Breaking News

Isroil-Falastin ziddiyati kuchaygan bir paytda Blinken Yaqin Sharqda


Isroil-Falastin ixtilofi yana avj olmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:12 0:00

Isroil G’arbiy Sohilda so’nggi 20 yil ichida eng qonli reydni amalga oshirishi ortidan juma kuni Quddusdagi sinagogaga hujum uyushtirildi. Natijada Isroil va Falastin o’rtasidagi ixtilof yanada kuchayishi yuzasidan xavotirlar oshdi. AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken mintaqaga otlanar ekan, tomonlarni bosiqlikka chaqirdi.

Juma oqshomida Quddus sharqidagi sinagoga oldida yuz bergan otishmada kamida yetti nafar isroillik halok bo‘ldi. Isroil politsiyasining ma'lum qilishicha, qurollangan shaxs Shabbat ibodatini o’qib chiqqan odamlarga qarata o‘q uzgan. Qurollangan shaxs voqea joyida o‘ldirilgan.

AQSh Davlat departamenti “yuz bergan terrorchilik hujumi”ni keskin qoraladi.

Hujum haqidagi xabar paydo bo'lganidan so'ng o'tkazilgan brifingda departament matbuot kotibi o'rinbosari Vedant Patel yuz bergan voqeani "mutlaqo dahshatli" deya ta’riflab, AQShning Isroil xavfsizligiga sodiqligi hamisha mustahkam ekanini ta’kidladi. Patelning aytishicha, Davlat kotibi Entoni Blinkenning yakshanba, dushanba va seshanba kunlari Misr, Isroil va G'arbiy Sohilga tashrif buyurish rejasi o'zgarmagan.

Falastinliklar juma kuni Quddusda bir kun avval G'arbiy Sohilning Jenin qochqinlar lageriga Isroil uyushtirgan qonli hujum yuzasidan norozilik namoyishlari o’tkazdi. Falastin rasmiylariga ko‘ra, Isroil xurujida kamida to‘qqiz kishi, jumladan, 61 yoshli ayol halok bo‘lgan.

Isroil armiyasi askarlar kamerasida olingan tasvirni tarqatib, harbiylar isroilliklarga qarshi hujumlarni rejalashtirish va amalga oshirishda ishtirok etgan "Islomiy jihod" terrorchilik guruhi a'zolarini nishonga olganini da’vo qildi.

Falastin prezidentining matbuot kotibi reydni qirg‘in deb atab, uch kunlik motam e’lon qildi.

"Xalqimizga qarshi qilingan qayta-qayta tajovuzlar hamda imzolangan kelishuvlarning, jumladan, xavfsizlikka oid bitimlarning buzilishini hisobga olib, biz Isroilning bosqinchi hukumati bilan xavfsizlik bo’yicha muvofiqlashtirish ishlari ortiq mavjud emas, deb hisoblaymiz", - dedi Falastin prezidenti so’zlovchisi Nabil Abu Rudeyna.

Blinken Yaqin Sharqqa safari chog'ida Falastin, Isroil va Misr rasmiylari bilan inson huquqlari va demokratik qadriyatlarni himoya qilish kabi masalalar bo'yicha gaplashadi.

Ammo kuchaygan zo'ravonlik uning tashrifiga soya solishi mumkin. Juma kuni Isroil falastinliklarning otishmasiga javoban G‘azo sektoriga raketa uchirdi.

Yaqin Sharq instituti xodimi Brayn Katulis kabi kuzatuvchilar Isroilning yangi koalitsiya hukumatiga o'ta o'ng vazirlar qo'shilganidan xavotir bildirgan edi. Ularga ko’ra, zo’ravonlik vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

"Bu zo'ravonlik Isroilning yangi hukumati bilan allaqachon murakkab bo'lgan vaziyatni yanada chigallashtirmoqda va hukumatdagi ba'zi ekstremistik toifalar nafaqat Falastinni, balki kengroq mintaqani ham beqarorlashtirishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni ham oshirmoqda”, - dedi Katulis.

Ekspertning aytishicha, Blinkenning safaridan Eron mavzusi ham alohida o’rin olgan. Toʻxtab qolgan yadroviy kelishuv, ayollar huquqlari bo’yicha namoyishlar hamda ularning shafqatsizlarcha bostirilishiga nisbatan AQSh munosabati uchrashuvlarda muhokama qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG