Najvon Simri shu kunlarda dugonasi Shirin Abu Aqla bilan Turkiyada dam olayotgan bo'lishi kerak edi. Buyurmagan ekan. Hozirda u Shirin uchun aza tutmoqda. Ikkalasi ham "Al-Jazira" arab kanalida ishlagan. Uzoq yillarni birga o'tkazishgan.
Oxirgi marta gaplashishganida Shirin Najvonga zarur gapi borligini aytgan. "Bu gap nima edi, hech qachon bilmayman endi", - deya yig'laydi dugonasi.
Shirin Jenin shahrida Isroil harbiy amaliyotini yoritayotgan paytda o'q yeb halok bo'ldi. Uni kim o'ldirgani aniq emas. Falastinliklar Isroilni, Isroil esa falastinliklarni ayblaydi.
51 yoshli jurnalistning o'limi BMT, AQSh, Britaniya va hatto Vatikan tomonidan qoralandi. Adolat ta'minlansin, degan chaqiriqlar tinmayapti.
Voqea joyidan olingan video tahlili Shiringa snayper o'qi tekkanini ko'rsatgan.
"Amerika Ovozi" savollariga Isroil hukumati, xususan harbiylar javob berganicha yo'q.
Matbuot erkinligini himoya qiluvchi tashkilotlarg ko'ra, Isroil jurnalistlarga nisbatan zo'ravon, ularni ataylab bosim ostiga oladi, toki mojaro nuqtalaridagi haqiqat yuzaga chiqmasin. Huquq faollari Shirinning qotili aniqlanishiga ishonmaydi.
“Falastinlik jurnalistlar ayniqsa ko'p tazyiqqa uchraydi, chunki nozik masalalarni yoritishadi", - deya bildiradi Parijdan "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti.
Najvon "Al Jazira" kanalida 2003-yildan beri ishlaydi. Shirin esa kanal 1996-yilda ochilganidan buyun u yerda edi. Quddus muxbir edi.
“Bizni egizak deyishar edi, chunki bag'oyat yaqin edik", - deydi Najvon.
“Shirin sabab hayotim xavfsiz edi, nazarimda. Yaqinlarim uzoqda, u esa yonimda edi, tushunar edi meni".
Jasadini ko'rib ham ayol dugonasining o'lganiga ishonmadi.
“Uni "uyg'on" deya undayverdim", - deydi Najvon.
Uning o'g'li hozir onasini ham o'ldirishadi deya qo'rqinch ichida.
Shirin katolik arab oilasidan. AQShda ham yashagan, uning fuqarosi edi.
Ungacha arab ayollari orasida urushlarni yoritadigan jurnalist chiqmagan. Shirin 1990-yilda intifada jarayonini, Falastin Isroilga qarshi keng ko'lamda bosh ko'targan o'gir kunlarni yoritib ishonch qozongan.
“Shirin - falastinliklarning faxri. Uning original materiallari odamlarning qalbiga va ongiga yetib borar edi", - deydi ukasi Anton Abu Aqla.
“Opam kasbi orqali, halol mehnati va sadoqati bilan xalqiga xizmat qildi. Uning dardini olib chiqdi, muammolarni ochib berdi".
Anton Somalida BMT idorasida ishlaydi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken oila bilan bog'lanib, hamdardlik bildirganida ukasi rahmat aytdi.
"Biroq Amerika hukumati shu kungacha biror konkret chora ko'rmadi. Opam AQSh fuqarosi edi, shunday ekan, adolat ta'minlanishi uchun haqiqatni aniqlashda jonbozlik ko'rsatishi kerak. Qotilni topish kerak".
Abu Aqla oilasi advokatlar bilan Isroilni AQSh sudiga berish ustida bosh qotirmoqda.
Shu oy Xalqaro jinoiy sud Isroil Falastin jurnalistlarini sistematik nishonga olmoqda, deya ogohlantirgan edi.
Jurnalistlar xalqaro federatsiyasi va boshqa uyushmalar ham vaziyatdan xavotirda. 2021-yildagi notinchliklarda xalqaro axborot agentliklari va kanallarining byurolari ham portlatilgan edi.
2000-yildan beri bu hududda 46 jurnalist o'ldirilgan.
Falastin rahbariyati Shirinning o'limi yuzasidan tekshiruv olib borganini va Isroil harbiylari uni nishonga olganini isbotlovchi dalillarga ega ekanini bildirgan. Biroq Falastin bu dalilni yahudiy davlatga bermoqchi emas. Rasmiylar Isroilga ishonmasligini qayd etadi.
Isroil rahbariyati esa falastinliklarni uydirmada ayblab, unga nisbatan "ishonchsizlik" yolg'on ortidagi bahona, deya ta'kidlaydi.
Falastin Shiringa tekkan o'qni sudda ko'rsatmoqchi.
Isroil harbiy politsiyasiga ko'ra, Shirinning o'limi tergov qilinmaydi, chunki uning jinoiy holat ekani haqida gumon yo'q.
Akiva Eldar, Isroilda siyosiy tahlilchi, tekshiruvdan naf yo'q, degan fikrda.
“Isroil qonunlariga ko'ra, bosib olingan yerlar - urush zonasi. U yerda hamma narsa bo'lishi mumkin, ya'ni o'q almashiladigan joy", - deydi u.
"Shirinni harbiylar o'ldirgan, degan taxmin haqiqatga aylangan taqdirda ham u yoki bu askar xayfsan oladi yoki qisqa muddat hibsda o'tiradi. Uzog'i bilan shu".
Eldar deydiki, Isroil hukumati jurnalistlarga qarshi siyosat yuritmaydi.
Abu Aqla oilasi esa adolat uchun kurashga bel bog'lagan.
Najvon umidni bor bermagan. "Shirinni o'ldirgan odam qilmishi uchun javob beradi. Dugonamning qoni bekorga to'kilmadi. Falastin erkinligi uchun kurashda burilish".