Qo'shma Shtatlar Osiyodagi hamkorlarini, xususan Filippinni Xitoy hamlalaridan himoya qiladi. Vitse-prezident Kamala Harris bu haqda Manilada Prezident Ferdinand Markos bilan muloqotda bildirgan.
Filippinning oldingi rahbari Rodrigo Duterte davrida Vashington bilan aloqalar sovugan edi. Iyun oyida hokimiyatga kelgan Markos Amerika bilan har sohada ishlashga tayyor ekanini aytgan.
Harris Filippin vitse-prezidenti bilan ham uchrashgan. Bu lavozimda esa oldingi prezidentning qizi Sara Duterte o'tiribdi. Uning otasi zamonida qoradori savdosiga qarshi olib borilgan kurashda inson huquqlari qo'pol tarzda buzilgani qayd etilgan va bu borada katta tekshiruv boshlangan.
"Biz Janubiy Xitoy dengizida xalqaro tartib va qoidalarga binoan ish tutilishini ta'minlashda siz bilan birgamiz", - degan Harris Filippin rahbariyati bilan suhbatda.
"Filippin qurolli kuchlari, jamoat kemalari va havo vositalariga qarshi tahdidlarga jiddiy qaraymiz va chora ko'ramiz. Bu borada siz bilan kelishuvlarimiz bor", -deya eslatgan AQSh vitse-prezidenti.
Markos nazarida esa Filippin kelajagi Amerika bilan chambarchas bog'liq.
AQSh bu davlat bilan murakkab va uzoq tarixga ega. Qolaversa, Markoslar oilasi bilan azaliy rishtalar mavjud.
Markosning otasi, keksa Ferdinand Markos, uzoq yillar diktator bo'lgan. AQSh uni quvvatlagan, chunki sovuq urush davrida Markos G'arb tomonda edi.
Duterte prezidentlikka kelgach, Vashington bilan til topisha olmadi. 2016-yilda u o'sha paytda Oq uyda bo'lgan Barak Obamani haqorat qilib, uni "fohishaning onasi", deb atagan. Sabab - Obama Dutertening narkotik biznesiga qarshi noqonuniy choralarini tanqid qilgan.
Bayden ma'muriyati hozirda bu ziddiyatlarni chetga surib, Manila bilan yaqindan ishlash harakatida.
2014-yilda imzolangan kelishuvga ko'ra, AQSh Filippinning besh bazasida harbiy vositalar va qurol-yarog' saqlaydi. Amerika askarlari bu bazalarda xizmat qiladi.
Duterte bu bitimga qarshi chiqqan, unga amal qilmagan, biroq endilikda hujjat yangilanib, tomonlar Xitoy bosimiga qarshi birga harakat qilishga bel bog'lagan.
Pentagon Manila bilan hamkorlikni kengaytirish yo'llarini muhokama qilmoqda.
Harris Filippinning Palavon oroliga ham borib, harbiylar bilan gaplashmoqda. Bu orol Janubiy Xitoy dengizida joylashgan.
Bu dengizga Pekin xo'jayin ekanini da'vo qilib keladi. Xitoy hukumatiga ko'ra, bu suvning deyarli hammasi unga tegishli.
Filippin, Vyetnam, Malayziya va Bruney nazarida esa Xitoy ochko'z, aslida dengizning katta qismi ularning hududiga kiradi.
Xalqaro tribunal 2016-yilda Pekin da'volarini asossiz deb qaror chiqargan.
Harris Osiyo bo'ylab safari davomida Osiyo-Tinch okeani hududida AQSh Xitoy agressiyasiga toqat qilmaydi, deya ta'kidlamoqda.
Harris Bangkokdagi mintaqaviy yig'inda Xitoy rahbari Si Zinpin bilan uchrashgan.
Harris deydiki, Amerika Xitoy bilan ochiq va dangal gaplashadi va o'zaro manfaatlar yo'lida bir yoqadan bosh chiqaradi.
Ekspert Greg Poling kuzatishicha, "Harris tashrifi Filippinga umid bersa, Xitoy asablarini taranglashtirmoqda".
Vashington va Manila yana bir kelishuvga intilmoqda - atom energiyasi ishlab chiqarish. AQSh Filippinga yadroviy reaktorlarini sotishi kutilmoqda.
Markos muqobil energiya manbalarini rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Bayden ma'muriyati ham shunday yondashuv tarafdori
Lekin rasmiylarning aytishicha, orada kelishib olinishi kerak bo'lgan masalalar talay.
Facebook Forum