AQSh Davlat departamenti qochqinlarning Qo'shma Shtatlardagi hayotga moslashishiga yordam berish uchun oddiy amerikaliklarni jalb qilmoqchi. Yaqinda shu maqsadda minglab amerikaliklarni yollashni maqsad qilgan yangi dastur ishga tushdi. "Xush kelibsiz” korpusi deb nomlangan dastur tekshiruvdan o’tgan qochqinlarni tekshiruvdan o’tgan amerikaliklar bilan bog’lab qo’yadi. Bu loyiha qochqinlarni joylashtirish dasturini modernizatsiya qilish va kengaytirish bo'yicha olib borilayotgan harakatning bir qismi sifatida taqdim etilmoqda.
Rejaga ko'ra, dasturda qatnashishni istagan AQSh fuqarolari yoki doimiy rezidentlar ariza bilan murojaat qiladi. Agar ma'qullansa, kamida besh kishidan iborat guruh bir qochqinga uch oy davomida homiylik qilish uchun 2275 dollar yig'ish ustida ishlaydi. Dastur Qo'shma Shtatlarda doimiy joylashish niyatida bo'lgan qochqinlarga qaratilgan.
Davlat departamentiga ko’ra, yangi reja AQSh 1980-yillarda qochqinlarga homiylik qilish uchun xususiy tashkilotlar bilan ishlay boshlagandan beri o’tgan 40 yil ichida yuz berayotgan eng katta o'zgarishdir.
Homiylik uchun 10 000 amerikalik qidirilmoqda
Dasturning birinchi yilidagi maqsad 10 000 amerikalikni 5 000 qochqinga homiylik qilish uchun safarbar qilishdir. Departamentning ta'kidlashicha, amaldorlar diniy va fuqarolik guruhlari a'zolarini, faxriylar, diaspora jamoalari, korxonalar, kollejlar va universitetlar va boshqa jamoat guruhlarini dasturga jalb qilmoqchi.
Homiylar qochqinlar uchun yaxshi yo'lboshchi, qo'shni va do'st bo’lish yo’llarini o'rgatadi. Har qanday mamlakatdan kelgan qochqinlar bu dastur asosida yordam olishi mumkin.
Dastur ikki bosqichdan iborat bo‘ladi, deydi Davlat kotibining aholi, qochqinlar va migratsiya masalalari bo‘yicha yordamchisi Julieta Valls Noyes.
"Birinchi bosqichda besh yoki undan ortiq amerikalik yoki qonuniy doimiy rezidentlardan iborat guruhlar xususiy homiylik guruhini tuzish uchun ariza topshirishlari mumkin. Ular shundan so’ng Qo'shma Shtatlarga kelishga ruxsat berilgan qochqin bilan bog’lab qo’yiladi", - deydi rasmiy.
2023-yilning ikkinchi yarmida boshlanishi kutilayotgan ikkinchi bosqichda “Xush kelibsiz” korpusi aʼzosi boʻlgan amerikaliklar xorijda yashovchi qochqinlarni AQShga koʻchirishni tavsiya qilishlari va ularga kelganidan keyin yordam berishi mumkin boʻladi. Davlat departamenti ushbu dastur tafsilotlarini keyinroq shu yil e'lon qilishini aytdi.
AQSh najot boshpanasi maqomini qayta qozonish umidida
So’nggi yillarda AQShning qochqinlarni qabul qilish siyosati qochoqlar tashkilotlari va inson huquqlari guruhlari tomonidan tanqid ostiga olinmoqda
Bayden ma'muriyati bu dastur asosida ko’proq qochqin qabul qilinishiga umid qilmoqda. O'tgan yili Qo'shma Shtatlarga 25 000 dan ortiq qochqin qabul qilingan. Bu Prezident Jo Baydenning yiliga 125 000 qochqin qabul qilish haqidagi maqsadining faqat beshdan bir qismidir.
Bayden Qo'shma Shtatlarni butun dunyo bo'ylab zo'ravonlik va ta'qibga uchraganlar uchun boshpana sifatida tiklashga va'da bergan. Shuningdej, AQSh fuqarosi yoki rezidenti bo’lgan qarindoshlari yoki homiylar orqali keladiganlar soni ham ko’payishiga umid qilinmoqda.
Facebook Forum