Yaqinda Vashingtondagi Xolokost muzeyiga tashrif buyurgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Myanmada rohinja musulmonlariga qarshi qirg’inni genotsid deb atadi. Muzeydagi ko’rgazmada bu etnik guruh sistematik ravishda qirilgani aks etgan.
Bir paytlar Birma deb atalgan mamlakatda, hozirgi Myanma g’arbida harbiylar 2017-yilda Rakxayn shtatida yashovchi musulmon jamoalarga hujum qilgan. Uylar, maktablar, do’kon va masjidlarga o’t qo’yilgan. To’qqiz mingdan ziyod rohinja o’ldirilgan.
Vashingtondagi Xolokost memorial muzeyida “Birmaning genotsid yo’li” nomli ko’rgazma tashkil etilgan. Myanma musulmonlarining ahvoli videolar, suratlar, tarixiy hujjatlar va guvohlarning shaxsiy hikoyalari orqali tasvirlab beriladi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Myanma armiyasining rohinjalarga qarshi amalga oshirgan keng qamrovli va sistematik vahshiyliklari genotsiddir.
“Birma armiyasi insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani haqida xulosa qildik”, - deydi Blinken.
“AQShning bu qarori genotsid jinoyatini inkor etishga yo’l bermaydi, hammasi hujjatlashtirilgan. Blinken o’z nutqida qanday qilib bu xulosaga kelinganini tushuntirib berdi. Dalillarni nafaqat bu ko’rgazmada ko’rishingiz mumkin, balki ularni Davlat departamenti, mustaqil tergovchilar va rohinjalarning o’zlari ham to’plagan”, - deydi muzey vakili Andrea Gitlman.
BMT Qochqinlar agentligiga ko’ra, 2017-yildan buyon taxminan 900 ming rojinja musulmonlari Myanmaning Rakxayn shtatini tark etib, Bangladeshdan boshpana topgan. Omon qolganlar farzandidan, eridan, ota-onasidan ayrilganini aytadi.
Ularning ko’chishi o’nlab yildan beri davom etayotgan sistematik tazyiq va repressiyalarning dahshatli oqibatidir, deydi suhbatdosh.
“Biz bilan gaplashgan rohinjalar bir vaqtlar Birmada oddiy hayot kechirganini aytadi. Ular davlat idoralarida ishlagan, o’qituvchi bo’lgan, universitetda tahsil olgan. Bu mamlakatda boshqalar kabi ularning ham huquqi bo’lgan, imkoniyatlardan foydalangan. Jamoa sifatida ozchilik bo’lsa-da, ularga ilgari hozirgi kabi munosabatda bo’lishmagan”, - deydi Gitlman.
Ammo sekin-asta, deydi u, Myanma harbiy rejimi rohinjalarning fundamental huquqlarini toptay boshladi. Ularning ID kartalari musodara qilindi. 1982-yilga kelib, asosan buddistlardan iborat mamlakatda musulmon ozchilik tan olinmay qo’yildi.
“1982-yilgi qonun aksar rohinjalarni fuqarolikdan mahrum etishga sababchi bo’lgan omil hisoblanadi. Endi ular fuqaroligi yo’q jamoa. Fuqarolik bekor qilingach, diskriminatsiya va ta’qiblab ham kuchaygan”, - deydi Gitlman.
Ta’qibdan qochgan rohinjalar bugungi kunda Bangladeshdagi gavjum lagerlarda yashaydi. Ko’pchiligi odam savdogarlari qurboniga aylanmoqda.
Qochqinlardan biri Nur Muhammad yaxshiroq hayot izlab, lagerdan ketish ilinjida.
“Lagerda ahvol juda yomon. Bitta xonada sakkiz kishi yashaymiz: xotinim, ota-onam va bolalarim. Joy yetarli emas. Boshqa davlatda hech bo’lmaganda asosiy huquqlarga ega bo’lamiz”, - deydi u.
Gitlmanga ko’ra, genotsidlar sodir bo’lishidan ancha oldin barataf etilishi darkor, Xolokost muzeyidagi ko’rgazma mana shu haqda eslatib turadi.
“Ogohlantiruvchi belgilar doim mavjud. Tinch aholi himoyasi prioritet deb belgilansa, chora ko’rish mumkin. Rohinjalarga qarshi genotsid, Ukrainada tinch aholiga hujumlar – vaqtida chora ko’rilmaganini anglatadi”, - deydi u.
Facebook Forum