inson huquqlari idorasi Falastin hududlari va Isroilda bir necha haftadan buyon davom etayotgan zo’ravonliklarni xolis tergov qilishga chaqirmoqda.

O’tgan bir oy davomida Isroil xavfsizlik kuchlari o’qidan o’nlab falastinliklar halok bo’ldi yoki yaralandi, yuzlab odam hibsga olindi. Isroilda ham 12 kishi, shuningdek, xorijlik ikki fuqaro o’lgan.

BMTning inson huquqlari bo’yicha rasmiylari zo’ravonlik avj olayotgani, xususan Isroil harbiylari haddan ziyod kuch ishlatayotganini chuqur tashvish bilan tilga oladi. Masalan, o’tgan hafta 180 nafar falastinlik yaralangan, jumladan 27 bola. To’qnashuvlar ham musulmonlar, ham yahudiylar uchun muqaddas ziyoratgoh bo’lmish al-Aqso masjidi atrofida ro’y bergan.

Inson huquqlari idorasi vakili Ravina Shamdasani so’zlariga ko’ra, ko’plab videolar isroilliklarning xatti-harakati yuzasidan savollar uyg’otadi.

“Bir qancha falastinliklar, jumladan keksalar, ayollar, bolalar va kamida bitta jurnalist, Isroil xavfsizlik kuchlariga hech qanday tahdid solmagan bo’lsa-da, kaltaklangan, ularga qarata rezina o’qlar otilgan, – deydi Shamdasani. – Ko’p odamlarning suyaklari singan. Ba’zilar karaxt qiluvchi granatalardan ziyon ko’rgan, ayrimlarning boshiga kelib urilgan”.

Al-Aqso masjidi atrofidagi to’qnashuvlar ketidan, 18-21 aprel kunlari G’azo sektoridan Isroilga qarata oltita raketa otildi. Bunga javoban Isroil sektorga havodan zarbalar berdi. Isroilda ham, G’azoda ham qurbonlar haqida xabar berilmagan.

BMT bosh kotibi qatorida inson huquqlari idorasi ham tinchlikka chaqirib, odamlar halok bo’lgan yoki jarohatlangan holatlarni tekshirish zaruriyatiga urg’u bermoqda.

Ravina Shamdasani qayd etadiki, Isroil harbiylari haddan ziyod kuch qo’llashiga oid arz-shikoyatlar yangilik emas.

“Buni yillardan buyon Isroil hukumatiga bildirib kelyapmiz, shuningdek, inson huquqlari oliy komissari hisobotlarida, bayonotlarida ko’p marta qayd etilgan, o’zaro uchrashuvlarda bu masala ko’tarilgan”, - deydi BMT rasmiysi.

Uning aytishicha, Isroil bir-ikki holatlar bo’yicha tekshiruv o’tkazgan. Javobgarlik va adolat qaror topmasa, tekshiruvlar shaffof o’tkazilmasa, zo’ravonlik to’lqini to’xtamaydi, deydi Shamdasani.

Quddusda vaziyat keskin, AQSh nima qila oladi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:40 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG