AQSh rasmiylari Quddusda davom etayotgan zo’ravonliklardan chuqur tashvishda ekanini bildirmoqda. Bayden ma’muriyati Yaqin Sharq tinchlik jarayonini qayta boshlash uchun nima qila oladi?
Falastinliklar va Isroil xavfsizlik kuchlari o’rtasidagi taranglik kuchayib boryapti. Al-Aqso masjidi atrofida yana to’qnashuvlar ro’y berdi. Musumonlar Ramazon oyini nishonlayotgan bir paytda, zo’ravonliklarda yuzlab falastinliklar va bir necha isroillik politsiyachi jarohatlangan.
G’azo sektorida esa XAMAS guruhi tarafdorlari namoyish o’tkazdi. Eskalatsiya o’tgan yilgi urushga yetaklagan voqealarni eslatmoqda. Bayden ma’muriyati har ikki tomonni tinchlikka chaqiryapti.
“Tomonlarni bosiqlikka, provokatsiyalardan tiyilishga, masjidning tarixiy maqomini saqlab qolishga undaymiz”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Jen Psaki.
Hafta boshida Isroil G’azodan otilgan raketalarga havo hujumlari bilan javob qaytardi. Bu Isroil-XAMAS o’rtasida kechgan 11 kunlik urushdan beri eng jiddiy eskalatsiya.
AQSh Yaqin Sharqdagi hamkorlari bilan doimiy muzokarada, Isroil va Falastin mulozimlarini Oq uyda uchrashtirish imkoniyatini ko’rib chiqyapmiz, deya bildiradi rasmiylar.
Biroq hozir asosiy e’tibor Ukrainadagi urush va boshqa prioritetlar, jumladan pandemiyani tugatishda ekan, tinchlik muzokaralari qayta boshlanishiga ishonch juda past.
“Falastinda Fatoh partiyasi XAMAS bilan kelisha olmayapti, Isroil hukumati ham siyosiy jihatdan qaltis bilan holatda. Shunday ekan, Oq uy katta va’dalar bermasdan, tinchlik muzokaralari haqida jar solmasdan, kichik amaliy ishlar bilan cheklanishga majbur”, - deydi siyosatshunos Brayan Katulis.
Tramp prezidentligi davrida “Ibrohim kelishuvlari” nomli tashabbus doirasida Isroil va bir qancha arab davlatlari diplomatik aloqalar o’rnatgan. Falastinliklar chetda qolgan bo’lsa-da, bu Yaqin Sharqda tinchlikka olib keladi, deyilgan edi.
Ayni paytda AQSh diplomatlari Isroil, G’arbiy Sohil, Iordaniya va Misrga safar qilmoqda.
“Muzokaralarda asosiy mavzu – Isroil, G’arbiy Sohil va G’azo sektorida keskinlikni pasaytirish, zo’ravonlikka barham berish bo’ladi. Delegatsiyada mintaqa bo’yicha vakilimiz Hadi Amr ham bor”, - deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.
Biroq Falastin rahbariyati tarqoq hamda Isroilda koalitsion hukumat parchalanish yoqasida ekan, AQSh bu vaziyatda nima qila olishi mavhum. Quddusda vaziyat keskinlashishda davom etmoqda.
Facebook Forum