Breaking News

Filadelfiya ahli Rohinja qochoqlariga ko'mak ko'rsatmoqda


Myanmani tark etgan ko'plab Rohinja musulmonlari AQShga kelishdan oldin boshqa davlatlarda yashagan. Malayziyadan kelgan qochqinlarning bir qismi Filadelfiya shtatiga joylashdi. Ular Malayziyada haq-huquqsiz yashagan, hatto bolalari davlat maktablariga borish imkoniyatidan mahrum bo'lgan. Filadelfiya musulmonlari va ko'ngilli nasroniylar ularga ko'mak ko'rsatmoqda.

O'tgan yil oktabrdan bu yil aprelgacha AQSh qabul qilgan 2100 nafar Birma qochqinlarining qariyb besh foizi Filadelfiya shtatiga kelib joylashdi.

Janubiy Filadelfiyada rohinjaliklar aksariyati asli indoneziyalik bo'lgan musulmonlar yashovchi mahallalardan qo'nim topdi.

Ularning bolalariga haftalik islomiy maktab tashkil qilindi. Maktab direktorining aytishicha, bu dasturdan maqsad qochqin bolalarning ta'limsiz qolishiga yo'l qo'ymaslik.

"Bu ishlar Filadelfiyadagi musulmonlar jamoasini birlashtiradi va bolalarimiz ham bir-birini yaxshi o'rganadi", - deydi direktor.

Bolalar haftada bir kun islomni o'rganadi. Nasroniy ko'ngillilar kelib, dunyoviy fanlardan ham saboq bermoqda. O'quvchilarning ko'pi rohinjaliklar. Nasroniy Daniel Domanskiga ko'ra, bu ish qochqin bolalarning yangi muhitga moslashishiga yordam bermoqda.

"Biz ularning Amerikada musulmon yoki rohinja bo'lgani uchun qiynalishini xohlamaymiz. Bu yerda mehr ko'rishlarini istaymiz. Ularga quloq tutib, ular haqida ko'proq o'rgansak, ular ham biz haqimizda ko'proq bilishadi va shu tariqa do'stlashamiz", - deydi u.

Filadelfiyada yuzdan ortiq rohinjalik muhojir bor. Ularning ko'pi Malayziyadan kelgan va indoneziyaliklar bilan turmush qurgan.

Ismoil bu yerda nafaqat ish topganidan, balki farzandlari maktabga borayotganidan ham xursand.

"Qizimga Malayziyada maktabga borishiga ruxsat berishmaganda yig'lagandi. U xususiy maktabga borishni xohladi. Bolalarimni birinchi o'ringa qo'yishim kerak. Qochoqligim ularga ta'sir qilishini xohlamayman. Ularni o'ylashim kerak", - deydi Ismoil.

Haftalik islomiy maktablar hamda nasroniy qo'shnilarning ko'magi bilan musulmon muhojirlarning yangi mamlakatga ko'nikishi oson kechyapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG