BMT qoshida uch ekspertdan iborat mustaqil xalqaro komissiya Falastinda inson huquqlari ahvoli bilan bog'liq vaziyatni tekshirib, Jenevada tinglov-muhokama o'tkazmoqda. Unda Falastin va Isroil fuqarolari ishtirok etmoqda.
Kommissiya raisi - janubiy afrikalik yurist Navi Pillay. Tadbir Jenevada 7-noyabr kuni boshlansa-da, kelasi yilda boshqa shaharda davom etishi kutilmoqda. Tinglov ochiq va jonli efirda.
Isroil nega bir necha nohukumat tashkilotni "falastinlik terrorchilar guruhi" deya tamg'alagani va shu yilning may oyida amerikalik arab jurnalist Shirin Abu Aqla qanday o'ldirilgani ko'rib chiqilmoqda.
Jurnalist Isroil o'qidan o'lgani aniqlangan, ammo yahudiy davlat tergov natijalariga ko'ra, snayper uning muxbir ekanini bilmagan.
BMT Inson huquqlari kengashi matbuot kotibi Rolando Gomez deydiki, tinglovlar masalaga oydinlik kiritishi kerak, chunki ularda ham Isroil, ham Falastin pozitsiyasi taqdim etiladi.
“Komissiya betaraf va mustaqil. Ular har bir holatni chuqur o'rganib chiqqan va tomonlarni so'roq qilmoqda", - deydi Gomez.
Komissiya 2021-yilda BMT Inson huquqlari kengashi tomonidan tuzilgan.
Hindistonlik huquqshunos Milun Kotari va avstraliyalik yurist Kristofer Sidoti ham ham unga a'zo.
Gomesga ko'ra, Falastin va Isroildan guvohlar so'zlamoqda. Lekin Isroil hukumatidan biror mutasaddi qatnashmayapti.
“Komissiya Isroil hukumatiga qayta-qayta murojaat qildi, javob olmadi. Ekspertlar Falastin hududiga ham kiritilmadi. Falastin rahbariyati esa komissiya bilan yaqindan ishlab kelmoqda", - deydi BMT rasmiysi.
Gomezning tushuntirishicha, komissiya axborotni jabrlanuvchilar va guvohlardan to'plagan. Nimaiki tasdiqlangan bo'lsa, tinglovda namoyish etiladi.
Komissiya dastlabki hisobotini shu yilning iyun oyida topshirgan. AQSh unda asosan Isroil ayblanishini noxolislik deb baholagan.
BMT Inson huquqlari kengashida AQSh elchisi Mishel Teylor deydiki, "inson huquqlari buzilayotganida faqat yahudiy hukumatini qoralab chiqish to'liq haqiqatni aks ettirmaydi.
Komissiyaga ko'ra esa hisobot "bor haqiqatni ochib beradi" va agar Isroil yoki uning quvvatlovchilari biror jihatdan norozi bo'lsa, ekspertlarning murojaatlariga javob berishi kerak.
"Isroil biz bilan hamkorlik qilmadi", - deydi Gomez.
Komissiya nafaqat Inson huquqlari kengashiga, balki BMT Bosh Assambleyasiga ham javob beradi.