AQSh bu hafta Milliy xavfsizlik strategiyasini tanishtirdi. 48 betlik hujjatda Jo Bayden boshliq ma'muriyat Amerika yuzlashayotgan tahdidlarni mamlakatda va xorijda qanday bartaraf etmoqchi ekani aks etadi.
Kongress talabi bilan ishlab chiqiladigan doktrina - mafkuraviy va pragmatik, deya ta'riflanmoqda. Hujjatda Xitoy va Rossiya, dunyoning eng yirik avtokratik tuzumlari, AQSh va uning yetakchiligidagi demokratik dunyo uchun ulkan xavf hisoblanadi. Vashington uchun tashqi dunyoda bu davlatlarga qarshi hamkorlikni kengaytirish va o'z demokratiyasini himoya qilish - asosiy maqsadlardan biri.
Pandemiya, iqlimdagi salbiy o'zgarishlar, inflyatsiya va boshqa global muammolarga qarshi kurash ham Amerikaning strategik rejalariga kiritilgan.
Oq uyga ko'ra, bu o'nyillik - kelajakni hal qiluvchi palla. Amerika hamon transmilliy masalalarni hal qilishda liderlik qilishga qodir; eng yirik raqiblarga nisbatan konkret choralar ko'rish salohiyati yuqori va o'z manfaatlarini bemalol himoya qila oladi, deyiladi strategiyada.
“AQSh o'z qadriyatlarini olg'a surgan holda ittifoqchilar va hamkorlar bilan o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlayveradi", - deydi Prezident Bayden bu hujjatda.
"Dunyo pandemiyadan keyingi iqtisodiy sinovlar bilan yuzma-yuz ekan, AQShdan boshqa biror davlat global hamjamiyatga boshchilik qilolmaydi".
Industrial taraqqiyot, innovatsiya, ta'lim, sog'liqni saqlash va demokratiyaga sarmoya qilish hamda harbiy qudratni oshirish ham asosiy maqsadlar qatorida.
Sovuq urushdan keyingi davrda Amerika global liderlikni saqlab ola oladimi?
AQSh o'z hamkorlari va strategik sheriklarini umumbashariy masalalar, iqlimdagi muammolar, oziq-ovqat taqchilligi, yuqumli kasalliklar, terrorizm, energetik yetishmovchilik va inflyatsiyaga qarshi birga choralar ko'rishga ko'ndira oladimi?
“Geosiyosiy raqobat va chegara bilmas tahdidlar - Amerika shunday strategiyaga ega bo'lishi kerakki, u har ikkisida bizni oldinda ushlab tursin va bizning siyosatimiz global barqarorlik va hamkorlikka zamin yaratsin", - deydi Jeyk Sallivan, Oq uyda Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi.
Moskva va Pekin strategiyada alamzada, avtoritar va no-demokratik tuzumlar deya baholanib, dunyodagi siyosiy tartibni o'zgartirishga urinayotganlikda, agressiyaga berilayotganlikda va shu tariqa xalqaro hamjamiyatda ziddiyatlar chiqarayotganlikda ayblanadi.
Xitoy va Rossiya, Oq uy nazarida, xalqaro qonunlarga va BMT nizomiga zid harakatlanayotgan hukumatlardir. Bayden ma'muriyatiga ko'ra, ular demokratik sistemalarni izdan chiqarishga bel bog'lagan.
Biroq strategiyada AQSh avtokratiyalar bilan ham ishlashi kerakligi haqida gap ketadi, deydi Steysi Goddard, Uellesli kolleji professori.
“Muammo Xitoy va Rossiya demokratik emasligida emas, ular xalqaro tizimni buzishga urinayotganligida".
Oq uy qayd etishicha, hozirgi xalqaro tizim suverenitetni qadrlaydi va himoya qiladi.
“Demokratiya rivoj topmagan davlatlarning ko'pi BMT nizomiga bosh egadi", - deydi Sallivan.
Bayden ma'muriyati boshqalarning hududiga hamla qilmaydigan, tinchlikparvar hukumatlarni hamkorlikka undaydi.
Yangi strategiyaning katta qismida Yaqin Sharqdagi barqarorlikka erishish, Isroil-Falastin nizosini hal etish, energetik mustaqillik va yonilg'i bozori nazorati xususida so'z yuritiladi.
Bu hujjat aslida joriy yil boshida, ya'ni fevral oyida e'lon qilinishi kerak edi, biroq Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi unga o'zgartirishlar kiritdi, deydi rasmiylar.
Pekin - AQSh uchun eng katta geosiyosiy sinov, Rossiya esa global beqarorlik manbai, deyiladi strategiyada. Eron va Shimoliy Koreya ham ulkan boshog'riqlar deya izohlanadi. Tehron va Pxenyan Vashington e'tiborida Moskva va Pekindan keyingi o'rinlarda, ammo ular singari avtoritar dunyoning eng xavfli qismlari.
Shu bilan birga Xitoy va Amerika uchun chuqur ahamiyatga ega va umum manfaatlar talay. Vashington va Pekin cheksiz sohalarda bir yoqadan bosh chiqarishga majbur.
Tahlilchilar nazarida yangi strategiya AQShni Xitoy xalqidan uzoqlashtiradi. Vashington bu yurt ahliga zarar yetkazishni xohlamas, deydi ekspertlar, ammo madad ham ko'rsatmaydi. Chunki AQSh nigohida, Pekin 70 yildan oshiq davrdan beri hukmron xalqaro tartibga zid qadamlar tashlash bilan band.