Breaking News

AQSh senatorlari Xitoyni namoyishchilarga qarshi kuch qo’llamaslikka chaqirdi


AQShning 40 dan ortiq senatorlari Xitoy hukumatiga maktub yo’llab, namoyishchilarga qarshi kuch qo’llamaslikka chaqirmoqda. Zo’ravonlik Vashington-Pekin munosabatlariga putur yetkazadi, deydi ular.

“Biz Xitoy Kommunistik partiyasining namoyishlarga munosabatini yaqindan kuzatyapmiz”, deyiladi Xitoyning Vashingtondagi elchisiga yo’llangan xatda.

“Shunchaki ko’proq erkinlik xohlayotgan namoyishchilarni yana bir bor zo’ravonlik bilan bostirmaslik haqida ogohlantiryapmiz”, deya yozdi senatorlar 1989-yilda Tiananmen maydonida yuz bergan qonli namoyishlarga ishora qilib.

So’nggi kunlarda kuchli karantin choralariga qarshi keng ko’lamli namoyishlar Xitoyni larzaga keltirdi. Mamlakatda koronavirusdan kasallanish bo’yicha kundalik raqamlar yuroqi bo’lsa-da, hukumat ayrim joylarda cheklovlarni yumshatishga qaror qilgan.

Shanxay va 13 million aholi yashaydigan Guanjou shahrining o’nlab tumanlarida jamoat transporti qatnay boshlagan. Savdo markazlari va restoranlar qayta ochilgan.

Ko’chalardan barrikadalar olib tashlanmoqda. Koronavirus testidan o’tish uchun uzun navbatlar tugatilgan.

Millionlab odamlarga bir necha oydan beri uyda o’tirish buyurilgan edi. Ammo infeksiya darajasi yuqori bo’lgan, hukumat xavfli deb bilgan hududlarda cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Xitoyning pandemiyaga qarshi kurash bo’yicha mas’ul rasmiylaridan biri, bosh vazir muovini San Chunlan mamlakat “yangi bosqichga” qadam qo’yayotganini ta’kidlamoqda. Kuzatuvchilar fikricha, bu namoyishlar ketidan hukumat yondashuvi o’zgarayotganidan darakdir.

O’tgan kunlar ichida Xitoyda karantin choralariga qarshi ommaviy norozilik aksiyalari kuzatildi. Tartibsizliklarga Shinjon poytaxti Urumchidagi ko’p qavatli binolardan birida ro’y bergan yong’in va unda o’nlab odam halok bo’lgani turtki bergan edi.

Ko’pgina xitoyliklar nazarida kovid cheklovlari yong’inni bartaraf etishga to’sqinlik qilgan. Uyg’urlar bino eshiklari qulflangani bois ayrimlar olov ichida qolib ketganini aytadi.

Namoyishlar ro’y bergan joylarga katta sonda politsiyachilar safarbar etilgan. Cheklovlar yumshatilishi ketidan vaziyat biroz tinchigan bo’lsa-da, namoyishlarda ishtirok etganlarga nisbatan surishtiruv ishlari boshlangani, fuqarolar politsiya idoralariga chaqirtirilayotgani, telefonlari tekshirilayotgani, so’roq qilinayotgani haqida xabarlar bor.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken namoyishchilarga qarshi repressiv usullar qo’llanganini “zaiflik belgisi” deya tanqid qildi. Uning aytishicha, Xitoy hukumati aholi ehtiyojlariga javob beradigan, koronavirusga qarshi kurashishning samarali yo’lini topishi lozim, jumladan xavfsiz va effektiv vaksinalar orqali.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Blinkenning so’zlarini qoraladi.

“AQShning muammolari o’ziga yetarli. Ular qo’llagan strategiya eng ko’p infeksiya va dunyo bo’yicha eng ko’p o’limga olib keldi. Shunday ekan, Amerika Xitoyga bu borada aql o’rgatish huquqiga ega emas. Amerika o’z xalqi murojaatlariga quloq tutib, o’z muammolarini hal qilsin”, - deydi vazirlik so’zlovchisi Jao Lijian.

Rasmiyga ko’ra, Xitoy hukumati aholi salomatligi, xavfsizligi va hayotini birinchi o’ringa qo’yib, virusga qarshi choralar ko’rmoqda.

Pekin namoyishchilar “xorijiy kuchlar” bilan til biriktirganlikda ayblagan.

Xalqaro hayot – 2-dekabr, 2022
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:12:40 0:00

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG