Breaking News

2025-yil AQSh va Xitoy o'rtasida urush boshlanadimi?


AQSh Harbiy-havo kuchlari generalining 2025-yilda Xitoy bilan urush bo‘lishini bashorat qilgani aks etgan bayonotning tarqalishi dunyoning ikki yirik iqtisodiy kuchi o‘rtasidagi munosabatlar naqadar ziddiyatli ekanini ko’rsatdi.

Dam olish kunlari internetda tarqala boshlagan qaydnomada general Maykl Minixan o’z bayonotini shunday boshlaydi:

“Umid qilamanki, men xato gapiryapman. Ichimda nimadir menga 2025-yilda jang qilishimizni aytmoqda”.

Harbiy havo kuchlarining Havo harakatchanligi qo'mondonligi uchun mas'ul general Maykl Minixan AQSh va Xitoy o'rtasida urush boshlanishi haqidagi bashoratiga biror dalil keltirmaydi, ammo AQShning navbatdagi saylovi arafasida yuz beradigan mavhumlikdan foydalanib, Xitoy Tayvanni egallab olishga urinishini da’vo qiladi.

Xitoy Tayvanni o’z hududining bir qismi deb biladi.

"Tayyor turing"

General Minixan o’z nazorati ostidagi bo'linmalarga "Xitoyni to'xtatish va agar kerak bo'lsa, mag'lub etish" uchun hozir bo’lishni va tayyorgarlikni kuchaytirishni buyuradi.

Sobiq “C-130” samolyoti uchuvchisi Minixan 2019-yil sentabridan 2021-yil avgustigacha AQSh armiyasida boshqa yuqori vazifalarda, jumladan, AQShning Hind-Tinch okeani qoʻmondonligi qoʻmondoni oʻrinbosari lavozimida ishlagan. U Xitoy armiyasini chuqur tushunishi aytiladi.

Harbiylar va fuqarolik boshqaruvi o’rtasidagi bo'linish

Minixanning izohlari Bayden ma'muriyatining yuqori martabali amaldorlari, jumladan, Mudofaa vaziri Lloyd Ostinning bayonotlariga zid. Shu oy boshida Ostin jurnalistlarga AQSh Xitoyning Tayvanga nisbatan tobora tajovuzkor xatti-harakatlarini qayd etganini, ammo yaqin kelajakda hujum ehtimoli kamligini aytgan edi.

"Biz ular yangi norma o'rnatishga harakat qilishlariga ishonamiz, ammo bu bosqin yaqinlashib qolganligini anglatadimi yoki yo'qmi, men bunga jiddiy shubha qilaman", - dedi u.

Minixanning bashorati haqida so'ralganda, Pentagonning ismi oshkor etilmagan xodimi bu izohlar departamentning Xitoyga nisbatan nuqtai nazarini aks ettirmaydi, deb javob berdi.

Yuqoridan kelayotgan boshqa ogohlantirishlar

Minixan so'nggi oylarda Xitoy bilan yaqinlashib kelayotgan mojaro haqida ogohlantirgan birinchi yuqori martabali zobit emas. Oktyabr oyida Harbiy-dengiz operatsiyalari boshlig'i admiral Mayk Gildey AQSh kuchlari joriy yilda Xitoy bilan yuzaga kelishi mumkin bo'lgan mojaroga tayyor bo'lishi kerakligini aytgan edi.

2021-yilda AQSh Hind-Tinch okeani qoʻmondonligi rahbari admiral Jon Akvilinodan Xitoyning Tayvanga bostirib kirishi ehtioli haqida so’ralganda, u shunday javob berdi:

"Mening fikrimcha, bu muammoning ehtimoli ko'pchilik o'ylagandan ko'ra bizga yaqinroq".

Dekabr oyida u Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganidan hayratda qolgan odamlar Xitoyning Tayvanga xuddi shunday hujum qilishi mumkinligini ko'rib chiqishlari kerakligini aytgan edi.

"Bu Tinch okeani mintaqasida yuz berishi mumkin. Bu sodir bo'lishi mumkinligiga hayron qolmasligimiz kerak", - deya qo’shimcha qildi u.

"Juda aqlsiz qadam"

Brukings institutining tashqi siyosat bo'yicha tadqiqot direktori Maykl O'Xanlonning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Minixan bayonotining bunday tarzda e’lon qilinishi jiddiy xato bo'lgan va Mudofaa vazirligi buni qattiqroq qoralashi lozim.

“Bu gaplar Xitoyni yaqinlashib kelayotgan dushman deb atamaydigan AQSh hukumati siyosatiga zid. AQSh Xitoyni "bizning eng muhim strategik raqobatchimiz" deb ataydi. Bu so'zlar Xitoy bilan urush ehtimoli haqida o'ylashimiz kerakligini, uning oldini olishga harakat qilishimiz lozimligini aytish uchun ehtiyotkorlik bilan tanlangan. Ammo uning tez orada yuz berishi haqida o’ylashimizga hojat yo’q”, - deydi ekspert.

Tahdid muqarrar ekani haqida dalil yo’q

“Xitoy yaqin bir necha yil ichida Tayvanga hujum qilishni jiddiy o'ylayotgani haqidagi da'voni tasdiqlovchi hech qanday dalil mavjud emas”, - dedi “Amerika Ovozi” bilan suhbatda RAND korporatsiyasining xalqaro mudofaa bo’yicha tadqiqotchisi Timoti R. Xit.

Biroq, deydi Xit, yuqori martabali harbiy zobitlarning Xitoyga bo'lgan munosabati va Qo'shma Shtatlar hukumatining siyosati o'rtasida jiddiy tafovut ko’zga tashlanmoqda.

"Yuqori darajali siyosiy rahbarlar tomonidan aytilayotgan baholar va yuqori darajadagi harbiy rahbarlarning bayonotlari o'rtasida hayratlanarli darajada uzilish bor. Harbiylar xavotiri ancha yuqori darajada va ular hujum yaqinlashib kelayotganidan qo'rqmoqda", - dedi u.

Xitning so'zlariga ko'ra, bu uzilishga turli omillar sababchi. Siyosiy yetakchilar Xitoyga strategik tahdid sifatida qarashga moyil, lekin savdo hamkori va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda potentsial hamkor sifatida ham qarashadi. Ular Xitoyni yirik iqtisodiy va demografik inqirozga duchor bo'layotgan mamlakat sifatida ko’rishadi va bu ikki masala Pekin uchun Tayvan bilan birlashishdan ko'ra ustuvorroq, deydi ekspert.

Harbiy rahbarlar esa, deydi Xit, so'nggi yillarda Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi yanada kuchayib borayotgani haqidagi faktga ko'proq e'tibor qaratishmoqda.

"Bu yerda siyosiy masala bor. Kongress mudofaa byudjetini qisqartirish haqida o'ylaydi. Generallar esa rahbarlarga kuchli mudofaani talab qiladigan potentsial katta xavfsizlik tahdidi haqida eslatib turishdan manfaatdor", - deydi u.

Yil sarhisobi: AQSh-Xitoy aloqalari
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:15 0:00

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi izoh berdi

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning dushanba kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida generalning izohlariga munosabat bildirdi.

"Tayvan Xitoyning bir qismi - , dedi u. - Tayvan masalasini hal qilish xitoyliklarning ishi. Tayvan bo'g'ozi bo'ylab keskinlik yangi bosqichining haqiqiy sababi Tayvan rasmiylarining AQShdan "Tayvan mustaqilligi" uchun yordam so'rashda davom etayotgani va AQShdagi ba'zi odamlarning Tayvandan Xitoyni cheklab turish uchun foydalanishga urinishidir”.

“Biz AQShni yagona Xitoy tamoyiliga va uch tomonlama Xitoy-AQSh qo’shma bayonotiga rioya qilishga chaqiramiz. AQSh rahbarlari “Tayvan mustaqilligi”ni qo‘llab-quvvatlamaslik haqida bergan majburiyatini bajarishi, Tayvan masalasiga aralashishni to‘xtatib, u bilan harbiy aloqani va Tayvan bo‘g‘ozida keskinlikka olib kelishi mumkin bo‘lgan yangi omillarni yaratishni bas qilishi kerak”, - deya qo’shimcha qildi Xitoy rasmiysi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG