Breaking News

Falastinda o'ldirilgan amerikalik jurnalist oilasi yangi tergov o'tkazilishini so'ramoqda


Falastinda Isroil kuchlari tomonidan otib o’ldirilgan arab-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqlaning jiyani Lina Abu Aqla, Vashington, AQSh, 2022-yil, 27-iyul
Falastinda Isroil kuchlari tomonidan otib o’ldirilgan arab-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqlaning jiyani Lina Abu Aqla, Vashington, AQSh, 2022-yil, 27-iyul

Falastinda Isroil kuchlari tomonidan otib o’ldirilgan arab-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqla yaqinlarining aytishicha, Bayden ma'muriyatining bosh diplomati qotillik yuzasidan to’liq tergov o’tkazish haqidagi murojaatni rad etgan.

Marhum jurnalistning qarindoshi Lina Abu Aqlaga ko’ra, shuningdek, Davlat kotibi Entoni Blinken va AQSh rasmiylari amerikalik jurnalistning qanday o’lgani haqida shu paytgacha jamoatchilikka e’lon qilingan rasmiy bayonotdan ortiq ma’lumot berishni istamagan.

Davlat departamenti tomonidan 4-iyul kuni e'lon qilingan bayonotda yozilishicha, may oyida Shirin Abu Aqlaning o'limiga sabab bo'lgan otishma Isroil kuchlari tomonidan amalga oshirilgan bo’lishi mumkin, ammo isroilliklar “Al-Jazira” telekanali muxbirini qasddan otib o'ldirganiga doir hech qanday dalil yo'q.

Amerika fuqarosi bo'lgan 51 yoshli muxbir falastinliklar haqida o'nlab yillar davomida axborot berib, arab dunyosida katta hurmat qozongan.

"O'qni o'rganish bilan maqsadni aniqlay olmaysiz. Niyatni aniqlash uchun ko'rib chiqilishi va tekshirilishi kerak bo'lgan juda ko'p dalillar mavjud. Bunday xulosaga kelish uchun hech qanday asos yo’q deyish bilan cheklanish zararli. Kamida bu juda noprofessionallik", - dedi Abu Aqlaning 27 yoshli jiyani “Associated Press”ga bergan intervyusida.

U qonun chiqaruvchilardan ko'proq javob olishda yordam so'radi.

Shirin Abu Aqla 11-may kuni ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda joylashgan Jenin qochqinlar lagerida Isroil harbiylari tomonidan uyushtirilgan reydni yoritish chog‘ida otib o‘ldirilgan edi.

Falastinlik guvohlar, jumladan, uning hamkasblariga ko’ra, jurnalistni Isroil askarlari o'ldirgan va o'q uzilgan paytda yaqin atrofda hech qanday jangari yoki otishma bo'lmagan.

Isroil o‘z kuchlari uni ataylab nishonga olganini inkor etib, jangari bilan o‘q almashish chog‘ida o’q unga tekkan bo’lishi mumkinligini aytadi.

AQSh xavfsizlik rasmiylari Falastin va Isroilning alohida tekshiruvlari natijalarini o‘rganib chiqdi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Prays iyul oyi boshida bayonot chiqarib, "bu qasddan qilingan deb ishonish uchun sabab yo’qligi, Falastin islomiy jihodi fraksiyalariga qarshi harbiy operatsiya paytidagi fojiali holat oqibati ekani"ni aytdi.

AQSh rasmiylari bu xulosaga qanday kelgani haqida hech qanday ma'lumot bermadi.

Lina Abu Aqla Blinken bilan uchrashganida shu savolni bergan. U "Bu qasddan qilinganmi yoki yo'qmi, bu aytishga qodir hech kim yo’q", deb javob bergan.

"Unday bo'lsa, nega bunday bayonot berishdi?" — deya soʻraydi halok bo’lgan jurnalistning yaqini.

U AQSh boshchiligida yangi tergov o'tkazishni so'raganida, Blinken bu qarorni Davlat departamenti emas, balki Adliya vazirligi qabul qilishini aytgan.

Marhum oilasi AQSh bayonotini "haqoratli" deb atadi. Ularga ko’ra, Amerika yangi tergov o’tkazilishini talab qilib, muhim ittifoqchisi bo'lgan Isroil bilan mustahkam aloqalariga putur yetkazishni istamaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG