Breaking News

AQShdagi rohinjaliklar jamoasi Myanmadagi vaziyatdan tashvishda


AQShdagi rohinjaliklar jamoasi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

Yuz minglab rohinja musulmonlari Myanma (sobiq Birma) harbiylari zug'umidan qochib qo'shni Bangladeshga o'tgan. BMT Birma armiyasi hujumlarini "etnik tozalash" deb atadi. AQShdagi ko'plab rohinja muhojirlari ham vatanlaridagi gumanitar inqirozni yaqindan kuzatib bormoqda.

2012-yil Chikagoga kelgan Abdul Jabbor Amonulloh Myanmaning Rakxayn shtatidagi oilasi bilan doimiy aloqada. Ammo so'nggi xabarlar xavotirli.

"Ular menga harbiylar o'rab olganini, ahvol juda yomonligini aytishyapti", - deydi u.

Abdul Jabbor so'nggi bor qishlog'ini videoda ko'rdi: u kuyib kul bo'layotgan edi.

"Kim o't qo'yganini bilmaymiz, uylar yonib ado bo'ldi", - deydi Abdul Jabbor.

U yong'in ortida harbiylar yoki ularga aloqador guruhlar turganini taxmin qiladi. Myanma hukumati esa bezorilarni ayblab, muammo bo'rttirilayotganidan e'tiroz bildirdi. Haqiqatni aniqlash qiyin, chunki hukumat jurnalistlarni hududga kiritmaydi.

Ammo qochayotganlarning aytayotgan gapi bitta.

"Hamma aytayotgan gaplar bir-biriga juda o'xshash. Harbiylar bostirib kelyapti, qishloqlarni yoqishyapti, odamlarni otishyapti. Ayollarning o'g'irlanayotgani haqida ham xabarlar ko'p. 12 yosh va undan kattalar o'g'irlanib, zo'rlanyapti. Odamlar o'zlari bilan hech narsa olib ketmasdan, toqqa qarab qochishyapti", - deydi shifokor Imron Akbar.

Akbar yaqinda Bangladeshda yuz minglab rohinjaliklar yashayotgan qochoqlar lagerida bo'lib qaytdi.

"Ovqatga navbat turganlar uzunligi kilometrlarga cho'zilgan. Har kuni yomg'ir yog'adi. Yo'llar loy, ko'pincha mashinalar yurishi imkonsiz. Sanitariya abgor, hojatxonalar yo'q. Vabo va boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi uchun eng qulay muhit paydo bo'lgan", - deydi u.

Surat va videolardan dalillar yig'gan Akbar AQSh qonunchilariga yordam so'rab murojaat qildi. U Chikagodagi Rohinja madaniy markazida senator Dik Durbin bilan gaplashdi.

"Biladiganimiz shu. Myanmada bugun etnik tozalash sodir bo'lyapti", - deydi senator Durbin.

Qonunchiga ko'ra, Myanma bilan harbiy aloqalarni zudlik bilan to'xtatish kerak.

"Ular BMT kuzatuvchilari Myanmaga kirib, rohinja xalqi yashayotgan barcha hududlarni tekshirishiga ruxsat berishi kerak. Shunga ruxsat berishmaguncha AQSh yordam jo'natmasligi lozim", - deydi u.

Qishlog'idan xabar kutayotgan Abdul Jabborning aytishicha, AQSh hukumati qanday chora ko'rsa ham, hali kech emas.

"Harbiylar hanuz o'sha ishlarni qilishyapti. O't qo'yib, odamlarni o'ldirishyapti. Avvalo, shularni to'xtatishimiz kerak. Senator Durbindan umidim shuki, u ovozini ko'tarib, Kongressga va prezidentga Birma hukumatiga qarshi zudlik bilan chora ko'rish kerakligini aytadi", - deydi u.

Abdul Jabbor bu choralar orqali yarim milliondan ortiq odamni qochoqqa aylantirgan gumanitar inqiroz to'xtashidan umidvor.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG