Breaking News

Jurnalistning oilasi adolat talab qilishda davom etmoqda


May oyida G’arbiy Sohilda otib o’ldirilgan falastinlik-amerikalik jurnalist Shirin Abu Aqlaning oilasi va media tashkilotlar AQSh hukumatini “to’liq, mustaqil va shaffof” tergov o’tkazilishini ta’minlashga undamoqda.

Al-Jazira telekanalining muxbiri Jenin shahrida Isroil harbiylari reydini yoritayotganda boshidan o’q yeb o’lgan edi.

“AQSh ma’muriyati bu ishni o’z zimmasiga olishi kerak. Javobgarlik va adolatni ta’minlashni to’xtovsiz so’rayverib, hatto oila sifatida motam tuta olganimiz yo’q”, - deydi Lina Abu Aqla, jurnalistning jiyani.

Vashingtondagi Milliy press-klub prezidenti Jen Jadsonning aytishicha, muxbir “Matbuot” deb yozilgan jiletda bo’lgan.

“Nima, qanday sodir bo’lganini batafsil tushunib olmas ekanmiz, bu hududda ishlaydigan har bir jurnalist hayoti xavf ostida”, - deydi u.

Kongress a’zosi Andre Karson Davlat departamenti va Federal qidiruv byurosini Shirin Abu Aqlaning o’limi yuzasidan hisobot tayyorlashga majburlash uchun qonun loyihasi ishlab chiqqan.

BMT tekshiruviga ko’ra, Aqla Isroil harbiylari o’qidan o’lgan. Davlat departamenti qoshidagi xavfsizlik idorasi ekspertlari fikricha ham otishmaga Isroil askarlari javobgar bo’lishi mumkin, ammo “bu qasddan qilingan deyish uchun asos yo’q”.

Isroilning AQShdagi elchixonasi “Amerika Ovozi” savollariga javob bermadi.

Isroil uning askarlari jurnalistni nishonga olganini inkor etib, Aqla falastinlik jangarilar bilan otishmada o’qqa tutilgani ehtimolini qayd etgan edi.

Iyulda Isroilga safari chog’ida Prezident Jo Bayden jurnalistning oila a’zolari bilan Vashingtonda uchrashishga tayyor ekanini aytgan. Hozircha faqat Davlat kotibi Entoni Blinken ular bilan uchrashgan.

Davlat departamenti bu borada “Amerika Ovozi”ga izoh bermadi.

Milliy press-klubda o’tgan tadbirda Lina Abu Aqla xolasi nomidan mukofotni qabul qilib oldi.

“U G’arbiy Sohilda ko’plab yillar ishlagan, tajriba orttirgan edi. Qayerda turishni, qayerda turmaslikni, o’ta xavfli muhitda omon qolish uchun o’zini qanday tutishni bilardi, ehtiyotkor edi”, - deydi klub prezidenti Jen Jadson.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, 1992-yildan buyon Isroil va Falastin hududlarida 19 jurnalist o’ldirilgan. Deyarli barcha holatlarda otishmani Isroil tomoni amalga oshirgan.

Hech bir holatda javobgarlik ta’minlanmagan, ishonchli tekshiruv o’tkazilmagan, deydi qo’mita vakili Sharif Mansur.

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi Isroil hukumatini to’qnashuvlar paytida media vakillari bilan qanday munosabatda bo’lish qoidalarini qayta ko’rib chiqishga chaqirmoqda.

“Masala xalqaro miqyosda e’tirof etilgan me’yor va standartlar, jurnalistlarni jangovar vaziyatda ham himoyaga loyiq tinch fuqarolar deb ko’rish va farqlash bilan bog’liq”, - deydi Mansur.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG