Breaking News

Blinkenning Xitoyga safaridan nimalar kutilyapti?


AQSh va Xitoy bayroqlari
AQSh va Xitoy bayroqlari

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Pekinga uyushtirayotgan safari, amerikalik tahlilchilarga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) bilan munosabatlarida jiddiy o'zgarishlar tomon ketayotganini anglatmaydi.

Blinken 2018-yildan beri Pekinga tashrif buyurgan birinchi yuqori darajali AQSh diplomati bo‘ladi.

"Amerika Ovozi" bilan suhbatlashgan Davlat departamenti rasmiysiga ko'ra, ayni paytda har ikki rasmiylari bu yil davlat rahbarlarining yana bir yuzma-yuz uchrashuvini tashkil qilishga hozirlik ko’rmoqda.

Ammo Blinkenning XXR yuqori martabali rahbarlari bilan uchrashuvi katta natijalarga olib kelishi yoki ikki mamlakat o'rtasidagi keskin munosabatlarni yumshatishi haqida umidlar past.

Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Xitoy tadqiqotlari bo'yicha markazi raisi Jyud Blanshetga ko’ra, safar natijasida jiddiy muvaffaqiyatlar haqida xabarlar bo’lishi kutilmayapti.

"So'nggi besh yil ichida munosabatlar qanchalik yomonlashganini hisobga olsak, buni yomon narsa deb o'ylamayman", - dedi Blanshet jurnalistlar bilan muloqotda.

Shu oy Blinken Chikago universiteti Siyosat institutida o’tgan anjumanda aytishicha, AQSh-Xitoy o’rtasida ochiq aloqa kanallarini saqlash munosabatlarni o’zanga solib turadi. U, shunigdek, Vakillar palatasining demokrat Spikeri Nensi Pelosining avgust oyida Tayvanga tashrifidan keyin yuzaga chiqqan keskinlik biroz pasayganini qayd etdi.

Prezident Jo Bayden oxirgi marta Xitoy rahbari Si Zinpin bilan o‘tgan yilning noyabrida Balidagi “Katta yigirmalik” sammiti doirasida uchrashgan edi.

Hindiston 9-10-sentabr kunlari Nyu-Dehlida bu yilgi “Katta yigirmalik” sammitiga mezbonlik qiladi. Noyabr oyida esa San-Fransiskoda AQSh Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi yetakchilari sammitini o’tkazadi.

Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan bosqini

Joriy yilning 24-fevral kuni Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirganiga bir yil to'ladi. AQSh Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga harbiy va moddiy yordam ko'rsatishning oqibatlari haqida Xitoyni ogohlantirganini aytadi.

O'tgan payshanba kuni AQSh G'aznachiligi Xitoyning Changsha Tianyi Fazo tadqiqotlari va texnologiya instituti kompaniyasini Kremlga aloqador “Vagner” yollanma harbiy guruhiga Ukrainaning sun'iy yo'ldosh tasvirlarini taqdim etgani uchun sanksiyaga tortdi.

Bu kompaniyaning Lyuksemburgdagi bo’limiga ham sanksiya qo'yilgan.

AQSh rasmiylari va Xitoy kuzatuvchilari Blinkenning Pekindagi uchrashuvlarida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi kun tartibida bo'lishini aytdi.

“O’tgan yili Xitoyda bo’lgan paytimda Rossiya va Ukrainaga nisbatan Xitoy siyosati qanday bo’lishi kerakilgi haqidagi ichki munozaralar men duch kelgan eng munozarali masalalardan biri edi, - deydi Xitoy biznesi va iqtisodiyoti bo’yicha ekspert Skott Kennedi. - Xitoy ichidagi ko’plab ekspertlar xitoyliklar strategik xatoga yo'l qo'ydi, deb o'ylamoqda".

Ammo omma oldida XXR rasmiylari o’z siyosiy pozitsiyasini o’zgartirgani yo’q.

"AQSh Ukraina inqirozini boshlagan va uni kuchaytirgan eng katta omil", - dedi dushanba kuni Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mao Ning.

Viza bilan bog’liq cheklovlar

Pekin koronavirus pandemiyasi tufayli vizalar berishni toʻxtatgandan keyin amerikaliklar 2020-yil 26-martgacha olgan barcha 10 yillik koʻp martalik sayohat vizalarini ham bekor qildi.

Jorjtaun universitetining Osiyo tadqiqotlari professori Dennis Uaylderga ko'ra, bu Xitoyning sobiq prezident Barak Obama ma'muriyati bilan tuzilgan o'zaro kelishuvga ziddir. Uaylder 2009-yildan 2015-yilgacha AQSh prezidentining kundalik hisobotiga muharrirlik qilgan.

Uaylderning "Amerika Ovozi"ga aytishicha, Blinken XXR rasmiylaridan bekor qilingan vizalarni qayta tiklashni so’rashi mumkin, chunki bu ko'plab xitoylik amerikaliklarga, shuningdek, biznes va ta'lim almashinuvi dasturlariga ta'sir qiladi.

O'z navbatida XXR hukumati pandemiya holatiga qarab chora-tadbirlarni to'g'irlashda davom etishini va xalqaro odamlar o'rtasidagi almashinuvlarni tiklashga yordam berishini aytdi.

Xitoy hukumati matbuot kotibining aytishicha, Xitoyning AQShdagi elchixonasi va bosh konsulliklari 2020-yil 26-martgacha berilgan koʻp yillik, koʻp marta kirish huquqini taqdim etuvchi viza egalari ikki marta kirish huquqini beruvchi va olti oylik yangi vizani bepul olishlari mumkin. Ammo turizm va davolanish uchun beriladigan vizalar bundan mustasno.

Amerikaliklar yangi XXR vizasiga murojaat qilishlari mumkin bo'lsa-da, viza uchun arizada talab qilinadigan keng ko'lamli shaxsiy ma'lumotlar arizachilarga qarshi yoki chet eldagi muxoliflarga bosim o'tkazish uchun ishlatilishi mumkin, deydi ekspertlar.

XXR vizasi uchun ariza topshirishda talabgorning turmush o‘rtog‘i, ota-onasi (hatto vafot etgan bo’lsa ham) va farzandlarining tug‘ilgan sanasi, tug‘ilgan mamlakati, fuqaroligi, manzili va kasbi kabi shaxsiy ma’lumotlar talab qilinadi. Shuningdek, ularning ota-onalari Xitoyda ekanligi yoki yo’qligi ham so’raladi.

Avvalgi to’rt sahifali arizada arizachining oila a'zolari haqidagi ma’lumotlarni yozish ixtiyoriy edi.

Shuningdek, Tayvan yoki Gonkongda tug‘ilganlardan asl ismlarini xitoycha harflar bilan yozilgan hujjatlar, masalan, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar orqali tasdiqlash ham talab etiladi.

XXR hukumati xorijdagi xitoylik amerikaliklarning "zaif tomonlarini qidirmoqda", chunki bunday ma'lumotlardan Xitoyda yashovchi ariza beruvchilarning oilalariga bosim o'tkazish uchun vosita sifatida foydalanish mumkin, deydi Uaylder.

Xitoyga sayohat qilgan AQSh rasmiylari tomonidan taqdim etilgan bunday shaxsiy ma'lumotlardan siyosiy razvedka sifatida ham foydalanishlari mumkin, deydi Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi eksperti Bonni Lin.

AQShning immigratsion bo'lmagan vizalari uchun ariza topshirayotgan Xitoy fuqarolaridan oila a’zolari haqida ma'lumot taqdim etish so’ralsa-da, bu talab u qadar batafsil ma’lumotni o’z ichiga olmaydi. Bundan tashqari, AQSh vizaga murojaat etuvchilarning farzandlari haqida shaxsiy ma'lumotlarni so'ramaydi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi bu masala bo’yicha “Amerika Ovozi”ga izoh berishdan bosh tortdi. XXR elchixonasi matbuot kotibi esa viza arizasida talab qilinadigan oilaviy ma'lumotlar bilan bog'liq savollarga javob bermadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG