Myanmaning rohinja musulmonlari uy-joylaridan qochganiga 25-avgust kuni 5 yil to’ldi. Bangladeshning Myanma bilan chegaradosh Koks-Bazar shahridagi yirik qochqinlar lagerida yashovchi rohinja xalqi vakillari bu sanani qayg’u bilan esga oldi.
2017-yilda Myanmaning Rakxayn shtatida yashagan 730 mingdan ortiq musulmonlari harbiylar zulmidan qochishga majbur bo’lgan. Ko’plar qo’shni Bangladeshda boshpana topdi. Haddan ziyod to’lgan lagerlarda yashayotgan bu odamlar adolat qaror topishiga umid qilmoqda.
Bir yil oldin Myanmada davlat to’ntarishi oqibatida harbiylar hokimiyatga kelib, aholiga zulmni kuchaytirdi.
Tahlilchilar 2017-yildan beri davom etayotgan harbiy jinoyatlar fosh etilayotganini aytadi.
“Harbiylar sodir etayotgan og’ir jinoyatlar xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushdi. Myanmada rohinjalarga qarshi zulmga oldin ishonmagan, harbiylar yolg’onlariga laqqa tushgan ayrim guruhlarning ko’zi ochildi”, - deydi “Xalqaro qochqinlar” tashkilotidan Den Sallivan.
Vataniga qaytish orzusida yashayotgan qochinqlarning lagerdagi hayoti hamon og’ir. Ular qiyin sharoit va cheklovlarga yuz tutgan.
BMTning Inson huquqlari bo’yicha Oliy komissari Mishel Bachelet shu oy Bangladeshda bo’lib, qochqinlar vakillari bilan repatriatsiya haqida gaplashdi.
“Qochqinlarning hammasi o’z yurtiga qaytishni istaydi. Biroq Myanma fuqaroligini olish sharti bilan qaytishmoqchi. Huquqlarining hurmat qilinishini, turmushlarining tiklanishini, yerlarining qaytarilishini, mamlakatning bir qismi bo’lishni xohlashadi”, - deydi BMT rasmiysi.
Rohinjaliklar Myanmada barcha huquqlaridan, fuqaroligidan ayrilgan edi. Ularning Rakxayn shtatida qolgan oz sonli millatdoshlari ham teng huquqqa ega bo’lishni va tan olinishni istaydi.
Harbiy to’ntarish oqibatida joriy etilgan harakatlanish cheklovi natijasida oziq-ovqat qimmatlab, bu xalq vakillari iqtisodiy tomondan ham qiynalmoqda.
“Rohinjalar uchun imkoniyatlar o’ta kam. Qochqinlarning uylariga qaytishi uchun hech qanday tayyorgarliklar ko’rilmagan”, - deydi Rakxaynda gumanitar ishlar bilan shug’ullanuvchi bir odam.
Myanmada roxinjaliklarga qarshi qatliom sodir etilganini da’vo qilayotgan Xalqaro jinoiy sud
Myanma harbiy xuntasi e’tiroziga qaramay, o’tgan oy sud jarayonini davom ettirishga qaror qildi.
“Xunta jazosiz qolmoqda. Mamlakatlar o’zaro kelishib va yaxshiroq muvofiqlashtirgan holda sanksiyalarni kengaytirish kerak, jumladan neft va gaz sohalarida, qurol embargosini joriy etib, gumanitar yordamni kuchaytirish kerak”, - deydi Sallivan.
Facebook Forum