Qo’shma Shtatlar va Xitoy kommunikatsiya kanallarini ochiq saqlashga kelishib olgan. Ikki davlat rahbarlari noyabrda “Katta Yigirmalik” sammitida yuzma-yuz muloqot qilgan edi. Ammo ko’pchilik nazarida oradagi ziddiyatlar davom etishi muqarrar.
Noyabr oyida AQSh Prezidenti Jo Bayden saylanganidan buyon ilk marotaba Indoneziyada Xitoy rahbari Si Zinpin bilan yuzma-yuz ko’rishdi. Baydenning aytishicha, yangi sovuq urushga yo’l qo’ymaslik kerak.
Tomonlar munosabatlarni yaxshilashga tayyor ekanini bildirgan. Global masalalar yuzasidan muzokaralar davom etadi, deydi ular.
Buning isboti sifatida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 2023-yil boshida Xitoyga safar qilishi rejalangan.
“Prezidentlar Bayden va Si o’rtasida kechgan muloqotning muhim natijalaridan biri shuki, mamlakatlarimiz aloqa kanallarini ochiq saqlashi lozim. Bu masalada hamfikrmiz. Bu munosabatlarimizni mas’uliyat bilan boshqarish uchun, shuningdek, raqobat mojaroga aylanib ketmasligi uchun zarur”, - deydi Blinken.
Vakillar palatasi sobiq spikeri Nensi Pelosining avgustda Tayvanga safari ketidan Xitoy AQSh bilan iqlim o’zgarishi bo’yicha hamda harbiy muzokaralarni to’xtatgan edi. Amerika delegatsiyasining tashrifidan noroziligini namoyish etish uchun Pekin, shuningdek, o’zini o’zi boshqaruvchi orol atrofida harbiy mashqlar o’tkazdi.
Ammo noyabrda Vashington va Pekin Misrda o’tgan iqlim konferensiyasida ishtirok etib, bu masala bo’yicha dialog jonlanganini diplomatlar olqishlagan.
“Xitoy va AQSh o’rtasidagi maslahatlashuvni samimiy, do’stona, ijobiy va konstruktiv deb tasvirlagan bo’lardim”, - deydi Xitoyning iqlim bo’yicha elchisi Shiye Jenxua.
Biroq tahlilchilar deydiki, ikki davlat o’rtasida raqobat va kelishmovchiliklarga sabab bo’lgan masalalar saqlanib qolmoqda: savdo, texnologiya, inson huquqlari, Tayvan va Janubiy Xitoy dengizidagi tortishuvlar.
“Har ikki tomon harbiy salohiyatini oshiryapti, xususan Hind-Tinch okeanida. AQSh e’tibori o’ta regionda. Xitoy dengiz flotini global kuchga aylantirish harakatida, shuningdek, uzoq masofaga zarba berish qudratini va yadro salohiyatini oshiryapti. Ikki davlat o’rtasida raqobat davom etishi aniq”, - deydi siyosatshunos Set Jouns.
AQSh va Xitoy harbiylari inqiroz paytida kommunikatsiyani yaxshilash yo’llarini ham muhokama qilmoqda. Vashingtonning bildirishicha, mintaqada Xitoy harbiylarining xatti-harakati tobora xavfli tus olmoqda.
Facebook Forum