Breaking News

Matbuot faollari Isroilning Abu Aqla o'limi bo'yicha bayonotini qoraladi


AQSh Davlat departamenti Isroilning falastinlik-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqlaning o’limi yuzasidan bergan bayonotiga munosabat bildirdi. Isroil askarlaridan biri may oyida G’arbiy Sohildagi reyd paytida muxbirni otib qo’yganini tan oldi. Jurnalistlar va tinch aholi hayotiga xavfni kamaytirish maqsadida Qo’shma Shtatlar yahudiy davlatidan hududdagi huquq-tartibot va harbiy amaliyotlarini olib borish tartibiga o’zgartirish kiritishni so’rashi kutilmoqda.

Xalqaro hayot - 7-sentabr, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:47 0:00

Besh oy oldin G’arbiy Sohilning Jenin shahrida Isroil reydlarini yoritayotgan jurnalist Shirin Abu Aqla otib o’ldirildi. Isroil Mudofaa kuchlari bayonot chiqarib, falastinliklar bilan otishma paytida muxbir Isroil harbiysi tomonidan behosdan otilgan bo’lishi mumkinligini va bu voqea bo’yicha birorta askari jazolanmasligini bildirdi.

Abu Aqlaning oilasi Isroil tergovchilari xulosasini rad etarkan, muxbirning egnida “matbuot” deb yozilgan zirhli jilet bo’lganini aytadi.

"O’sha yerda turgan jurnalistlarning hammasi muxbir formasida edi, amaliyotdan oldin harbiylarga o’zlarini tanishtirishgan. Avvaliga sukut bo’ldi, keyin birdan o’qlar to’xtovsiz yog’ila boshladi. O’q Shirinning boshidagi dubulg’a va egnidagi jilet orasidan o’tib bo’yniga tegdi. Juda aniq otilgan o’q edi. Shu kungacha hech kim jazoga tortilmagani afsuslanarlidir”, - deydi marhumning jiyani Lina Abu Aqla.

Davlat departamentidagi brifing cho’gida muxbirlar AQSh o’z fuqarosining o’limida nega Isroilni ayblamayotganini so’rashdi.

"Kelajakda bunga o’xshash voqea takrorlanmasligi uchun eng yuqori doiralarda Isroildan reydlarga doir siyosati va amaliyotini qayta ko’rib chiqishni ochiq talab qilishda davom etyapmiz”, - deydi departament vakili Vedant Patel.

Lina Abu Aqla bunday chora kamlik qilishini aytadi.

"Nazarimizda AQSh mustaqil tergov o’tkazib, fuqarosining o’limi uchun Isroil armiyasini javobgarlikka tortishi kerak. Bu ularning burchi, mas’uliyati. Javobgarlik hissisiz, jazosizlikka chek qo’ymay siyosatni o’zgartirib bo’lmaydi”, - deydi u.

Matbuot erkinligini himoya qiluvchi ayrim faollar Davlat departamentini jurnalistlar o’limiga sust munosabat bildirayotganlikda ayblayapti.

"Davlat departamentining matbuot erkinligiga doir gaplari va harakatlari o’rtasida jarlikning kengayib borayotganidan tashvishdamiz. Bu masalada ko’p yaxshi gaplar bo’lyapti, biroq qotillik jazosiz qolmasligi uchun biror harakatni ko’rmayapmiz. Bu bilan hozir shug’ullanilmasa, boshqa muxbirlar ham xavf ostida qoladi”, - deydi Vashingtondagi Milliy matbuot klubi rahbari Uilyam Makkaren.

Abu Aqlaning oilasi, inson huquqlari guruhlari va matbuot erkinligi faollari Qo’shma Shtatlar, Xalqaro jinoiy sud va boshqa xalqaro tashkilotlardan Shirin Abu Aqlaning o’limini tergov qilib, aybdorlarni jazolashga chaqirmoqda.

Isroil harbiylarining G’arby Sohildagi reydlari Abu Aqlaning o‘limidan keyin ham to’xtagani yo’q. Xususan bugun yahudiy askarlar 21 yashar falastinlikni otib o’ldirgan. Uning oila a’zolariga ko’ra, Tubas qishlog’idan chiqqan Yunus Toyih ismli yigit amakisining uyiga yo’l olayotganda o’q yegan.

"Unga ko’chadan o’tmagin, askarlar nishoniga tushishing mumkin dedim. Quloq solmadi. Yo’ldan o’tishi bilan uni otib o’ldirishdi. Unga yaqinlashmoqchi bo’lganimda men tomon ikkita o’q uzildi”, - deydi qurbonning Husayn ismli bir qarindoshi.

Isroil armiyasiga ko’ra esa ular o’zlari tomon otilgan qo’lbola bomba va o’qlarga javob bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG