Breaking News

ASEAN yig’inida Myanma inqirozi, Shimoliy Koreya tahdidi muhokama qilindi


Myanmada siyosiy inqiroz, Shimoliy Koreya tomonidan davom etayotgan tahdidlar va Xitoy bilan raqobat fonida AQSh Prezidenti Jo Bayden Kambodjada Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasiga (ASEAN) a’zo davlatlar yetakchilari bilan uchrashdi.

Yig’inning ochilishida so’zlagan Baydenning ta’kidlashicha, bu mintaqadagi jarayonlarni yirik davlatlar o’rtasidagi raqobat emas, balki 10 mamlakat a’zo uyushma qarorlari belgilashi lozim.

“ASEAN AQShning Hind-Tinch okeani strategiyasi markazida yotadi. Biz kuchga to’lgan, birlashgan ASEAN bilan hamkorlik qilishda davom etamiz”, - deydi AQSh prezidenti.

Oq uyga ko’ra, Kambodjani 1985-yildan beri boshqarib kelayotgan Bosh vazir Xun Sen bilan ikki tomonlama uchrashuvda Bayden 2023-yilgi saylovlar oldidan siyosiy maydonni ochishga, siyosiy ayblovlar bilan qamoqqa olinganlarni ozod etishga undagan.

Ammo Pnompen Pekin bilan yaqin aloqada ekan, AQShning imkoniyatlari cheklangan.

“G’arb davlatlari, ayniqsa AQSh tomonidan bosim bo’lganda Xitoy doim Kambodja hukumatiga madad beradi. AQSh sanksiya qo’ysa, Xitoy Kambodja hukumatiga iqtisodiy yordam uzatadi”, - deydi tahlilchi Bunna Van.

Shu hafta Pekin Kambodjaga taraqqiyot loyihalari uchun 27 million dollar ajratishga va’da berdi.

Vashingtonning yana bir xavotiri shuki, Kambodja Xitoy harbiy kemalarining Tailand ko’rfazidagi “Ream” harbiy bazasidan yashirincha foydalanishga ruxsat berayotgan bo’lishi mumkin. Joriy yilda bu bazani ta’mirlash uchun Xitoy mablag’ ajratgan edi.

“Prezident “Ream” bazasidagi vaziyat yuzasidan xavotirini bildirib, Xitoy harbiylarining u yerdagi faoliyati shaffof bo’lishi muhimligini ta’kidladi”, deyiladi Oq uy bayonotida.

ASEAN doirasidagi uchrashuvlardan keyin Jo Bayden “Katta Yigirmalik” sammitida ishtirok etish uchun Indoneziyaga jo’nab ketdi.

Myanmaga ogohlantirish

ASEAN yetakchilari Myanmani boshqarayotgan harbiy xuntani 2021-yilda qabul qilingan besh bandlik tinchlik rejasiga amal qilishga chaqirdi. Aks holda, Myanma uyushmaning keyingi majlislaridan ham chetlatiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, bu davlatda 13 million odam ochlikda hayot kechirmoqda. Harbiylar amaliyotlarini davom ettirayotgani, uylarga o’t qo’yayotgani va aholini o’ldirayotgani bois 1,3 million odam uy-joyini tashlab ketgan.

Kelasi yili ASEANga raislik qiluvchi Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo mintaqaviy yig’inlarga Myanmadan faqatgina nosiyosiy vakillarni taklif etish tarafdori ekanini aytdi.

Jakartadagi “Synergy Policies” tahlil markazi rahbari Dinna Raxarja fikricha, Myanma inqirozi ASEAN oldidagi “eng katta nozik masaladir” va uni global geosiyosiy ziddiyatlardan, jumladan Rossiyaning Ukrainadagi urushidan ajratib bo’lmaydi.

Myanma, deydi u, Ukrainaga hujum boshlanganidan buyon Rossiyaga yon bosmoqda, Moskva esa xuntani qurol-yarog’ bilan ta’minlaydi va uni diplomatik jihatdan qo’llab-quvvatlaydi. BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiya va Xitoy Myanma rahbarlarini har qanday jazodan himoya qiladi.

BMTning Myanma bo’yicha maxsus ma’ruzachisi Tom Endryus deydiki, Ukrainada qo’llanilayotgan rus qurollari Myanmada ham aholini o’ldirish uchun ishlatilmoqda. Uning aytishicha, harbiy xuntaga qarshi sanksiyalar va qurol embargosi joriy etilishi lozim.

Shimoliy Koreya

Pnompenda Bayden Yaponiya va Janubiy Koreya yetakchilari bilan uchrashib, Hind-Tinch okeani mintaqasidagi xavfsizlik, xususan, Shimoliy Koreyaning raketa va yadroviy dasturlaridan kelayotgan tahdidni muhokama qilgan.

Pxenyan yaqinda qo’shni davlat chegarasi yaqinida harbiy parvozlarni, bir qancha raketa sinovlarini amalga oshirdi. Shimoliy Koreyaga ko’ra, bu Seul-Vashington qo’shma harbiy mashg’ulotlariga javobdir.

Oq uyning xavfsizlik bo’yicha maslahatchisi Jeyk Sallivanning aytishicha, Prezident Bayden Xitoy rahbari bilan uchrashuvida bu masalani ko’taradi. Ikki prezident muloqoti 13-noyabr kuni Indoneziyada “Katta Yigirmalik” sammiti doirasida o’tadi.

“Agar Shimoliy Koreya shu yo’lida davom etsa, AQSh mitnaqada harbiy salohiyatini yanada kuchaytiradi. Xitoy bu davlatni jilovlashda konstruktiv rol o’ynashdan manfaatdor. Ular bunga qaror qiladimi, yo’qmi, albatta o’zlariga bog’liq”, - deydi Sallivan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG