Isroil va Falastin "Al-Jazira" telekanali muxbiri Shirin Abu Aqlaning o'limi yuzasidan tortishar ekan, bir necha mustaqil tashkilot voqeani taftish qilgan. Ulardan birining xulosa qilishicha, arab jurnalistni Isroil askarlari nishonga olgan.
Isroil harbiy tekshiruvi davom etmoqda. Haqiqatni tan olish yoki uning ustida kelishish dunyoning bu qismidan juda kam uchraydigan holat, deya eslatadi sharhlovchilar.
Yahudiy davlat bu fojia ketidan unga qarshilik yanayam kuchayganini e'tirof etib, xavfsizlik choralarini oshirgan.
Abu Aqla 1971-yilda Quddusda tug'ilgan nasroniy arab bo'lib, keyinchalik AQShga ko'chgan va fuqarolikni olgan. U chorak asrdirki, ya'ni "Al-Jazira" ochilganidan buyon bu kanalga ishlab kelayotgan edi. Oxirgi yillarda u Sharqiy Quddusda yashagan. 11-may kuni o'q tekkanida u Jenin shahrida, Iordan daryosining G'arbiy sohilida Isroil harbiy amaliyotini yoritayotgan bo'lgan.
Muxbir Isroil-Falastin ixtilofi bo'yicha ishonchli materiallari va professionalizmi bilan tanilgan edi. Falastin ahli unga azar tutar ekan, jafokash farzandidan ayrilganini aytmoqda.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Abu Aqlaning oilasi bilan gaplashib, hamdardlik bildirgan. Vashington uning o'limining sabablari aniqlansin, adolat ta'minlansin, deya undamoqda.
Falastinliklarga ko'ra, jurnalistning qotili Isroil kuchlari. Isroil tomonga ko'ra esa o'q falastinliklardan kelgan bo'lishi mumkin.
Isroil voqeani birgalikda o'rganishni taklif qilgan, ammo Falastin rahbariyati buni rad etgan. Ular yahudiy davlatga ishonmasligini va taftishga boshqa, ishonchli hukumatlar qo'shilishi lozimligini ta'kidlagan.
Inson huquqlari tashkilotlari nazarida ham Isroil harbiy voqealarni tekshirishda tayansa bo'ladigan taraf emas.
"Bellingcat", Gollandiyada asoslangan xalqaro ilmiy birlashma voqea joyidan olingan video va audio jamlanmani tahlili qilib chiqqan. Material har ikki tomondan olingan, deydi ekspertlar. Izchil ekspertiza o'q Isroil kuchlaridan kelganini ko'rsatgan.
"Isroil askarlari jurnalistga eng yaqin joyda bo'lgan va o'q yo'nalishi ham shu tarafdan", - deydi Giankarlo Fiorella, yetakchi tadqiqotchi.
"Bellingcat" ommadan va jamoat joylaridagi kameralardan, shuningdek, xavfsizlik organlari to'plagan hamda sun'iy yo'ldosh orqali olingan tasvirlar bilan ishlaydigan tashkilot.
Fiorella deydiki, uning birlashmasi chiqargan xulosa 100 foiz haqiqat emas, chunki o'q va qurol aynan Isroil armiyasiniki ekani isbotlanmagan.
Isroildagi "B'Tselem" tashkiloti ham voqeani tekshirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda chiqqan videolardan birida falastinlik jangari Jeninni o'qqa tutar ekan, yahudiy askarini otganini aytadi. Biroq o'sha kuni Isroilning biror harbiysi halok bo'lmagan. Jurnalist esa oddiy kiyimda emas, himoya vositasiga ega formada bo'lgan.
"B'Tselem" eksperti voqea joyiga borib, falastinlik jangari muxbirdan 300 metr uzoqda bo'lganini aniqlagan, orada devorlar va hovlilar bo'lgan.
Dror Sadot, "B'Tselem" vakili, uning tashkiloti hozircha yakuniy xulosa qilmaganini aytadi.
Sadot deydiki, o'q qurolga mos tushishi kerak. Biroq Falastin tomon o'qni berishdan bosh tortmoqda. O'sha kuni ishlatilgan qurollar musodara qilinmagan. Isroil bu boradagi savollarga javob bermayapti.
Jonatan Konrikus, Isroil sobiq harbiysi va ekspert, o'q berilmagan taqdirda haqiqatning tubiga yeta olmaymiz, deydi. Falastinliklar adolat istasa, o'qni isbot sifatida ishlatishga ruxsat berishi lozim, deydi Konrikus.
"Usiz hech qanday tekshiruv yakunlanmaydi. Balki Falastin shuni istar. Isroilni asossiz ayblab o'tiraverishadi va shu bahona bilan dunyodan o'zlariga rahm-shafqat so'rashadi".
Falastinliklar esa Isroil haqiqatni allaqachon bilishini va uni yashirayotganini da'vo qilmoqda.
Bu orada Isroil Abu Aqla dafn etilayotgan kuni yuz bergan tartibsizliklar ustidan tekshiruv boshlagan. Vaziyat shu qadar izdan chiqqanki, tobut odamlarning qo'lidan tushib ketgan. Isroil politsiyasi qoralanmoqda.
Yahudiy matbuoti, xususan "Yediot Ahronot" gazetasi voqeani sharhlar ekan, manzarani qonxo'rlik va zulm deya tasvirlagan.
"Haaretz" nashri sharhlovchisi Nir Hasson talqinicha masala faqat Isroil nufuzi bilan bog'liq emas. "Bosib olingan yerlarda odamlar chekayotgan azob va falastinliklar huquqi qanchalik toptalayotganining isboti", - deya yozadi u.