Breaking News

Isroil va "Islomiy jihod" kelishilgan sulhga rioya qilmoqda


G'azo shahri. Isroil hujumlari oqibati
G'azo shahri. Isroil hujumlari oqibati

Isroil va Falastinning “Islomiy jihod” guruhi uch kunlik to’qnashuvlardan so’ng Misr vositachiligida sulhga kelishdi. Isroilning raketa hujumlarida G’azo Sektorida 40 dan ziyod odam, jumladan bolalar nobud bo’ldi.

Xalqaro hayot - 8-avgust, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:54 0:00

Isroil ham, “Islomiy jihod” ham vositachilik harakatlari uchun Misrga minnatdorchilik bildirdi.

Guruh rahbari Ziyod al-Nahalaning Erondagi matbuot anjumanida aytishicha, Isroil “Islomiy jihod”ni sindirmoqchi bo’ldi, ammo buni uddalay olmadi.

“Biz yanada kuchli bo’ldik”, - dedi u.

Naxalaga ko’ra, sulh kelishuvi doirasida Isroil “Islomiy jihod”ning o’tgan dushanba kuni hibsga olingan yana bir rahbari Bassam al-Saadiyni ozod etishga va’da bergan.

To’qnashuv juma kuni boshlangan. Saadiy G’arbiy Sohilda qo’lga olinganidan so’ng “Islomiy jihod” Isroilni jazolash maqsadida uning hududlarini o’qqa tutishga do’q-po’pisa qildi, ammo Isroil birinchi bo’lib zarba berdi.

Tomonlar raketalar almashdi. G’azoda kamida 44 falastinik nobud bo’ldi, salkam yarmi tinch aholi, qurbonlarning 15 nafari bolalar. Yuzlab odam jarohat olgan, uylar vayron bo’lgan.

G’azodan chiqarilgan raketalar Isroilning Tel-Aviv va Ashkelon shaharlariga yog’ildi. Isroilning “Temir gumbaz” havo mudofaasi sistemasi raketalarning aksariyatini urib tushirgan, bir nechtasi pand berib, G’azoning o’zida portlagani aytiladi.

“Islomiy jihod”dan ancha kuchli hisoblangan XAMAS harakati so’nggi mojaroda qatnashmadi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden sulhni olqishlab, Isroil o’zini himoya qilishga haqli ekanini aytdi.

Sulh ketidan Isroil bugun G’azo bilan chegarani ochgan. Sektorda 2,3 million odam yashaydi.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Isroil hujumlarini qoralab, bolalarning o’limini oqlash mumkin emasligini aytdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG